Fransiya milliy jamoasi bosh murabbiyi Didye Desham 2026 yilgi Jahon chempionati oldidan jamoa tarkibi haqida fikr bildirdi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, jamoada individual mahorati yuqori bo‘lgan futbolchilar ko‘p, biroq ayrim o‘yinchilarda yirik turnirlar tajribasi yetarli emas.
«Individual mahorat haqida gapiradigan bo‘lsak, bizda juda ko‘p kuchli futbolchilar bor va tanlov imkoniyati keng. 2026 yildagi yagona kichik kamchilik shundaki, 2018 yilgi jamoada bo‘lgan futbolchilar 2014 va 2016 yillardagi musobaqalar tajribasiga ega edi. Hozir esa tarkibimizda yirik turnirlarda kam ishtirok etgan yosh futbolchilar ko‘p.
Ular bu futbolkani kiyganida katta mas’uliyatni his qiladi. Bu ularni o‘z harakatlari uchun javob berishga va yaxshi o‘ynashga undaydi. Men 14 yil avval ham ularga shuni aytgandim: «Fransiya milliy jamoasiga kelganingizda bu yerga olish uchun emas, berish uchun kelasiz», — dedi Desham FIFA rasmiy saytiga.
Eslatib o‘tamiz, Didye Desham boshqaruvidagi Fransiya milliy jamoasi 2018 yilgi Jahon chempionatida g‘olib chiqqan edi.
Ma’lumot uchun, Fransiya milliy jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionatida Norvegiya, Senegal va Iroq bilan bir guruhdan joy olgan.