Bekobodning "Metallurg" klubi bosh murabbiyi Ilhom Muminjonov isteʼfo berishga qaror qildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
"Sir emaski, mavsum startidan avval jamoa oldiga Superligaga chiqish vazifasi qo'yilgandi. Biroq birinchi davra davomida bir nechta o'yinlarda alamli tarzda ochkolarni qo'ldan chiqargan "Metallurg" yetakchilar qatoridan tushib, jadvalda bir nechta pog'ona pastlab ketdi.
Kecha, 10 avgust kuni Proliganing 14-turi doirasida jamoamiz Bekobodda Farg'onaning "Yaypan" klubini qabul qildi va hisobda oldinga borayotganiga qaramay, yakunda g'alaba va qimmatli ochkolarni qo'ldan boy berdi.
O'yindan keyin jamoamiz bosh murabbiyi Ilhom Muminjonov rahbariyatdan isteʼfo so'radi. Yuzaga kelgan vaziyat, murabbiyning so'rovi va barcha detallarni inobatga olgan holda klub rahbariyati murabbiy arizasini qabul qildi.
Ma'lumot uchun, Ilhom Muminjonov qo'l ostida chempionat doirasida 14 ta uchrashuv o'tkazgan "Metallurg" 6 bor g'alaba qozondi va 4 tadan durang hamda mag'lubiyat qayd etdi", — deyiladi xabarda.
Avvalroq "Kattaqo'rg'on" Yorqin Nazarovni isteʼfoga chiqargani ma'lum qilingandi.