Bugun
45
O'zbek

Islombek Kenjaboyev: «O‘zbekiston milliy jamoasida o‘ynashga o‘zimni tayyor deb hisoblayman»

Eksklyuziv
29 sentabr, 17:18
Kenjaboyev Tribuna.uz uchun intervyu berdi.
Islombek Kenjaboyev: «O‘zbekiston milliy jamoasida o‘ynashga o‘zimni tayyor deb hisoblayman»
Фото: Қизилқум ПФК

«Qizilqum» jamoasi bu mavsumni barqaror o‘tkaza olmayapti. Shunga qaramay, jamoa turnir jadvalida 10-o‘rinda bormoqda. Jamoa yetakchi o‘yinchilaridan biri bo‘lgan Islombek Kenjaboyev Tribuna.uz uchun intervyu berdi. Unda turli mavzular haqida so‘z yuritdi.

- Islombek, avvalo bu mavsumda jamoangizning ishtirokiga munosabatingiz qanday?

- Menimcha, mavsum davomida yaxshi o‘yinlar ham, kamchiliklar ham bo‘ldi. Albatta, bundan ham yaxshiroq natija qilishimiz mumkin edi. Hozir esa asosiy e’tiborimiz qolgan uchrashuvlarda maksimal natija ko‘rsatishga qaratilgan. Jamoa sifatida har bir o‘yinga bor kuchimizni berishga harakat qilyapmiz. Ishonamanki, mavsumni yanada yuqori o‘rinlardan birida tugata olamiz. Bunga jamoaning kuchi va salohiyati yetadi.

- Aynan nechanchi o‘rinda tugatishni maqsad qilgansizlar?

- Asosiy maqsadimiz chempionatni imkon qadar yuqori o‘rinda yakunlash. Buning uchun har bir uchrashuvda maksimal ochko olishimiz kerak. Jamoada yaxshi muhit bor va hammamiz bir maqsad yo‘lida ishlayapmiz.

- Qolgan 8 ta bellashuvda necha ochko olishni mo‘ljal qilyapsizlar?

- Aniq raqam aytishdan ko‘ra, qolgan barcha o‘yinlarda maksimal ochko olishni maqsad qilganmiz. Har bir uchrashuvda g‘alaba uchun maydonga tushamiz. Qancha ko‘p ochko olsak, mavsumni shuncha yaxshi natija bilan yakunlaymiz.

- Bu mavsumda o‘zingizning o‘yinlaringizdan qanchalik qoniqish hosil qilyapsiz?

- Shaxsan o‘zim uchun ham bu mavsumda yaxshi va qiyin davrlar bo‘ldi. Jarohatlar sabab ayrim uchrashuvlarni o‘tkazib yuborgan paytlarim ham bo‘ldi. Lekin hozir o‘zimni yanada yaxshi holatga olib kelish va jamoaga maksimal foyda keltirishga harakat qilyapman. O‘zimdan hali ko‘nglim to‘lgan deb ayta olmayman, chunki bundan ham yaxshiroq o‘ynashim va jamoaga ko‘proq yordam berishim mumkin. Qolgan o‘yinlarda o‘z imkoniyatimni to‘liq ko‘rsatishga harakat qilaman.

- Fabio Kannavaro Eronga qarshi bahs oldidan va keyin ham milliy jamoa eshiklari barcha uchun ochiqligini aytdi. Agar kim yuqori sport formasida bo‘lsa, uni yig‘inlarga jalb qilishini ta’kidladi. Siz ham O‘zbekiston milliy jamoasiga chaqiruv olishni o‘ylayapsizmi?

- Albatta, har bir futbolchi uchun milliy jamoada o‘ynash eng katta orzulardan biri. Men ham O‘zbekiston libosida o‘ynashni juda xohlayman. O‘zimni bunga tayyor deb hisoblayman. Agar murabbiylar shtabi menga imkoniyat bersa, ishonchni oqlash uchun bor kuchimni beraman. Lekin yakuniy qaror, albatta, murabbiylarga tegishli. Men esa o‘z ustimda ishlab, har bir o‘yinda o‘zimni ko‘rsatishda davom etaman.

- Kelajakdagi faoliyatingizni «Qizilqum»ga bog‘laysizmi yoki kelasi mavsumda sizni boshqa jamoada ko‘rishimiz mumkinmi?

- Hozircha mening asosiy e’tiborim «Qizilqum» bilan mavsumni yaxshi yakunlashga qaratilgan. Klubda o‘zimni yaxshi his qilyapman va jamoaga imkon qadar ko‘proq foyda keltirishni xohlayman. Kelajakda qanday qaror bo‘lishini esa vaqt ko‘rsatadi. Albatta, futbolchi sifatida rivojlanishim va yuqori darajada o‘ynashim uchun yaxshi imkoniyatlarni ham ko‘rib chiqaman.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Qizilqum Qizilqum
Bugungi yangiliklar