O‘zbek futbolining taniqli shaxslaridan biri, barcha muxlislarning sevimli futbolchilaridan biri bo‘lgan Server Jeparov haqida sizlarga ortiqcha ta’rifning hojati bo‘lmasa kerak. Futbolchilikdan keyin murabbiy sifatida gavdalanayotgan Jeparov Tribuna.uz nashriga intervyu berdi.
- Server Reshatovich, hozirda nima bilan shug‘ullanyapsiz?
- Bosh murabbiy sifatida va «Oqtepa» futbol klubida investor bo‘lib ishlayapman. «Oqtepa» ayni paytda O‘zbekiston birinchi ligasida ishtirok etmoqda.
- Biroq so‘nggi paytlarda bu yo‘nalishda sizni unchalik faol ko‘rmayapmiz. Shu bilan birga, siz xorijda ham murabbiylik amaliyotini o‘tagansiz. Nega hozir sizni murabbiylik sohasida faol ishlayotgan holda ko‘rmayapmiz?
- Bir soniyaga bo‘lsa ham murabbiylik ishini to‘xtatganim yo‘q. O‘rtada murabbiylik faoliyatimda qisqa tanaffus yuzaga keldi. Lekin shunda ham undan o‘zim uchun foydali narsani oldim. Klublarga malaka oshirish uchun bordim. Akademiyalarni ko‘rdim, murabbiylar bilan suhbatlashdim. Seleksionerlar, tahlilshunoslar bilan gaplashdim. Tahlilshunoslik borasida kurslarni tamomladim. Shuningdek, «Qayrat» FKda Qurbon Bekiyevich Berdyev; «Sochi» FKda Vladimir Valentinovich Fedotov; «Lokomotiv» FKda nemis mutaxassisi Jozef Tsinnbauer; «Dinamo» FKda Marsel Lichka (Chexiya); «Rubin» FKda Rashid Mamatqulovich Rashidov; «Torpedo» FKda Oleg Grigoryevich Kononov kabi mutaxassislarning ish uslublarini o‘rgandim. Bir yildan oshiqroq UEFA «A» litsenziyasi uchun o‘qidim va muvaffaqiyatli tamomladim. Vaholanki, menda OFKning «PRO» litsenziyasi ham bor. Ikki yil mobaynida menga O‘zbekiston Superligasidan aniq takliflar kelib tushmadi.
- Futbol maydonidan tashqarida ham sizga «Server Reshatovich» deb murojaat qilishadimi yoki ko‘proq shunchaki «Server» deb chaqirishadimi? Umuman, sizga hurmat yuzasidan ism-familiyangiz bilan emas, otangizning ismi bilan murojaat qilishlariga ko‘nikib qolganmisiz?
- Murabbiy bo‘lib ishlayotganingda, senga ismingni va otangning ismi bilan murojaat qilishlari quloqqa juda yoqimli chalinadi. Shunday ekan, bunday chaqiriqlarga allaqachon ko‘nikib ketganman.
- Murabbiy sifatidagi eng katta orzuingiz nima?
- O‘z oldiga yaxshi maqsadlar qo‘ygan klubni boshqarish, g‘alabalar qozonish, turnirlarni yutish, chempionatlarda muvaffaqiyatga erishish, terma jamoani ham boshqarish va u bilan jahon chempionatiga chiqishni orzu qilaman!
- O‘g‘lingiz Raul Jeparov hozir «Dinamo»da o‘ynayapti. Uning har bir uchrashuvini kuzatib borasizmi? Uning o‘yinini qanday baholaysiz?
- Uni rasman tabriklashni istayman. Superligada 19 yoshida debyut o‘tkazish oson emas. Men uning har bir uchrashuvini kuzatib boraman. Ta’kidlash kerakki, u debyut uchrashuvida o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi. Barcha o‘yinlarda intizomli harakat qilyapti, maydonda katta hajmda ishlayapti.
