Norvegiya milliy jamoasi bosh murabbiyi Stole Solbakken 2026 yilgi Jahon chempionati oldidan jamoasining imkoniyatlariga baho berdi.
Mutaxassis Norvegiyani musobaqa g‘olibligi uchun da’vogar bo‘lgan «qora tulpor» sifatida ko‘rmasligini aytdi.
«Bizni turnir oxirigacha yetib borishi mumkin bo‘lgan “qora tulpor” deb o‘ylamayman. Biroq omadli kunda o‘zimizdan kuchliroq raqibni mag‘lub etishimiz mumkin. Butun turnir davomida “qora tulpor” bo‘lamiz deyish esa haqiqatdan yiroq», — dedi Solbakken FIFA rasmiy saytiga bergan intervyusida.
Murabbiy ushbu Jahon chempionatini Norvegiya uchun o‘zini namoyish qilish imkoniyati sifatida baholadi.
«Biz dunyoga avvalgidan boshqacharoq futbol o‘ynayotganimizni ko‘rsatmoqchimiz. Jamoamiz hujumkor futbol namoyish etadi va futbolchilar bir-biri uchun astoydil harakat qiladi», — deya qo‘shimcha qildi mutaxassis.
Eslatib o‘tamiz, Norvegiya 2026 yilgi Jahon chempionatining I guruhidan joy olgan va Fransiya, Senegal hamda Iroq milliy jamoalariga qarshi bahs olib boradi.
Ma’lumot uchun, Norvegiya safida Erling Holand va Martin Edegor kabi yulduz futbolchilar to‘p tepmoqda.