Superliganing 18-turida "Bunyodkor" yana mag'lubiyatli seriyasini davom ettirdi. Bu safar ular o'z uyida qo'qonliklarga 0:1 hisobida mag'lub bo'ldi. Mezbonlar bosh murabbiyi Ilyos Zeytullayev esa matbuot anjumanida qatnashib, savollarga javob qaytardi.
— Men "mag'lubiyat" deb aytmagan bo'lardim, natija deb aytaman. Har kim voqealarga o'z nuqtai nazaridan qaraydi. Men murabbiy sifatida shuni aytishim mumkin: agar biz 5:0, 6:0 yoki 7:0 hisoblarida mag'lub bo'lganimizda, men juda chuqur o'ylangan bo'lardim. Ammo biz yettinchi o'yindan beri minimal hisoblarda mag'lub bo'lyapmiz. Demak, jamoa hali tirik. Albatta, ayrim jihatlarda kamchiliklar bor. Lekin oldinga qarab harakat qilishimiz va oxirigacha kurashishimiz kerak.
— Siz o'zingiz ham juda to'g'ri tahlil qildingiz. Bunday maydonda kombinatsion futbol o'ynash qiyin bo'ldi. Nima deb o'ylaysiz, boshqa uslubda o'ynash kerak emasmidi?
— Biz boshqa futbol o'ynay olmaymiz. Bu bizning DNKimizda yo'q. Bizning o'zligimiz — akademiyadan boshlab "Bunyodkor"da shakllangan futbol uslubi bor. Biz kombinatsion futbol orqali o'ynashga, hech bo'lmasa, harakat qilishga urindik.
Maydon holatini o'zingiz ham ko'rdingiz. Bu, albatta, juda katta muammo. Chunki hozirgi tarkibimizdagi futbolchilarning aksariyati baland bo'yli emas, ular texnik jihatdan yaxshi tayyorlangan, qisqa paslar asosida o'ynaydigan futbolchilar. Biz uchun 10–15 metrlik qisqa paslar muhim. Shuning uchun boshqa uslubda o'ynay olmaymiz. O'tgan yili jamoada Luis bor edi. O'sha paytda tirik qolish, ya'ni quyi ligaga tushib ketmaslik uchun boshqa futbol o'ynardik: to'pni unga uzatardik, qanotga chiqarardik, krosslar qilardik. Shu orqali natija qilishga harakat qilardik. Agar menga "Andijon"ga qarshi yana bir marta huddi shu sharoitda o'ynash imkoniyati berilsa, yana huddi shunday tarkib va reja bilan maydonga tushgan bo'lardim. Chunki o'yinning uchinchi daqiqasida biz juda oddiy, tajribali futbolchi yo'l qo'ymasligi kerak bo'lgan xatoga yo'l qo'ydik. Balki dastlabki o'n daqiqada soddaroq o'ynash kerak edi. Biz o'zimiz golni sovg'a qildik va raqib bundan foydalandi.
Umuman olganda, maydon biz istagan yoki intilayotgan futbolni o'ynashga imkon bermadi. Texnik jihatdan kuchli futbolchilar uchun maydon qanchalik sifatli bo'lsa, imkoniyat ham shunchalik ko'payadi. To'p sakramaydi, yerda nazorat qilish oson bo'ladi. Shunda sen yorib beruvchi pas berishing, birga-bir vaziyatda raqibni aldashing yoki qanotdan to'p uzatishing mumkin. Natija qanday bo'lar edi — buni hech kim bilmaydi. Balki yana mag'lub bo'lardik, balki yo'q. Buni hech kim aniq ayta olmaydi.
— "Matchday"da birinchi davrada "Bunyodkor"ning o'yinlarida mikrofon va kameralardan foydalanilganini ko'rganmiz. Murabbiylar o'rtasidagi suhbatlar, taktik ko'rsatmalar efirda berilgan. Ba'zi murabbiylar mikrofonni olib tashlashni so'raydi, chunki raqib asosiy rejalarni bilib olishidan xavotirda bo'ladi. Siz esa bu ochiqlikka qanday qaraysiz?
— Menimcha, buni ancha oldin yo'lga qo'yish kerak edi. Hozir Netflix orqali Artetani, Gvardiolani, Kloppni eshitish mumkin. Ular kiyinish xonasida taktika haqida bemalol gapirishadi. Internetda futbolda yangi narsa qolmagan — deyarli barchasi bor. Shuning uchun biz, O'zbekistondagi murabbiylar nima gapirayapganimiz juda katta sir emas. U yerda jahondagi eng kuchli murabbiylar ham taktikalarini aytib berishyapti.
Menimcha, bu muxlislar uchun juda qiziq. O'zbekistondagi futbol ishqibozlari futbol bilan yashaydi, ular hissiyot bilan yashaydi. Nima uchun ularga boshqa kontent bermasligimiz kerak?
Men buning yomon tomonini ko'rmayapman. Aksincha, bu odamlarni futbolda yanada yaqinlashtiradi. Ular murabbiyning hissiyotini sezadi, futbolchi qaerda harakat qilayotganini ko'radi. Menimcha, bu yaxshi amaliyot.
— Bizda esa, aksincha, kamera yaqinlashishi bilan "kamerani o'chiring, ovozni o'chiring" degan holatlar ko'p uchraydi. Sizningcha, nima uchun?
— Chunki bizda shunday qarash bor: "Hammasini o'zgartiryapti, demak, nimadir rejalashtiryapti", deyishadi. Lekin amalda besh daqiqadan keyin baribir hamma narsa maydonda ko'rinadi — kim qaerda o'ynayapti, kim qayerga harakatlanayapti. Odamlar esa murabbiylarning gaplarini eshitishni xohlaydi. Siz to'g'ri aytdingiz: muxlislar boshqa kontent, boshqa sifatni xohlayapti.
Kim qaerda o'ynayapti, kim qayerga ochilyapti — shu narsalar ularga qiziq. Shuning uchun men bu masalada murabbiylar ko'proq ochiq bo'lishi kerak, deb hisoblayman.
— Dema, siz ochiqlik tarafdorisiz?
— Ha, menimcha, bu umuman madaniy bir yutuq bo'lishi mumkin. Nimani yashirish kerak, masalan? Agar senda yashiradigan hech narsa bo'lmasa, ochiqsan, butun hafta ishlagansan — nimaga nimanidir yashirishing kerak?
Albatta, ayrim narsalarni oshkor qilish shart emas. Lekin nima uchun ochiq bo'lmasligimiz kerak? Masalan, bizga kimdir kelsa, undan nimadir o'rganish uchun taklif qilamiz. Nima uchun o'zimiz ham undan nimadir o'rganmasligimiz kerak? Fabio ham ochiq inson. U bilan gaplashib, nimadir o'rganish mumkin. Boshqa mutaxassisdan yaxshi narsani o'rganish — bu imkoniyat. Nima uchun undan foydalamasligimiz kerak? Shuning uchun men ko'proq ochiqlik tarafdoriman. Bu juda yaxshi bo'lar edi.
— Hozirgi vaziyatda jamoa nima uchun o'ynayapti? Klubda prezident yo'q, mukofotlar, maoshlar bilan bog'liq muammolar bor. Shunday sharoitda futbolchilarni nima rag'batlantirayapti? Ularning maqsadi nima?
— Juda yaxshi savol. Biz nima uchun o'ynayapmiz? Avvalo, yoshlarni rag'batlantirish, ularga ishonch va ilhom berish uchun. Albatta, har bir futbolchiga individual yondashish kerak. Masalan, oilasi bor katta yoshdagi futbolchilarni rag'batlantirish juda qiyin. Shunga qaramay, ular kurashyapti, jamoani tark etishmadi, klubga yordam berishni xohlayapti. Yosh futbolchilar uchun esa o'zini ko'rsatish imkoniyati juda katta.
