«Barselona» yarimhimoyachisi Mark Bernal jamoadoshi Lamin Yamalning o‘yini haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Dushanba kuni 19 yoshli vinger La Liga doirasidagi «Rayo Valekano»ga qarshi o‘yinda dubl qayd etdi – bu uning aprel oyidan beri «ko‘k-anorranglilar» safidagi ilk gollari bo‘ldi.
«Murabbiy Yamal borasida haq edi. So‘nggi o‘yinlarda Lamin gol ura olmayotgan bo‘lsa-da, o‘z mahoratini ko‘rsatayotgandi. U bu fazilatlarini faoliyatining ilk kunlaridanoq namoyon etib kelmoqda. Bugun uning gol urganidan xursandmiz», – dedi Bernal DAZN nashriga bergan intervyusida.
Ma’lumot uchun, «Barselona» va «Rayo Valekano» bellashuvi kataloniyaliklarning 5:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Mezbonlar safida Rafinya Dias ham dublga erishgan bo‘lsa, yana bir golni esa madridliklar o‘z darvozasiga kiritib qo‘ydi.