Niderlandiya milliy jamoasi himoyachisi Virjil van Deyk 2026 yilgi Jahon chempionatidagi tarkib haqida fikr bildirib, jamoa katta natijalarga erishishga qodir ekanini aytdi.
«Ko‘plab futbolchilar Yevro-2024da ishtirok etgan va bu juda muhim tajriba bo‘lgan. Ularning aksariyati uchun bu ilk yirik turnir edi. Hozir ko‘pchilik futbolchilar faoliyatining eng yaxshi davrida. Shuningdek, ularning katta qismi Yevropa Chempionlar ligasida qatnashadigan top-klublarda o‘ynaydi.
Ammo men uchun hammasi buyuk futbolchilarga emas, eng yaxshi jamoaga bog‘liq. Biz murabbiylar shtabi bilan birgalikda muvaffaqiyat uchun eng to‘g‘ri formulani topishimiz kerak», — dedi van Deyk FIFA rasmiy saytiga.
Niderlandiyalik futbolchi jamoaning Jahon chempionatida g‘olib chiqish imkoniyatiga ham ishonishini yashirmadi.
«Ha, men bunga ishonaman. Bizda juda ahil jamoa bor. Albatta, omad ham kerak bo‘ladi. Ayrim futbolchilar hal qiluvchi pallalarda o‘zini ko‘rsatishi, jarohatlar bo‘lmasligi muhim. Hozirgi futbol taqvimi juda tig‘iz. Lekin tarkibimizga qaraganimda, biz alohida natijaga erisha olishimizga ishonaman», — deya qo‘shimcha qildi himoyachi.
Eslatib o‘tamiz, Virjil van Deyk Niderlandiya milliy jamoasi sardori hisoblanadi.