Biz qolganimiz, klubni tark etmaganimiz uchun murabbiylar shtabi zimmasiga katta mas'uliyat tushdi. Albatta, Superliga bilan xayrlashish xavfi bor. Lekin men bu klubga va bu yosh futbolchilarga yordam berish uchun qolganimda, o'z oldimga maqsad qo'ydim: har bir o'yinda oxirigacha kurashaman. Shuning uchun har bir futbolchi ham o'z oldiga shunday maqsad qo'yishi kerak. Qolgan kuchimiz bilan Superligada saqlanib qolish uchun harakat qilishimiz kerak.
— Agar baribir "Bunyodkor" taqdiri hal bo'lgan bo'lsa-chi?
— Agar hammasi allaqachon hal qilingan bo'lsa, "Bunyodkor" quyi ligaga tushishi yoki klub tarqatib yuborilishi, bankrot bo'lishi kerak bo'lsa, bu mening qo'limda emas. Demak, shunday bo'lishi kerak ekan. Biz esa o'ynaymiz, mashg'ulot o'tkazamiz, kurashamiz va oxirigacha harakat qilamiz. Chunki o'yin natijasiga ta'sir qiladigan juda ko'p omillar bor. Biz mashg'ulot qilamiz, keyin esa hakam o'yin oxirida 12 daqiqa qo'shib berishi, penalti belgilashi mumkin va sen mag'lub bo'lasan. Shunda nima bo'ladi? Murabbiy yomonmi? Futbolchilar yomonmi? Yo'q. Sen baribir ishlashda davom etasan. Insonning qadri faqat natijaga bog'liq emas. Sen o'z qiymatingni bilasan, qaerga ketayotganingni va nimani qila olishingni bilasan. Mening yoki murabbiylar shtabining qadri natijaga bog'liq emas. Faqat natijaga qarab hamma narsaga baho berish — noto'g'ri. Bugun futbolchilar yaxshi futbol o'ynashdi. Shuning uchun natija — bu shunchaki tashqi ko'rinish, xolos.
— Kecha U-20 chempionatida 5:0 hisobida g'alaba qayd etildi. Hozir chempionatda ikkinchi o'rinda borishyapti. Bu vaziyat sizda xavotir uyg'otmayaptimi? Ayniqsa, yetakchi futbolchilarning "Bunyodkor"ni tekinga tark etib ketish xavfi bor. Vaholanki, kelajakda ularning har birini 100–200 ming dollarga sotish mumkin.
— Avvalo, "dubl" jamoamizning murabbiylar shtabiga alohida tabrik aytmoqchiman. Ular juda yaxshi ishlashayapti. U yerda juda nozik vaziyat bor. Futbolchilarning yuklamasini to'g'ri taqsimlash kerak. Ayrim bolalar kecha o'ynagan, bugun ham o'ynagan. Ular 45 daqiqa maydonda bo'lgan, kimdir charchagan. Shuning uchun ularning holatini hisobga olish kerak. Shunga qaramay, biz "dubl" chempionatni imkon qadar yuqori o'rinda yakunlashini xohlaymiz. Nima uchun bunday bo'lmasligi kerak?
Agar klub tarqalsa, klub tugasa yoki bankrot bo'lsa, futbolchilar qaerdadir o'ynash uchun ketishlari mumkin. Chet elga ketishsa — nima uchun yo'q? Yaxshi klub ularni sotib olsa — nima uchun yo'q? Yoki o'zimizning yetakchi klublarimiz bor: "Paxtakor", "Neftchi", "Navbahor". Ularga o'tishsa ham nima uchun yo'q? Hozir ularning ikkinchi o'rinda borayotgani esa ko'pincha klubda jiddiy muammolar bo'lgan paytda yuz beradigan holat.
Asosiy jamoa pastga tusha boshladi, chunki bizda ko'plab yosh futbolchilar asosiy tarkibda o'ynayapti. "Dubl"dan esa deyarli hech kim ketmadi, ular o'sha yerda qolishdi. Bu "Bunyodkor" yoshlari haqiqatan ham yaxshi futbolchilar. Shuning uchun ular shunday yuqori darajada o'ynayapti. Biz bundan xursandmiz. Ularni "Bunyodkor" akademiyasida juda ko'p murabbiylar tarbiyalagan. Akademiyadagi murabbiylar ham ular bilan juda yaxshi ishlashayapti. Shuning uchun ularning bu natijasi — avvalo, o'zlarining mehnati va akademiya murabbiylarining xizmatidir.
— Oxirgi savol. Agar sizga Fabio Kannavaroning yordamchisi bo'lish taklif qilinsa, buni qabul qilarmidingiz? Siz Italiya futboli, uning uslubini yaxshi bilasiz. Uning ishini kuzatganingizda, birga ishlash qiziq bo'lar edi, to'g'rimi?
— Qiziq savol. Hozir men faqat bugungi kun bilan yashayapman. Masalan, bugun futbolchilarga qarasam, ular juda charchagan. Biz hammamiz charchadik. Men bosh murabbiy sifatida ularni tashlab ketishim, "Bolalar, omad", deb qo'yishim noto'g'ri bo'ladi. Shuning uchun kunma-kun yashayapman va ertaga nima bo'lishini hatto bilmayman. Balki ertaga kelib, menga: "Miki, mehnatingiz uchun katta rahmat. Endi biz sizsiz davom etamiz", deyishar. Agar shunday bo'lsa, futbolchilar bilan xayrlashaman va keyin takliflarni ko'rib chiqaman. Qaerga borishimni esa Xudo ko'rsatadi. Fabio bilan ishlash har qanday murabbiy uchun sharaf bo'lishi mumkin. Lekin uning o'z yordamchilari, o'zining yaxshi mutaxassislari bor. Shuning uchun bu haqda aniq bir narsa deya olmayman.
— Lekin u ham o'z shtabiga yordamchilar izlayapti, to'g'rimi?
— Ha, albatta. Agar biz o'sishni xohlasak, darajamizni oshirishimiz kerak. Men hech kimni yashirmayapman. Faqat shuni aytyapmanki, u bilan ishlash men uchun sharaf bo'lar edi. Lekin u yerda hamma narsa band, o'zining odamlari bor. Bu borada ayrim nozik jihatlar bor va ular haqida gapirishni istamayman. Bu to'g'ri bo'lmaydi. Men O'zbekiston fuqarosiman, shu yerda katta bo'lganman. Chet elga ketganman, lekin hech qachon fuqaroligimni o'zgartirmaganman.
Men o'z mamlakatimni yaxshi ko'raman. Hozir farzandlarim ham shu yerda maktabga borishyapti. Turmush o'rtog'im ham o'zbek tilini o'rganayapti, hozir kursga yozildi. Shuning uchun men mamlakatimni yaxshi ko'raman. Qo'limdan keladigan barcha narsani shu yerga, o'z futbolimizga berishni, tajribamni ulashishni xohlayman.
— Bizda chempionatni qo'llab-quvvatlash, futbolni rivojlantirish masalalari ham bor. Bu borada siz qanday fikrdasiz?
— Bu yerda ham ishlashimiz kerak. Yo'nalishni to'g'ri belgilashimiz zarur. Chet elda ham shunday — odamlar ochiq, xotirjam muloqot qiladi. Men ham sizlar bilan ochiq gaplashyapman. Masalan, odamlar mening nimadan xavotir olayotganimni bilishadi. Men bu hissiyotlarimni yashirmayapman», — deya Zeytullayevning so'zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi