«Al Qodisiya»ga qarshi bahs oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida «Paxtakor» yarimhimoyachisi Bashar Resan bo‘lajak o‘yin haqida fikr bildirdi.
«Albatta, qiyin bahs bo‘ladi. Raqibimiz so‘nggi ikki mavsum davomida Saudiya Arabistonining eng yaxshi jamoalaridan biri bo‘lib kelmoqda. Biz ham, ular ham yaqinda chempionat doirasida bittadan o‘yin o‘tkazdik.
Hozir biz tayyormiz. Bilasiz, sakkiz nafar futbolchimiz milliy terma jamoalar safida bo‘ldi. Ular O‘zbekiston, Iroq va boshqa mamlakatlarga safar qilishdi. Futbolchilar endigina qaytib kelishdi va vaqtlarining katta qismini tiklanishga sarflashdi.
Biz ushbu bahsga yaxshi tayyorgarlik ko‘ryapmiz va ertaga muxlislarimizni stadionda kutib qolamiz. Inshaalloh, yaxshi natijaga erishamiz. Bu o‘yinning qiyin kechishini hamma biladi va biz bunga tayyormiz», — dedi Resan.
Eslatib o‘tamiz, «Al Qodisiya»ga qarshi bahs 12-oktyabr kuni soat 18:45 da Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida boshlanadi.