Menga eng ko‘p yoqadigan jihati — uning oldinga uzatmalari. Havodagi to‘plar uchun kurashda ham o‘ziga ishonchli harakat qiladi va ko‘p holatlarda duellarda g‘olib chiqadi. Uning hali oldida katta yo‘l bor. Unga faqat omad va muvaffaqiyat tilayman.
- O‘g‘lingiz «Dinamo»ga qanday o‘tib qoldi? Bu borada Vadim Abramov bilan shaxsan gaplashganmisiz?
- Uni o‘zim ishlayotgan «Oqtepa» klubida ilg‘ashdi. Men o‘g‘limni «Bunyodkor»dan bir yilga ijaraga olgandim. Chunki u jamoada yetarli darajada o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmadi. Birinchi liganing navbatdagi turida Samarqandda «Sherdor»ga qarshi o‘ynadik. O‘sha joyda o‘rinbosarlar murabbiyi Rafael Valeriyevich Balasanyan uni ilg‘ab qoldi. Aytishim kerakki, bu paytgacha ham Balasanyan o‘g‘limni tanirdi. Uchrashuvdan so‘ng u mendan o‘g‘limni o‘rinbosarlar jamoasiga berasizmi, deb so‘rab qoldi. Men bir shart bilan: «Dinamo»ning asosiy tarkibi bilan shug‘ullanish uchun sharoitlar yaratib berilsagina rozi bo‘lishimni aytdim. Shunda u Vadim Karlenovich bilan bu masalada gaplashdi. Toshkentdagi yig‘in chog‘ida Karlenovich bilan uchrashdim. Shundan so‘ng o‘g‘limning «Dinamo» klubiga o‘tishi yuz berdi. Karlenovich Raulni ko‘rib chiqishini aytdi. Keyin esa uni «Dinamo»ga mos keladi, degan xulosaga keldi. Shu tariqa Raulning Samarqand «Dinamo»siga o‘tishi amalga oshdi.
- Nega o‘g‘lingizga aynan Raul deb ism qo‘ygansiz? Bu «Real Madrid» safida o‘ynagan mashhur Raul Gonsales bilan bog‘liqmi?
- Futbolchi bo‘lganim sabab, ismi ham futbolchilarga xos bo‘lishini xohlaganman.
- O‘zbekiston milliy jamoasining Eron ustidan 3:1 hisobidagi g‘alabasi haqida nima deya olasiz?
- O‘yin chog‘ida yigitlar o‘zlarini a’lo darajada namoyish qilishdi. Ustiga-ustak, raqib ko‘proq xatoga yo‘l qo‘ydi. Bizning yigitlar esa bunday xatolardan samarali foydalanib qoldilar.
- Kannavaro tarkibni yosартiryapti va jiddiy rotatsiyalarni amalga oshiryapti. Shu bilan birga, bir qator yetakchi futbolchilar terma jamoaga chaqirilmadi. Bunday qarorlarga munosabatingiz qanday?
- Bunday amaliyotni terma jamoada ishlayotgan ko‘plab murabbiylar qo‘llashadi. Kannavaro ham o‘zbek futbolining kelajagi haqida o‘ylagani bois tarkibga ko‘proq yoshlarni jalb etmoqda. Bunday yoshlar o‘z navbatida tajribali o‘yinchilar bilan mahoratlarini oshirish uchun yetarlicha ko‘nikma hosil qilmoqdalar. Bunday ish orqali yaxshi futbolchilarni yetishtirish va ularning oldiga yuqori maqsadlar qo‘yilgan vazifalarni bajarishni belgilash kerak.
- Osiyo o‘yinlarida olimpiya jamoamiz yarim finalda Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi. Imkoniyatlarimizni qanday baholaysiz?
- Men bu yigitlarni o‘smirlar jamoasida ishlab yurgan paytimda seleksiya orqali yig‘ganman. Ko‘plab bolalarning potensiali va maydonda qanday ishlashlarini yaxshi bilaman. Ularda nafaqat Yaponiyani, balki butun turnirni yutish uchun va mamlakatimizga medallar bilan qaytish uchun yaxshi imkoniyat bor.
- Siz ikki marta Osiyoning eng yaxshi futbolchisi deb topilgansiz. Bu mukofotlarni olishingizni oldindan kutganmidingiz? Ikkinchi marta bu sovrinni qo‘lga kiritish birinchisiga qaraganda qiyinroq bo‘lganmi?
- Bu mukofotlarni qo‘lga kiritishimni oldindan kuta olmaganman. Lekin har doim g‘alaba qozonishni istaganman. Bunday xohish bolaligimdan bor. Bolalik chog‘larimda ham o‘ynasam, yutqazishni juda yomon ko‘rardim. Har bir uchrashuvni yutishga va o‘zimni ko‘rsatishga intilganman. Shunday bo‘ldiki, tashkilotchilar mening barcha sa’y-harakatlarimni ko‘rdilar va o‘zim haqimdagi hamma ma’lumotlarni to‘plashga tushdilar. Shu sabab eng yaxshisi sifatida tan olinganman!
- Siz O‘zbekistonda ham, Osiyoning turli klublarida ham faoliyat yuritgansiz. Qaysi klubda professionallikni eng yuqori darajada his qilgansiz?
- Men Koreya klublarida yuqori professionallik darajasini his qilganman. Xususan, «Seul», «Seongnam»da faoliyat yuritganman.
- Futbolchilik faoliyatingizga eng katta ta’sir ko‘rsatgan murabbiy kim bo‘lgan? U sizga boshqa mutaxassislar o‘rgatmagan nimani o‘rgatgan?
- O‘zim bilan ishlagan barcha murabbiylardan minnatdorman. Har biridan eng yaxshi saboqlarni va jihatlarni olishga harakat qilganman. Faoliyatim davomida ko‘plab murabbiylar menga ustozlik qilishdi. Ular o‘z navbatida qo‘llaridan kelgan narsani menga o‘rgatishdi. Ayniqsa, Viktor Romanovich Jalilovni alohida ko‘rsatib o‘tishim kerak. Aynan u kishi tufayli oliy ligaga chiqish uchun menda imkoniyat yuzaga kelgan. Afsus, endi bu inson oramizda yo‘q. Oxirati obod bo‘lsin.
- Jahon chempionatidan keyin futbolimizda qanday o‘zgarishlarni ko‘ryapsiz? Bizda pasayish kuzatilyaptimi yoki aksincha, rivojlanish davom etyaptimi?
- Infratuzilmalar rivojlanyapti, yangi akademiyalar barpo qilinmoqda. Terma jamoalar uchun yangi markaz qurib bitkazildi. Futbolning rivoji uchun qilinishi kerak bo‘lgan barcha shart-sharoitlar muhayyo qilinmoqda. O‘zbekiston chempionatiga kelsak, jahon reytingida Superligamiz 93-o‘ringa ko‘tarildi va oldingiga nisbatan uch pog‘ona yuqoriladi. Osiyoda esa bizning birinchiligimiz top-15 talikka kiradi, bu haqiqatga yaqin va men buni tasdiqlayman. O‘yinlarni tomosha qilish tobora qiziqarli bo‘lib boryapti, ayniqsa uchrashuvlarda stadionlar muxlislar bilan to‘layotgani quvonarli. Ayniqsa, bu borada «Andijon» futbol klubi fanatlariga alohida minnatdorlik bildirib o‘tmoqchiman.
- Ayni paytda qanday reja va maqsadlaringiz bor?
- Hozir mening jamoamda Proligaga chiqish vazifasi qo‘yilgan va biz buning ustida ishlayapmiz. Ayni chog‘da musobaqa jadvalida ikkinchi pog‘onani band etib turibmiz. Keyin pley-off boshlanadi. Shu yo‘l orqali Proligaga chiqish masalasi hal qilinadi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi