2027-yilda O‘zbekiston va Ozarboyjon mezbonligida o‘tkaziladigan 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘yinlarini Farg‘ona viloyatida ham o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 12-noyabr kuni FIFA, O‘FA va Ozarboyjon Futbol Federatsiyalari Assotsiatsiyasi (OFFA) vakillari Bokuda turnirga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan ishchi yig‘ilish o‘tkazgan.
Yig‘ilishda sport va tashkiliy infratuzilmani rivojlantirish, shuningdek, chempionat ishtirokchilari va mehmonlari uchun zarur sharoitlarni yaratish masalalari muhokama qilingan.
Tomonlar musobaqani yuqori tashkiliy saviyada o‘tkazish uchun hamkorlikni mustahkamlash va birgalikdagi ishlarni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirgan.
2027-yilgi U-20 jahon chempionatining guruh bosqichi uchrashuvlarini boshqa hududlar qatori O‘zbekistonning Farg‘ona viloyatida ham o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, OFFA vakillari hamrohligida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Bokudagi «Neftchi» futbol klubining bazasi va akademiyasi faoliyati bilan tanishgan. Uchrashuv davomida futbol infratuzilmasini rivojlantirish, akademiyalar faoliyatini tashkil etish va yosh futbolchilarni tayyorlash bo‘yicha tajriba almashilgan.