«Inter Mayami» hujumchisi Luis Suares Lionel Messi bilan faoliyatini birga yakunlash istagi borligini aytdi.
– Kim futbolchilik faoliyatini tezroq yakunlaydi: senmi yoki Messi?
– Bu savolga javob berish qiyin. Ammo hozircha futbol o‘ynashga kuchimiz yetar ekan, maydonda qolishda davom etamiz. Qilayotgan ishimizdan zavq olish, raqobat ruhini va g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqni saqlab qolishga harakat qilamiz.
– Sen bir necha bor Messi bilan bir vaqtda futboldan ketishni istashingni aytgansan. Hali ham undan: «Nima deb o‘ylaysan, Leo, birga ketamizmi?» deb so‘raysanmi?
– Ha, albatta. Ammo shunday payt kelishi mumkinki, unda futbol o‘ynash uchun hali kuch va ishtiyoq yetarli bo‘ladi, men esa bir kuni unga: «Do‘stim, sen davom et, men esa o‘zimning so‘nggi manzilimga yetib keldim», deyishim mumkin.
Hozircha esa jismoniy holatimiz yaxshi, baxtlimiz, maydonda namoyish etayotgan o‘yinimizdan zavq olyapmiz va yuqori saviyada futbol o‘ynashda davom etyapmiz. Bu muxlislar uchun ham muhim.
Faqat futbol o‘ynashda davom etish bilan yuqori saviyada o‘ynashda davom etish o‘rtasida katta farq bor. Shaxsan o‘zimni yaxshi formada his qilyapman, Leo ham yaxshi holatda. Bu esa bizga katta yordam berayotgan muhim omillardan biri, — dedi Suares Tot Costa nashriga bergan intervyusida.