«Chelsi» MLSdan 16 yoshli iqtidorni sotib olishga yaqin
Londonning «Chelsi» klubi «Los-Anjeles Gelaksi»ning 16 yoshli yarimhimoyachisi Visente Garsiya uchun 3 million yevro sarflashga tayyor.
Bu haqda The Athletic nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, klub yosh iqtidor egasi bilan kelishuvni yakunlashga juda yaqin turibdi. Tomonlar transferning asosiy shartlarini kelishib ulgurgan va Garsiya 2028-yil yozida, 18 yoshga to‘lganidan so‘ng «Chelsi» safiga borib qo‘shiladi. Transfer summasi, samaradorlik uchun berilishi mumkin bo‘lgan bonuslarni hisobga olmaganda, taxminan 3 million yevroni tashkil etadi.
2025-yil yanvarida Visente Garsiya 14 yoshu 198 kunligida «Los-Anjeles Gelaksi» bilan o‘zining ilk professional shartnomasini imzolab, MLS tarixida asosiy jamoa bilan shartnoma tuzgan beshinchi eng yosh futbolchiga aylangandi. Yarimhimoyachi AQSH va Meksika davlatlari fuqaroligiga ega bo‘lib, har ikki mamlakatning yoshlar jamoalariga chaqiruv olgan. U 2026-yil avgust oyida «Los-Anjeles Gelaksi»ning «Dallas»ga qarshi MLS o‘yinida ilk bor asosiy jamoa qaydnomasiga kiritilgandi.
Ushbu mavsum futbolchi ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun «Los-Anjeles Gelaksi»ning farm-klubi «Ventura Kaunti» safida to‘p tepmoqda. Jamoa safida u 16 ta o‘yinda 3 ta gol urib, 4 ta golli uzatma yetkazib berishga muvaffaq bo‘ldi.