«Neftchi» Elit Chempionlar ligasining 2-turi doirasida Saudiya Arabistonining «An Nasr» klubiga qarshi maydonga tushadi. Farg‘onaliklar musobaqaning dastlabki turida Iroqning «Eyr Fors» jamoasini Zoran Marushichning 83-daqiqada kiritgan goli evaziga 1:0 hisobida mag‘lub etgan edi.
Quyida «Neftchi»ning navbatdagi raqibi haqida batafsil to‘xtalamiz.
«An Nasr» Saudiya Arabistoni futbolidagi eng nomdor va sovrindor klublardan biri hisoblanadi. Ar-Riyod jamoasi 1955-yil 24-oktyabr kuni tashkil topgan bo‘lib, 70 yildan ziyod tarixga ega.
Jamoa muxlislar orasida «Al-Alami», ya’ni jahon klubi hamda «Foris Najd» — Najd ritsarlari laqablari bilan mashhur. Klubning asosiy ranglari sariq va ko‘k bo‘lib, ular Saudiya Arabistoni cho‘llari hamda Arabiston yarimorolini o‘rab turgan dengizlarni ifodalaydi.
«An Nasr» o‘z uy uchrashuvlarini Ar-Riyod shahridagi «Al-Avval Park» stadionida o‘tkazadi. Qirol Saud universiteti hududida joylashgan ushbu arena 25 ming muxlisni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi. Stadion zamonaviy infratuzilmasi va muxlislarning faol qo‘llab-quvvatlashi bilan Saudiya Arabistonidagi mashhur futbol arenalaridan biri hisoblanadi.
«An Nasr» Saudiya Arabistoni chempionatida 11 marta g‘olib chiqqan. Bundan tashqari, klub mamlakat Qirol kubogi, Valiahd shahzoda kubogi va Superkubogini ham bir necha bor qo‘lga kiritgan. Ar-Riyodliklar tarix davomida «Al-Hilol» va «Al-Ittihod» bilan Saudiya Arabistoni futbolidagi yetakchilik uchun kurashib kelmoqda.
Jamoa 2025/26-yilgi mavsumda yetti yillik tanaffusdan so‘ng Saudiya Arabistoni chempionligini qo‘lga kiritdi. Mavsumda «An Nasr» 34 ta uchrashuvda 28 ta g‘alaba, 2 ta durang va 4 ta mag‘lubiyat qayd etib, 86 ochko jamg‘ardi. Jamoa eng yaqin ta’qibchisi «Al-Hilol»ni 2 ochkoga ortda qoldirdi va 91 ta gol bilan chempionatning eng sermahsul klubiga aylandi.
«An Nasr» xalqaro maydonda ham muhim yutuqlarga erishgan. Jamoa 1998-yilda Osiyo kubok egalari kubogini qo‘lga kiritgan. Hal qiluvchi uchrashuvda Janubiy Koreyaning «Suvon Samsung Blyuving» klubi 1:0 hisobida mag‘lub etilgan. O‘sha yili «An Nasr» Osiyo Superkubogida ham g‘olib chiqib, bir yilning o‘zida qit’a miqyosidagi ikkita sovringa ega bo‘lgan.
Aynan ushbu muvaffaqiyatlar jamoaga 2000-yilda Braziliyada o‘tkazilgan klublar o‘rtasidagi ilk Jahon chempionatida ishtirok etish imkoniyatini taqdim etgan. «AnNasr» ushbu musobaqada «Real», «Korintians» va «Raja Kasablanka» klublari bilan bir guruhdan joy olgan. Ar-Riyodliklar Marokash vakilini 4:3 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa-da, guruh bosqichidan chiqa olmagan.
Jamoani ayni paytda 61 yoshli avstraliyalik mutaxassis Anje Postekoglu boshqarmoqda. U 2026-yilning iyul oyida «An Nasr» bosh murabbiyi etib tayinlandi va klub bilan 2028-yilgacha mo‘ljallangan shartnoma imzoladi. Postekoglu bungacha Avstraliya milliy tjamoasi, «Yokogama F. Marinos», «Seltik», «Tottenhem» va «Nottingem Forest» klublarida faoliyat olib borgan. U Avstraliya milliy jamoasi bilan 2015-yilgi Osiyo kubogini, «Tottenhem» bilan esa 2024/25-yilgi Yevropa ligasini qo‘lga kiritgan.
«An Nasr» tarkib jihatidan nafaqat Saudiya Arabistoni, balki butun Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biri hisoblanadi. Klubning eng mashhur futbolchisi, shubhasiz, portugaliyalik Krishtianu Ronaldu sanaladi. Besh karra «Oltin to‘p» sohibi 2023-yilning yanvar oyidan buyon Ar-Riyod klubi sharafini himoya qilib kelmoqda. 41 yoshli hujumchi 2025/26-yilgi Saudiya Arabistoni chempionatida 28 ta gol kiritib, jamoasining chempionlikni qo‘lga kiritishiga muhim hissa qo‘shdi.
Ronaldu bilan bir qatorda jamoada Senegal milliy jamoasi hujumchisi Sadio Mane, Fransiya milliy jamoasida o‘ynagan Kingsli Koman, portugaliyalik Joau Feliks, braziliyalik darvozabon Bento, fransiyalik himoyachi Muhammad Simakan hamda ispaniyalik Inigo Martines kabi taniqli futbolchilar faoliyat olib bormoqda.
Jamoaning mahalliy futbolchilari orasida ham Saudiya Arabistoni milliy jamoasi vakillari ko‘p. Darvozabon Navof Al-Aqidiy, himoyachi Abdulilah Al-Amri, yarimhimoyachilar Abdulloh Al-Xaybariy va Ayman Yahyo, shuningdek, hujumchi Abdulloh Al-Hamdan 2026-yilgi jahon chempionati oldidan Saudiya Arabistoni milliy jamoasining yakuniy tayyorgarlik yig‘iniga jalb qilingan futbolchilar hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Elit Chempionlar ligasining 2-turidan o‘rin olgan «An Nasr» — «Neftchi» uchrashuvi 12-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Bahs Toshkent vaqti bilan 23:15 da start oladi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi