Jorje Jezush Krishtianu Ronalduning Norvegiyaga (2:1) qarshi o‘yindan keyin nega norozi bo‘lganiga oydinlik kiritdi.
— Nega Krishtianu Ronaldu norozi? Agar hech qanday nizo bo‘lmasa, unda nega u va Proensa (mamlakat FF prezidenti) bilan uchrashuvlar o‘tkazildi?
— Hech qanday voqea bo‘lmagan. Yana bir bor aytaman. Men mojarolar yuzaga kelishidan qo‘rqmayman. Faoliyatim davomida bunday holatlarni juda ko‘p boshdan kechirganman... Lekin bundan muammo yasash kerak emas.
Krishtianuga oldindagi ikki bahsda — Norvegiya va Daniyaga qarshi o‘yinlarda maydonga tushmasligini aytgandim. O‘yin vaqtida esa, balki, u menga kerak bo‘lib qolar, deb o‘ylab, uni qizib olishga yubordim. Keyin esa maydonga tushirmadim.
20 yoki 30 daqiqa davomida qizish mashqlarini bajarib, keyin maydonga tushmagan har qanday futbolchi bundan mamnun bo‘lmaydi. Ayniqsa, Krish. Hatto u Pele yoki Maradona bo‘lganida ham. 30 daqiqa qizish — keyin esa maydonga tushmaslik? Qoidalar shunday. Hammaning huquqi teng va men uni maydonga tushirmaslikka qaror qildim.
Aslida bo‘lmagan ziddiyat haqida gaplashishga majbur qilishdi: «Krish, Portugaliyada bu haqda juda ko‘p gapirishyapti, shuning uchun bu masalani muhokama qilishimizga to‘g‘ri kelyapti, lekin men nima bo‘layotganini tushunmayapman», dedim.
Aslida gaplashadigan hech narsa yo‘q edi. Biz muhokama qilgan narsa — uning matbuot anjumanida aytgan gaplari edi. U shunday degandi: «Men bu yerga qarorni siz qabul qilishingiz uchun kelganman. Agar o‘ynashimni xohlasangiz — o‘ynayman. Agar zaxirada o‘tirishimni xohlasangiz — zaxirada o‘tiraman».
Prezidentning kelgani esa tabiiy holat — u jamoa bilan birga bo‘lishi kerak. Portugaliyada nima haqida gaplashayotganlarini eshitgach, u nima bo‘lganini tushunishni istadi. Ammo kechki ovqatdan keyin biz bu muammoni allaqachon hal qilgandik.
— Siz unga 30 daqiqa o‘ynashini va’da qilganmisiz?
— Istagan narsamni va’da qilishim mumkin. Men murabbiyman. Balki buni tushunish siz uchun biroz qiyindir. Men murabbiyman va futbolchiga uning o‘yinda qatnashmasligini aytdim: «Seni zaxiraga o‘tqazaman. Agar so‘nggi 30 daqiqa davomida senga ehtiyoj sezilsa, maydonga tushasan. Agar ehtiyoj bo‘lmasa — tushmaysan».
Hech bir futbolchi qarorimni o‘zgartirishga majbur qila olmaydi. Na u, na futboldagi boshqa biror kishi.
Hech bir prezident ham. Hech qachon, hech qanday holatda! — dedi Portugaliya milliy jamoasi bosh murabbiyi matbuot anjumanida.
Maʼlumot uchun, ushbu matbuot anjumanidan soʻng Ronaldu milliy jamoa joylashgan bazani tark etdi.
Jezush: «Hech kim qarorimni o‘zgartirishga majbur qila olmaydi — Ronaldu ham, prezident ham»
Futbol
30 sentabr, 23:43
55
Portugaliya bosh murabbiyi 41 yoshli hujumchining noroziligi va unga bergan va’dasi borasida batafsil to‘xtaldi.
Foto: Getty Images
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi