Xulian Alvares va "Atletiko" futbolchining kelajagi borasida o'z pozitsiyalarini o'zgartirmayapti. Ispaniyaning "AS" nashrining yozishicha, argentinalik hujumchining atrofidagilar uning klubdan ketish istagi saqlanib qolayotganini bildirgan, madridliklar esa futbolchini sotish niyati yo'qligini yana bir bor ko'rsatmoqda.
Ayni paytda aniq bo'lgan yagona holat — Alvares jamoa ixtiyoriga qaytib, Maxadaondagi klub bazasida mashg'ulot o'tkazdi. 26 yoshli hujumchi jamoa jismoniy tayyorgarlik murabbiyi Luis Piniyedo bilan ishladi. U uchun alohida tiklanish va tayyorgarlik dasturi ishlab chiqilgan bo'lib, futbolchi shu reja asosida bugun yana bir mashg'ulot o'tkazishi kutilmoqda.
Alvaresning mashg'ulotda jiddiy kayfiyatda bo'lgani aytilmoqda. Uning asosiy vazifasi — mavsumoldi tayyorgarlikni bosqichma-bosqich boshlash. Shu sababli uning 19 avgust kuni "Malaga"ga qarshi uchrashuvda bir necha daqiqa bo'lsa ham maydonga tushishi hozircha qiyin ko'rinmoqda.
"AS" ma'lumotiga ko'ra, futbolchining atrofidagi manbalar uning "Atletiko"ni tark etish istagi hali ham saqlanayotganini bildirmoqda. Biroq argentinalik hujumchi bu masala bo'yicha hozircha klub rahbariyati bilan ochiq suhbat o'tkazmagan. Bosh murabbiy Diego Simeone esa jamoaning Seuldagi safari ortidan ikki kunlik dam olgani uchun Alvares bilan hali uchrashmagan.
"Atletiko" rahbariyati esa futbolchi ketishni xohlayotgani haqidagi xabarlarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo'lmoqda. Klubda tarqatilayotgan har qanday yangi ma'lumot muayyan manfaatni ko'zlangan holda chiqarilayotgan bo'lishi mumkin, deb hisoblanmoqda. Madridliklar Alvares klub ichida ketish istagini rasmiy bildirmaganini ta'kidlamoqda.
Shu bilan birga, "Atletiko"ning pozitsiyasi o'zgarmagan: klub "Barselona" bilan Alvares bo'yicha muzokara olib bormaydi va 100, 150 yoki hatto 200 mln yevro miqdoridagi takliflarni ham muhokama qilmaydi. Madridliklar futbolchining shartnomasidagi 500 mln yevrolik tovon puli bandiga tayanadi.
Shu tariqa, hozircha transfer bo'yicha kelishuvga yaqinlashuv yo'q. Alvares "Atletiko" bilan mashg'ulotlarni boshlagan, klub esa uning shartnoma shartlariga rioya qilishini kutmoqda. Madridliklar va futbolchi tomoni o'rtasidagi ziddiyatning keyingi bosqichi esa Simeone bilan bo'ladigan suhbatdan keyin yanada oydinlashishi mumkin.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi