Argentina milliy jamoasi yarimhimoyachisi Leandro Paredes futbol murabbiyi bo‘lish uchun ilk qadamni tashladi. U Rosario shahridagi ATFA maktabining murabbiylik kurslariga yozildi. Bu haqda ta’lim muassasasi matbuot xizmati xabar berdi.
«Leandro Paredesni Rosario shahridagi ATFA №193 maktabimizda katta mamnuniyat bilan kutib olamiz. U futbol murabbiyi bo‘lish maqsadida tahsil olishni boshlaydi. Bularning barchasi futbol beshiklaridan biri bo‘lgan shaharda amalga oshadi. Tajriba va kasbiy ta’lim bir-birini ajoyib tarzda to‘ldiradi, chunki futbolda doimo o‘rganish uchun nimadir topiladi. Bizga bildirgan ishonchi va ushbu yangi bosqich uchun aynan maktabimizni tanlagani uchun minnatdorchilik bildiramiz», — deyiladi ATFA bayonotida.
Paredes murabbiylik faoliyatiga tayyorgarlik ko‘rayotgan yagona argentinalik futbolchi emas. «Tottenhem» himoyachisi Kristian Romero ham futbolchilik faoliyatini davom ettirgan holda masofaviy murabbiylik kurslarida tahsil olmoqda.
Shuningdek, «Rosario Sentral» hujumchisi Anxel Di Mariya ham ushbu yo‘nalishda ta’lim olgan. U o‘quv dasturini to‘liq yakunlab, shu yil mart oyida aynan shu markazda murabbiylik diplomini rasman qo‘lga kiritgan.