Bugun
51
O'zbek

Andrey Shipilov: "Ikkala bo'limda ham italyancha uslubda o'ynadik"

Eksklyuziv
20 avgust, 14:13
"Qo'qon-1912" bosh murabbiyi "Bunyodkor" ustidan qozonilgan g'alabadan so'ng o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
Andrey Shipilov: "Ikkala bo'limda ham italyancha uslubda o'ynadik"
Foto: FC Kokand-1912
20.08.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Bunyodkor Bunyodkor 0 : 1 Qo'qon-1912 Qo'qon-1912

Superliganing 18-turida "Bunyodkor" - "Qo'qon-1912" uchrashuvi bo'lib o'tdi. Unda mehmonlar 0:1 hisobida g'alaba qozonib, muhim uch ochkoni qo'lga kiritdi.

Bellashuvdan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar ustozasi Andrey Shipilov qatnashdi.

— Bugungi uchrashuv shu uchta o'yin ichidagi eng og'ir bahs bo'ldi. Menimcha, navbatdagi, to'rtinchi o'yin bundan ham og'irroq bo'ladi. Faqat bir narsani aytishim mumkin: jamoamga, barcha yigitlarga, butun jamoa a'zolariga katta rahmat. Ular biz aytgan barcha g'oyalarni qabul qilishdi. O'yin oldidan ulardan barcha vazifalarni bajarishlarini va biz uchun ijobiy natijaga erishishlarini qat'iy so'ragan edik. Yaxshi gol urdik. Biz tezkor gol urishni maqsad qilgan edik va buning uddasidan chiqdik. Ammo bugun bizga qarshi yaxshi tayyorgarlik ko'rgan, kuchli jamoa o'ynadi.

Men uchun eng qiziq jihat — italiyalik murabbiylar shtabi boshqarayotgan jamoaga qarshi jismoniy tomondan qancha kuchimiz yetar ekanligi edi. Uyimizdagi o'yinda taxminan 40–45 daqiqa kamchilikda harakat qilgan edik. Keyin ikkinchi bo'limda tarkiblar tenglashdi va go'yoki g'alaba qozondik. Ammo o'sha uchrashuvda "Bunyodkor" ustunlik qilgandi. Bugun esa shuni aytishim mumkinki, "Bunyodkor" bosh murabbiyi ham o'yindan keyin aytganidek, agar maydon biroz tezroq bo'lganida, biz uchun ancha qiyin bo'lardi. Natija qanday bo'lishini bilmayman. Ammo bugun biz juda to'g'ri va juda ixcham harakat qildik. Umuman olganda, ikkala bo'limda ham italyancha uslubda o'ynadik.

Juda og'ir bo'ldi. Sizlar hatto tasavvur ham qilmayapsiz, qanchalik og'ir bo'lganini. Chunki biz uyimizda o'ynagan edik va o'sha yerda vaziyatimiz juda murakkab edi. Bugungi kunga qadar uyda o'tkazgan barcha turlarimizda to'pga egalik qilish ko'rsatkichimiz atigi 27 foiz edi. Bugun ham juda og'ir bo'ldi.

Nega? Birinchidan, tiklanish uchun bizda bir kun kamroq vaqt bor edi. Ikkinchidan, bu yigitlar — juda ambitsiyali va yosh futbolchilar. Shuning uchun bugun jismoniy tomondan juda qiyin bo'ldi. Uyimizdagi o'yinda havo ham dim bo'lgandi. Bugun obyektiv nuqtai nazardan aytsam, maydon sifati sababli himoyalanish ham, qarshi hujumlarga chiqish ham biz uchun osonroq bo'ldi. Agar to'pni nazorat qilib o'ylasangiz, juda qiyin bo'ladi, chunki to'p yaxshi yurmaydi, harakat tezligi ham boshqacha. Biz bugun bundan unumli foydalandik. Ammo siz ko'rdingiz: biz deyarli himoyaga yopilib olmagandik. Shunchaki juda to'g'ri va tartibli harakatlandik.

Yana bir bor takrorlayman: o'yin intizomi uchun, taktik tuzilmani buzmagani uchun jamoaga rahmat. Darvozabonimizdan biroz oldinroq o'ynashini so'ragandim. U ham vazifasini juda yaxshi bajardi, hammasini toza ishladi.

Nimeli ham juda katta hajmda qora ish qildi. Juda-juda katta mehnat qildi. Almahshtirishlarni ham amalga oshirdik: Malikjonov ham o'yinga qo'shildi. Malikjonov qisqa vaqt ichida taxminan uch-to'rtta to'pni olib qo'ydi. Egor Kondratyuk ham maydonga tushdi. Umuman, maydonga tushgan besh nafar futbolchining barchasi — kimdir besh daqiqa, kimdir yetti, yana kimdir o'n daqiqa o'ynagan bo'lsa ham — juda mulohazali va sovuqqonlik bilan harakat qildi. Ularning barchasiga ham katta rahmat aytaman.
Umuman olganda, butun jamoaga aytdim: intizom uchun rahmat.

Iste'foga chiqarilishingiz haqida gap-so'zlar tarqalgan edi. Bunga munosabatingiz qanday?

— Suhbatimiz shunday kechgandi. Mening tushunishimcha, murabbiy biror jamoaga kelganda, agar natija bo'lmasa va u vijdonli bo'lsa, jamoani qiyin ahvolga tushirishni istamasa, tegishli xulosa chiqarishi kerak.
Bu his-tuyg'uga berilgan holda aytilgan gap emasdi. Bu mutlaqo normal fikrlar edi. Men aytdimki, agar rahbariyat shunday qaror zarur, deb hisoblasa... Chunki o'sha paytda natijalarimiz juda yaxshi emasdi. To'rtta uchrashuvda birorta ham ochko olmagandik. Shuning uchun qandaydir chora ko'rish kerakligini men real tushunib turgan edim. Shu sababli mening tomonimdan bildirilgan fikrlar obyektiv edi.

Rahbariyat tomonidan esa reaksiya bo'ldi, ishonch bor. Ular deyarli darhol munosabat bildirishdi. Hozir hamma narsa ish tartibida, hammasi joyida.

Agar men hozir shu yerda o'tirgan bo'lsam, ishlayapman, jamoani boshqarayapman va shu uchrashuvdan keyin hisobimizda uchta g'alaba bo'lgan bo'lsa, demak, menga va ishimganisbatan hali ham ishonch bor.

O'zingiz ham yaxshi tushunasiz, murabbiyning taqdiri shunday: ertami-kechmi, istalgan darajadagi, istalgan kvalifikatsiyadagi, hatto eng yuqori saviyadagi murabbiy ham ishidan ayrilishi mumkin. Buni barcha murabbiylar yaxshi biladi. Murabbiylar turli litsenziyalar — C, B, A, Pro kategoriyalarini olish uchun o'qiy boshlaganlarida ham birinchi o'rgatiladigan qonun shu. Hech bo'lmaganda, meni bu yerda shunday o'rgatishgan. Natija bo'lmasa, nimadir qilish kerakligini bilaman. Kimnidir birinchi o'yindan keyin ishdan olib tashlashadi. Boshqasiga esa 15 ta tur imkoniyat berishadi, jamoa g'alaba qozonmaydi, hatto birinchi ligaga tushib ketadi, lekin hech qanday chora ko'rilmaydi.

Shunday murabbiylar borki, ular vaziyatga jiddiy va obyektiv yondashadi. Faqat o'zini va o'z shartnomasini o'ylamaydi. Mening pozitsiyam ham shunday edi. Bizda hali juda ko'p o'yinlar bor. Natijalarimizni, ko'rsatkichlarimizni yaxshilashga harakat qilamiz.

Siz jamoa taktikasida o'zgarish qildingiz. Bugungi ko'rinishda besh nafar himoyachi bilan o'ynadingiz va jamoa katta hajmda ishladi. Endi tushunish mumkinki, mavsum oxirigacha futbolning qanday bo'lishi emas, asosiysi natija bo'lishi kerak. Bu besh nafar himoyachi bilan o'ynash tajriba sifatida qo'llangan taktik sxema edimi yoki mavsum oxirigacha mo'ljallangan modelmi? Agar besh nafar himoyachi bilan o'ynash davom etsa, bu bizga nimani beradi?

— Juda yaxshi savol. Shunday aytishim mumkin: senga natija keltiradigan futbolni o'ynash kerak. Bugungi kunda biz rotatsiya qilyapmiz, sxemani ham o'zgartiryapmiz. Siz to'g'ri aytdingiz: natija keltiradigan sxema muhim.
Lekin obyektiv va subyektiv sabablar ham bor: raqibga qarab, futbolchilarning holatiga qarab, o'yinchilarning jismoniy holati va ularning kvalifikatsiyasiga qarab qaror qabul qilinadi.

Men birinchi navbatda shulardan kelib chiqaman. Biz bu haqda juda uzoq o'yladik. Men ham bu masalani juda uzoq tahlil qildim. Qishda Turkiyada shu sxemani sinab ko'rmoqchi bo'lgan edim. Ikki marta urindik, ammo o'xshamadi.

O'sha paytda futbolchilar mental jihatdan to'psiz ko'p o'ylashga tayyor emasdi. Ular to'p bilan juda ko'p o'ynashni xohlashardi. Ammo men aytganman: istalgan sxema, hatto 4-3-3 bo'lsa ham, to'psiz ham ko'p harakat qilish kerak.

Mening Qo'qonda ishlayotganimga deyarli sakkiz oy bo'ldi. Chempionatda tanaffusdan keyin o'zimizni bilmagan holda unchalik yaxshi bo'lmagan vaziyatga kirib qoldik. Hozir esa ehtimol, masala sxema haqida emas, balki mentalitet haqida gapirish vaqti kelgandir. Ular hozir o'z ismi, familiyasi, mavqei — hammasini chetga surib, faqat murabbiylar shtabiga quloq solishga va berilgan vazifani intizom bilan bajarishga tayyormi? Hamma narsa mana shu yerdan boshlanadi. To'rt nafar himoyachi bilan ham o'ynash mumkin. Lekin sizlarga aytganman, men ham sizlar bilan suhbatlashganman: chempionatimizda yaxshi markaziy himoyachilarni ko'rmayapman. Bu mening fikrim.

Men sizlarga bir futbolchi borligini aytganman, u Angliyada o'ynaydi. Bugungi kunda undan boshqa markaziy himoyachi ko'rmayapman.

Xudo xohlasa, Yevropaga ketgan yana bir bola — u qanot futbolchisi — ham shunday muvaffaqiyatga erishsin. Lekin hozirgi kunda O'zbekiston milliy jamoasida, "Paxtakor", "Bunyodkor", "Lokomotiv"da ilgari o'ynagan markaziy himoyachilar darajasidagi futbolchilarni ko'rmayapman.

Masalan, 2000 yillar boshidan 2021–2022 yillarga qadar bo'lgan davrni oladigan bo'lsak, har bir jamoada juda jiddiy markaziy himoyachilar bor edi. Hozir esa yo'q. O'yinni o'qi olmaydi, kurashmaydi, pas bermaydi. Hamma faqat to'pni uzoqroq chiqarib yuborishni xohlaydi. Albatta, bu — mening fikrim. Balki adashayotgandirman, boshqa mutaxassislarning o'z fikri bordir. Lekin qarang: chempionatimizda deyarli har bir jamoa bu pozitsiyaga legioner oladi. Agar faqat himoya haqida gapiradigan bo'lsak, deyarli har bir jamoada shu pozitsiyada legioner bor.

Agar ushbu sxema bizga foyda keltirsa, natija bersa, biz undan foydalanishda davom etamiz. Qaerdadir gibrid sxema qilamiz, qaerdadir rotatsiyadan foydalanamiz. Ammo bugun sizlar ham ko'rdingiz: hatto shu sxema bo'yicha o'ynash uchun qancha kuch, qancha jismoniy tayyorgarlik kerak!

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Bunyodkor Bunyodkor
  • Qo'qon-1912 Qo'qon-1912
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar