«Barselona» bosh murabbiyi Hans-Diter Flik Ispaniya chempionatining 12-turida «Atletiko» ustidan qozonilgan 2:1 hisobidagi irodali g‘alaba haqida gapirib o‘tdi.
«Birinchi bo‘limda bizga shiddat yetishmadi. Tanaffusgacha o‘yinimiz mukammal bo‘lmadi. Lekin ikkinchi bo‘limda ancha yaxshiroq harakat qilib, navbatdagi uch ochkoni qo‘lga kiritdik. Futbol 90 daqiqa davom etadi.
De Yong himoyaning o‘ng qanotida o‘ynay oladi. Bu haqda u bilan gaplashgandik. Rejaga ko‘ra, u 15 daqiqa shu pozitsiyada harakat qilishi, Bernal almashtirilgach esa yarimhimoyaga qaytishi kerak edi.
Bizda bunday bahslarda g‘alaba qozonish uchun yetarli mahorat bor. Jamoamga ishonaman. Mavsum hali uzoq davom etadi, maqsadimiz esa sovrinlar yutish.
Shuningdek, futbolchilarning yuklamasini nazorat qilish va jarohatlarning oldini olishimiz kerak», — dedi Flik.
Ma’lumot o‘rnida, Flik jamoasi ochkolarini 33 taga yetkazib, FIFA kunlariga peshqadam sifatida yo‘l oldi. «Real» 30 ochko bilan 2-o‘rinda. 28 ochkosi bor «Atletiko» esa 3-pog‘onaga tushdi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi