Bugun
20
O'zbek

«Siti» homiylardan olinadigan daromad miqdorini oshirib ko‘rsatgani tasdiqlandi

Futbol
30 sentabr, 13:35
    20
Qog‘ozda yozilgan qiymat amalda to‘langanidan deyarli 8 baravar ko‘p.
«Siti» homiylardan olinadigan daromad miqdorini oshirib ko‘rsatgani tasdiqlandi
Foto: Getty Images

«Manchester Siti» ishini tergov qilgan mustaqil komissiya klub homiylik kelishuvlaridan olinadigan daromad miqdorini oshirib ko‘rsatgan, degan xulosaga keldi.

O‘tgan hafta «shaharliklar» APLning moliyaviy qoidalarini buzish bilan bog‘liq deyarli barcha ayblovlar bo‘yicha (faqat bittasidan tashqari) aybdor deb topilgani haqida xabarlar tarqalgandi. 2023-yil fevral oyida APL «Siti»ni 2009-yildan 2018-yilgacha bo‘lgan davrda moliyaviy qoidalarni 115 marta buzganlikda ayblagan. Keyinchalik The Times nashri gap 115 ta emas, balki 130 ta qoidabuzarlik haqida ketayotganini xabar qildi.

Kecha, 29-sentyabr kuni APL klub ayblovlarning barcha bandlari bo‘yicha aybdor deb topilganini ma’lum qildi.

Komissiya xulosasiga ko‘ra, «shaharliklar» Abu-Dabidagi hamkor kompaniyalar bilan shartnomalar tuzgan. Ushbu kelishuvlarda bozor qiymatidan ancha yuqori bo‘lgan miqdorda homiylik to‘lovlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Biroq homiylar shartnomada ko‘rsatilgan to‘liq mablag‘ni to‘lashga majbur bo‘lmagan va amalda ham bunday qilmagan — ular «Siti» hisob raqamlariga faqat «asosiy qiymat»ni o‘tkazgan.

Haqiqiy to‘lovlar bilan shartnomalarda ko‘rsatilgan qiymatlar o‘rtasidagi farqni klub egasi bo‘lgan Abu Dhabi United Group (ADUG) o‘z mablag‘lari hisobidan qoplagan.

Klubning moliyaviy hisobotida daromad sifatida faqat «asosiy qiymat» aks ettirilishi kerak edi. Biroq «Man Siti» ushbu bandga kelib tushgan barcha mablag‘larni kiritgan va bu mablag‘larning katta qismini ADUG qoplaganini yashirgan.

Komissiya xulosasida shunday deyiladi:

«Shunday qilib, yashirin moliyalashtirish sxemasini qo‘llagan holda, klub:

– uchinchi tomonda (jumladan, nazorat organlari va auditorlarda) uning homiylik kelishuvlaridan oladigan tijorat daromadlari amaldagi ko‘rsatkichdan ancha yuqori ekani haqida noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otishi;

– ADUG tomonidan amalda kiritilgan aksiyadorlik kapitali mablag‘larining haqiqiy miqdorini uchinchi tomonlardan yashirishi mumkin edi».

Klub ushbu sxemani 2009/10-yilgi mavsumdan 2017/18-yilgi mavsumga qadar qo‘llagan. Ushbu davr mobaynida «Siti» Abu-Dabidagi homiylardan 949,94 million funt sterling olgani haqida hisobot bergan.

Biroq amalda klub hamkorlari atigi 119,25 million funt sterling to‘lagan. Qolgan 830,69 million funt sterlingni esa ADUG tuzilmasi qoplagan.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Manchester Siti Manchester Siti
  • Angliya Premer-ligasi Angliya Premer-ligasi
Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

20 izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar