Live
4
O'zbek

Reynders va Rojers bilan Toshkentga kelgan «Al Qodisiya» — «Paxtakor»ning Elit Chempionlar ligasidagi navbatdagi raqibi haqida

Futbol
12 oktabr, 05:23
    11
Bahs Toshkent vaqti bilan 18:45 da start oladi.
Reynders va Rojers bilan Toshkentga kelgan «Al Qodisiya» — «Paxtakor»ning Elit Chempionlar ligasidagi navbatdagi raqibi haqida
Фото: Getty Images
12.10.2026, 09:45 Osiyo Chempionlar Ligasi Paxtakor Toshkent Paxtakor Toshkent - : - Al Qodasiya Al Qodasiya

Toshkentliklar musobaqaning dastlabki turida amaldagi chempion «Al Ahli» bilan 1:1 hisobida durang o‘ynagan edi. Navbatdagi raqibning tarixi, erishgan yutuqlari, tarkibi va bu mavsumdagi natijalariga batafsil to‘xtalamiz.

«Al Qodisiya» Saudiya Arabistonining sharqida joylashgan Al-Xobar shahri sharafini himoya qiladi. Klub 1967-yilda tashkil topgan bo‘lib, qariyb 59 yillik tarixga ega. Jamoa muxlislar orasida «Sharq ritsarlari» va «Sharqiy viloyat faxri» laqablari bilan mashhur.

2023-yilda Saudiya Arabistonining yirik neft kompaniyasi — «Saudi Aramco» klubni o‘z tasarrufiga oldi. Mazkur voqeadan keyin «Al Qodisiya»ning moliyaviy imkoniyatlari sezilarli darajada oshdi. Jamoa mamlakatning yetakchi klublari qatoriga kirish maqsadida katta sarmoya sarflashni boshladi.

«Al Qodisiya» o‘z uy uchrashuvlarini Dammam shahridagi shahzoda Muhammad bin Fahd stadionida o‘tkazadi. Ushbu arena 26 ming muxlisni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi. Shuningdek, klub uchun Al-Xobar shahrida 47 ming o‘rinli yangi «Aramco» stadioni barpo etilmoqda. Mazkur inshoot 2027-yilgi Osiyo kubogi va 2034-yilgi Jahon chempionati o‘yinlarini ham qabul qilishi rejalashtirilgan.

«Al Qodisiya» Saudiya Arabistoni chempionatida hozirga qadar oltin medallarni qo‘lga kiritmagan bo‘lsa-da, klub tarixida muhim sovrinlar mavjud. Jamoa 1991/92-yilgi mavsumda Saudiya Arabistoni Valiahd shahzoda kubogini, 1993/94-yilgi mavsumda esa mamlakat Federatsiya kubogini qo‘lga kiritgan.

Jamoaning xalqaro maydondagi eng katta yutug‘i ham 1993/94-yilgi mavsumga to‘g‘ri keladi. «Al Qodisiya» Osiyo kubok egalari kubogida g‘olib chiqib, qit’a miqyosidagi ilk yirik sovrinini qo‘lga kiritgan. O‘sha musobaqa finalida Saudiya Arabistoni vakillari Gonkongning «Saut Chayna» klubidan ustun kelgan.

So‘nggi yillarda «Al Qodisiya» rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarildi. 2023/24-yilgi mavsumda mamlakat birinchi divizionida g‘olib chiqqan jamoa Saudiya Arabistoni Pro ligasiga qaytdi. 2024/25-yilgi mavsumda esa chempionatni 4-o‘rinda yakunlash bilan birga, mamlakat Qirol kubogi finaliga qadar yetib bordi. Hal qiluvchi bahsda «Al-Ittihod»ga imkoniyat boy berildi.

2025/26-yilgi mavsumda ham «Al Qodisiya» yuqori natijalarni qayd etdi. Jamoa 34 uchrashuvda 77 ochko to‘plab, chempionatni yana 4-o‘rinda yakunladi. Mavsum davomida raqiblar darvozasiga 83 ta gol kiritildi va bu natija klubning hujumdagi imkoniyatlari qanchalik yuqori ekanini ko‘rsatdi.

Jamoani ayni paytda shimoliy irlandiyalik mutaxassis Brendan Rojers boshqarmoqda. U 2025-yilning 16-dekabr kuni «Al Qodisiya» bosh murabbiyi etib tayinlangan va klub bilan 2028-yilgacha mo‘ljallangan shartnoma imzolagan.

Rojers bungacha «Liverpul», «Suonsi», «Lester Siti» va «Seltik» klublarida faoliyat olib borgan. U «Lester» bilan Angliya kubogini, «Seltik» bilan esa Shotlandiya chempionligi va mamlakat kuboklarini qo‘lga kiritgan.

Rojers boshqaruvida «Al Qodisiya» hujumkor futbol namoyish etmoqda. Mutaxassis jamoa boshqaruviga kelganidan keyin klub mamlakat chempionatida ketma-ket 17 ta uchrashuvdan iborat mag‘lubiyatsiz seriya qayd etdi. Uning rahbarligida ligada o‘tkazilgan dastlabki 25 ta uchrashuvda jamoa atigi bir marta mag‘lubiyatga uchradi.

«Al Qodisiya» tarkib jihatidan ham Saudiya Arabistonining eng kuchli jamoalaridan biri hisoblanadi. Klubda Belgiya milliy jamoasi darvozaboni Kun Kastels, «Real»ning sobiq himoyachisi Nacho Fernandes, Urugvay milliy jamoasi a’zosi Naitan Nandes, germaniyalik Yulian Vaygl, Italiya milliy jamoasi hujumchisi Mateo Retegi hamda meksikalik Xulian Kinyones to‘p tepmoqda.

Ayniqsa, Xulian Kinones jamoaning asosiy hujum quroli hisoblanadi. Meksika milliy jamoasi futbolchisi 2025/26-yilgi Saudiya Arabistoni chempionatida 33 ta gol kiritib, musobaqaning eng yaxshi to‘purari aylandi. Uning yuqori natijalari 2026-yilgi «Oltin to‘p» sovriniga nomzodlar qatoriga kiritilishiga ham xizmat qildi.

Yozgi transferlar oynasida «Al Qodisiya» o‘z tarkibini yanada kuchaytirdi. Klub «Manchester Siti»dan Niderlandiya milliy jamoasi yarim himoyachisi Tijani Reyndersni transfer qildi. 28 yoshli futbolchi bilan besh yillik shartnoma imzolandi. Shuningdek, «Al Hilol»dan Muhammad Al-Qahtoniy va «Ar-Riyod»dan Sulton Horun singari mahalliy futbolchilar ham jamoaga qo‘shildi.

Jamoaning saudiyalik futbolchilari orasida ham milliy terma jamoa a’zolari bor. Ayniqsa, 23 yoshli Musab Al-Juvayr klubning asosiy o‘yinchilaridan biri hisoblanadi. Yarim himoyachi 2025/26-yilgi chempionatda 6 ta gol va 11 ta golli uzatmani qayd etib, mavsumning eng yaxshi saudiyalik futbolchisi deb topildi. Shuningdek, Yasir Al-Shahraniy va Turki Al-Amмар kabi mahalliy futbolchilar ham jamoa tarkibidan o‘rin olgan.

«Al Qodisiya» OFK Elit Chempionlar ligasidagi debyut uchrashuvini g‘alaba bilan boshladi. Jamoa 1-turda BAAning «Al-Vasl» klubini 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Mazkur bahsda Saudiya Arabistoni vakillarining gollariga Xulian Kinyones va Mateo Retegi mualliflik qildi.

«Al Qodisiya» mamlakat chempionatining joriy mavsumida ham yaxshi natijalar ko‘rsatmoqda. Jamoa dastlabki 7 ta uchrashuvda 5 ta g‘alaba, 1 ta durang va 1 ta mag‘lubiyat qayd etib, 16 ochko bilan turnir jadvalining 4-pog‘onasidan joy olgan. Ushbu uchrashuvlarda raqiblar darvozasiga 16 ta gol kiritilib, 8 ta to‘p o‘tkazib yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, Elit Chempionlar ligasining 2-turidan o‘rin olgan «Paxtakor» — «Al Qodisiya» uchrashuvi 12-oktabr kuni Toshkent shahridagi «Paxtakor» markaziy stadionida bo‘lib o‘tadi. Bahs Toshkent vaqti bilan 18:45 da start oladi.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Paxtakor Toshkent Paxtakor Toshkent
  • Al Qodasiya Al Qodasiya
  • Osiyo Chempionlar Ligasi Osiyo Chempionlar Ligasi
Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

11 izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar