«Manchester Siti» APLning moliyaviy qoidalarini buzish bo‘yicha deyarli barcha ayblovlar yuzasidan aybdor deb topildi. Bu haqda liga rasmiy sayti xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, «shaharliklar» 2009-yildan 2018-yilgacha bo‘lgan davrda moliyaviy qoidalarning 115 ta turli buzilishida ayblangan edi.
— Mustaqil komissiya «Manchester Siti»ni to‘qqiz mavsum davomida Premer-liganing moliyaviy qoidalarini jiddiy buzganlik bo‘yicha barcha ayblovlar, shuningdek, liga tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv doirasida klubning hamkorlik qilishni istamagani bilan bog‘liq ko‘pchilik ayblovlar bo‘yicha aybdor deb topdi.
Mustaqil komissiya 2009/10-mavsumdan 2017/18-mavsumgacha bo‘lgan davrda quyidagilarni aniqladi:
— «Manchester Siti» klub daromadlarini sun’iy ravishda oshirish va xarajatlarini kamaytirish uchun bir qator tijorat hamkorlari bilan soxta shartnomalar tuzgan, shuningdek, boshqa kontragentlar bilan soxta bitimlarga tayangan;
— klub noto‘g‘ri moliyaviy hisobotlarni taqdim etgan hamda auditorlar va futbolni tartibga soluvchi organlardan o‘z moliyaviy ahvolining haqiqiy holatini yashirgan;
— «Manchester Siti» Premer-liga va UEFA tomonidan belgilangan xarajatlar limitini jiddiy ravishda buzishga yo‘l qo‘ygan;
— Premer-liga tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv davomida «Manchester Siti» liga bilan hamkorlik qilish va halol munosabatda bo‘lish majburiyatlarini bir necha bor buzgan.
Bundan tashqari, Premer-liga tomonidan o‘tkazilgan to‘rt yillik surishtiruv davomida klub Liga bilan munosabatlarda hamkorlik qilish va halollik prinsipiga rioya qilish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bir necha bor buzdi. Komissiya klub «Premer-liga surishtiruvini to‘xtatish va uni o‘tkazishga to‘sqinlik qilish uchun maqsadli harakatlarni amalga oshirgan» degan xulosaga keldi, deyiladi APL bayonotida.
Shuningdek, bayonotda sanksiyalar masalasi qo‘shimcha sud majlisida alohida ko‘rib chiqilishi ta’kidlangan. «Manchester Siti» mustaqil komissiyaning xulosalari ustidan apellyatsiya berish huquqiga ega va buni 2-oktabr kuniga qadar amalga oshirishi kerak.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi