Live
1
O'zbek

Samandar Meliboyev 1:8dan soʻng: «Klass — bu klass. Bizning oʻyinchilar esa havaskorlar»

Futbol
26 may, 16:40
«Havoqand» ustozida kubokdagi navbatdagi yirik magʻlubiyatdan soʻng oʻz fikrlarini bildirdi.
Samandar Meliboyev 1:8dan soʻng: «Klass — bu klass. Bizning oʻyinchilar esa havaskorlar»
Foto: Andijon FC
26.05.2026 FT Oʻzbekiston Kubogi Havoqand Havoqand 1 : 8 Andijon Andijon

Oʻzbekiston kubogi 2-turidan oʻrin olgan “Havoqand” – “Andijon” (1:8) oʻyinidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Samandar Meliboyev qatnashdi.

— Avvalo, butun Oʻzbekiston xalqini Qurbon Hayit bayrami bilan tabriklayman. Oʻyinga keladigan boʻlsak, har safar aytyapmiz, baribir klass – bu klass. Bu bilinib turibdi. Bizda havaskorlar. Ular futbolga noanʼanaviy yondashishyapti. Mayda-chuyda detallarga ham eʼtibor berib, katta futbolni unutib qoʻyishyapti. Hakamlarga gapiradimi-ey... Xullas, «Andijon» va «Nasaf»ni guruhdan chiqishganini tabriklayman. Kuchimiz yetmadi. Lekin bizni qoʻllab-quvvatlagan muxlislarga, tashkilotchilarga, Qoʻqon stadioniga, rahbariyatga minnatdorchilik bildiraman.

— «Andijon»ga qarshi oʻyinda tajriba borasida aynan nima oʻrgandik, deb oʻylaysiz?

— Birgina shu oʻyin emas, uchta oʻyin oʻtkazdik. 10 kun davomida katta futbolda yurdik. Oʻtgan yili ikkinchi ligada oʻynagandik. Bu yil birinchi ligaga chiqdik va hali unga moslashmasdan turib Superliga klublariga qarshi oʻynadik. «Andijon» juda yaxshi saviyada ketmoqda. Oʻz oʻyinini tiklab oldi. Yuqori darajasida turibdi. Guruhimizda «Andijon»ning oʻyini menga ancha maʼqul keldi. Baribir daraja bilindi. Futbolga yondashishi boshqacha. «Andijon»da milliy jamoaga munosib futbolchilar borligi koʻrinib turibdi. Biz koʻp narsa oldik, nafaqat futbolchilar, balki oʻzimiz ham koʻproq nimani ustida ishlashimiz kerakligi va kamchiliklarimizni bilib oldik.

— «Havoqand» dastlab «Nasaf»ga 1:6, keyin «Shoʻrtan»ga 1:4 hisobida yutqazdi. «Andijon»ga qarshi bellashuv oldidan natijani yana yiriklashib ketishi mumkinligidan qanchalik xavotirda edingiz?

— Xavotir boʻldi. Doim shunaqa yirik hisobda yutqazaverish ham hech kimga yoqmaydi. «Andijon» ham bor kuchi bilan oʻynadi, 1-oʻringa kurashdi, bu bilinib turdi. Ularga koʻp gollar kerak boʻlgan ekan, shuning uchun harakat qilishdi. Yarim kuch bilan oʻynashmadi. Shijoati ham koʻrinib turdi. Oxirigacha astoydil oʻynashdi. Himoyamizda ancha ish qilishimiz kerak ekan. Koʻproq gollar boʻlib ketishi boʻyicha xavotirimiz bor edi. Shu narsa boʻldi. Shunaqa qilib tajriba orttiramiz-da. Shundan toʻgʻri xulosa chiqarib, birinchi liga oʻyinlariga yondashishimiz kerak, — deya Meliboyevning soʻzlarini keltiradi «Andijon» matbuot xizmati.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Havoqand Havoqand
  • Andijon Andijon
  • Oʻzbekiston Kubogi Oʻzbekiston Kubogi
Bugungi yangiliklar