Bugun
45
O'zbek

Suhrob Izzatov: «Xorazm» bilan ligada qolish vazifasini uddalay olamiz»

Eksklyuziv
29 sentabr, 17:42
Yaqinda futbolchi Tribuna.uz uchun eksklyuziv intervyu berishga qaror qildi.
Suhrob Izzatov: «Xorazm» bilan ligada qolish vazifasini uddalay olamiz»
Фото: Хоразм ПФК

«Xorazm» klubi yozgi transfer oynasida tarkibda o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Xususan, jamoaga «So‘g‘diyona»dan Suhrob Izzatov taklif qilindi. Yaqinda futbolchi Tribuna.uz uchun eksklyuziv intervyu berishga qaror qildi.

- Suhrob, avvalo suhbatimizni «Xorazm»ning ikkinchi davradagi ishtiroki bilan boshlasak. Ayting-chi, jamoaning hozirda qayd etayotgan natijalariga munosabatingiz qanday?

- To‘g‘risi, ikkinchi davra jamoamiz uchun oson kechmayapti. Buni turnir jadvalidagi holatimizdan ham bilish mumkin. Lekin oldindagi bahslar va jamoamizning imkoniyatlaridan kelib chiqib aytsam, biz ligada qolish vazifasini uddalay olamiz. Bizda yaxshi jamoa shakllangan. O‘ylaymanki, qolgan turlarda yanada yaxshiroq natijalar qayd etib, oldimizga qo‘yilgan vazifani uddalay olamiz.

- 8 ta o‘yinda jamoa ligada qolish vazifasini uddasidan chiqishiga ishonasizmi?

- Ha, albatta. Bilasizmi, oldinda turgan har bir bellashuv biz uchun finalga teng bo‘ladi. Takrorlayman, ligada qolishga jamoamizning kuchi va imkoniyatlari yetadi. Hali hammasi oldinda. Asosiysi, bo‘lajak bahslarga yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. Vazifani ham uddalash mumkin.

- «So‘g‘diyona»da ajoyib mavsumlarni o‘tkazdingiz. U yerdagi faoliyatingizni qanday xotiralar bilan eslaysiz?

- Jizzaxdagi faoliyatim o‘rtacha bo‘ldi, deb o‘ylayman. Chunki xatolar bo‘ldi, ayrim bahslar ko‘ngildagidek kechdi. Shu sabab umumiy xulosa qiladigan bo‘lsam, hammasi o‘rtacha yakunlandi. Umuman olganda, jamoani faqat yaxshi xotiralar bilan yodga olaman.

- «Xorazm»dagi kelgusi taqdiringiz qanday kechadi?

- Klub bilan 2027-yilning oxirigacha amal qiladigan shartnomam bor. Avvalo, jamoani ligada olib qolish haqida o‘ylashimiz kerak. Vazifani uddalasak, keyin boshqa masalalar haqida o‘ylash mumkin. Hozir chalg‘ishni istamayman va jamoani ligada olib qolish uchun borimizni bermoqchimiz.

- Bu yilgi ishtirokingiz qanday kechmoqda?

- Bu yilgi o‘yinim haqida gapiradigan bo‘lsak, o‘zimning o‘yinimdan 100 foiz qoniqish hosil qilmayapman. Chunki turli jarohatlar bo‘ldi. Qolaversa, mavsum o‘rtasida yangi jamoaga moslashish jarayoni ham oson kechgani yo‘q. Qisqasi, mavsumdan ko‘nglim to‘lmayapti. Ammo qolgan bahslarda jamoamga yordam berish uchun harakat qilaman.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Xorazm Xorazm
Bugungi yangiliklar