Superliganing 19-turida «Andijon» klubi «Xorazm»ni qabul qildi va 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida dastlab mehmonlar bosh murabbiyi Sergey Tokov qatnashdi.
- O‘yindan keyingi fikrim shuki, uchrashuv og‘ir va kurashlarga boy bo‘ldi. Bitta xato o‘yin taqdirini hal qildi. Kim xato qilsa, o‘sha mag‘lub bo‘ladi. Afsuski, xatoga biz yo‘l qo‘ydik. «Andijon»ni g‘alaba bilan tabriklayman.
- «Xorazm» jamoasi birinchi bo‘limdan boshlab besh nafar himoyachi bilan o‘ynadi. Bu «Andijon»ning o‘yiniga moslashish maqsadida qilingan qaror edimi? Ikkinchi bo‘limda esa bitta himoyachini kamaytirib, to‘rt himoyachi bilan o‘ynab, yarim himoyaga yana bir futbolchini qo‘shish mumkin emasmidi?
- Menimcha, birinchi bo‘limni yomon o‘tkazmadik. Besh nafar himoyachi bilan o‘ynashimiz himoyalanishga qaratilgan taktika emas edi. Agar e'tibor bergan bo‘lsangiz, oldinda pressing qilish uchun to‘rt nafar futbolchini qoldirgan edik. Shuning uchun ikkinchi bo‘limda... balki biroz chuqurroq o‘ynab qoldik. Ehtimol, bunga charchoq ham sabab bo‘lgandir. Sun'iy maydondan tabiiy chimli maydonga moslashish ham biroz qiyin kechdi. Qaysidir ma'noda, o‘yinda jismoniy jihatdan bizga yangilik, ya'ni kuch yetishmadi. Bundan tashqari, jarohat olgan futbolchilarimiz ham bor. Shu sababli hozircha o‘yinni kuchaytirish biroz qiyin bo‘lmoqda. Lekin bizning maqsadimiz himoyada o‘ynash emas edi. Aksincha, yuqoriroq o‘ynashga, pressing qilishga harakat qildik. Ikkinchi bo‘limda esa biroz kuchimiz kamayib qoldi.
- «Xorazm» jamoasi kuchli jamoalarga qarshi yaxshi o‘yin ko‘rsatmoqda. Lekin o‘rtamiyona jamoalarga qarshi o‘ynaganda qandaydir sustlik sezilayotgandek...
- Buni nimaga asoslanib aytyapsiz? Qaysi jamoalarni o‘rtamiyona deb hisoblaysiz? «Andijon»ni o‘rtamiyona jamoa deb hisoblaysizmi? Agar mana shunday tarkibga ega jamoani o‘rtamiyona deb hisoblasangiz, unda nima deyishni ham bilmayman. Demak, biz umuman boshqa darajada ekanmiz. Raqib jamoa tarkibida shunday futbolchilar borki, legionerlari ham yaxshi. Shaxsan men «Andijon»ni o‘rtamiyona jamoa deb hisoblamayman. Sizlarda yaxshi murabbiy ham, yaxshi jamoa ham bor. Menimcha, bunday futbolchilar tarkibi va shu murabbiy bilan jamoa bemalol sovrinli o‘rinlar uchun kurasha oladi. To‘g‘ri, qaysidir o‘yinlarda nimadir o‘xshamayotgan bo‘lishi mumkin. Men klubning ichki ishlarini bilmayman. Ammo jamoa yaxshi shakllantirilgan. Zaxiradan ham yaxshi futbolchilar maydonga tushmoqda. Bular yuqori darajadagi jamoalarda o‘ynagan va yetarlicha yaxshi o‘yinlar ko‘rsatgan futbolchilar.
- Zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar o‘yinni qanchalik kuchaytira oldilar?
- Rostini aytsam, ulardan o‘yinni ko‘proq jonlantirishini kutgandim. Ammo u kutilgan natijani bera olmadi. Balki yosh futbolchi biroz hayajonlanib, o‘zini yo‘qotib qo‘ygandir. O‘yinni kuchaytirishini xohlagandik, ammo, afsuski, buning uddasidan chiqa olmadi.
- Stoshich nima uchun zaxirada qoldirilyapti?
- Biz boshqa darvozabonni ham tarkibimizga qo‘shdik va u Stoshich bilan raqobatda ustun keldi. Bugungi kunda murabbiylar shtabi fikriga ko‘ra, u kuchliroq. Shu sababli hozir aynan — Umid Ergashov — o‘ynamoqda», - deya Sergey Tokovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.