Live
13
O'zbek

Ivan Boshkovich: «Maydonda aynan biz kutgan o‘yin ssenariysini ko‘rdim»

Futbol
10 oktabr, 03:20
Boshkovich matbuot anjumanida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Ivan Boshkovich: «Maydonda aynan biz kutgan o‘yin ssenariysini ko‘rdim»
Фото: Бунёдкор ПФК
09.10.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Paxtakor Toshkent Paxtakor Toshkent 3 : 1 Bunyodkor Bunyodkor

Toshkent derbisi doirasida «Bunyodkor» klubi «Paxtakor»ga 3:1 hisobida yutqazib qo‘ydi. Ushbu bahsdan so‘ng «Bunyodkor» bosh murabbiyi Ivan Boshkovich matbuot anjumanida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Barchangizga xayrli kech! O‘yin haqida gapiradigan bo‘lsam, birinchi navbatda natijadan qoniqmayapman. Jamoamning o‘yini va ko‘rsatgan sifatida kamchiliklar ko‘p bo‘ldi. Biroq ijobiy jihatlar ham bor edi, ayniqsa, ikkinchi bo‘limda.
Birinchi bo‘limda taxminan 20 daqiqa davomida o‘yin sur’atini nazorat qildik. Raqibda ham vaziyatlar bo‘ldi, bizda ham imkoniyatlar yuzaga keldi. Umuman olganda, o‘yindan oldin kutgan ssenariyimiz aynan shunday edi.

To‘pni olib qo‘yganimizdan keyin ayniqsa, markaziy hududda yuzaga kelgan vaziyatlardan foydalana olmadik. Hatto darvoza tomon zarba berishga ham erisha olmadik. Yuqori pressing orqali to‘pni qaytarib olishni va ikkinchi to‘plar uchun kurashishni talab qilgandim. Ammo aynan shu jarayondagi xatomiz tufayli gol o‘tkazib yubordik. Birinchi bo‘limda ikkinchi to‘plar uchun kurashda ham muammolar bo‘ldi.

Tanaffusda bu kamchiliklarni tuzatdik. Ikkinchi bo‘limda maydonga chiqib, ancha sifatli o‘yin namoyish etdik va kelishib olgan rejamizga amal qildik. Yigitlar barakalla, hatto o‘yinni o‘z foydamizga burishga ham yaqin keldik.
Gol urganimizdan keyingi 15–20 daqiqalik oraliq, raqib gol kiritguniga qadar bo‘lgan davr, menimcha, bugungi uchrashuvdagi eng yaxshi paytimiz bo‘ldi. O‘yin oxirigacha harakat qildik, zaxiradan futbolchilar tushirdik, hisobni tenglashtirishga urindik, ammo buning uddasidan chiqa olmadik.
Afsuski, so‘nggi daqiqalarda yana gol o‘tkazib yubordik. Natijada hisob 3:1 ko‘rinishini oldi. Shunga qaramay, bugun kuchli raqibga qarshi munosib o‘ynadik va jiddiy qarshilik ko‘rsatdik, deb o‘ylayman.

Meni quvontirgan jihatlardan biri — ikki nafar legionerimiz maydonga tushdi. O‘ylaymanki, ular jamoamizni yanada kuchaytiradi va Superligada qolish uchun zarur ochkolarni qo‘lga kiritishda mavsumning qolgan yettita uchrashuvida bizga yordam beradi.

- Men jamoangizni avvaldan kuzatib kelaman. Ilgari ko‘plab golli vaziyatlar yaratilardi, ammo ularni yakunlashda muammolar bor edi. Umuman, bizda vaziyatlardan foydalanish darajasi past. Sizning kelishingizdan keyin esa menimcha, jamoa kamroq vaziyat yarata boshladi. Bugun ham raqib ustunlik qilgandek ko‘rindi, sizlarda esa ikkita imkoniyat bo‘lib, ulardan birida gol urdingiz. Hozir himoyada ishonchliroq o‘ynash va kam sonli imkoniyatlardan foydalanishga qaratilgan muvozanatni tanlayapsizmi?

- Bugungi o‘yinni men ham ko‘rdim. Rost, yaqqol golli vaziyatlar ko‘p bo‘lmadi. Bu fikringizga qo‘shilaman. Ammo ishlashimiz kerak bo‘lgan jihatlar hali bor. «Paxtakor»ga qarshi o‘yinda raqib hujumlarini buzishni yaxshi uddalagan edik. Bu bizning rejamiz edi. Bugun ham markaziy hududda to‘pni ko‘p marta olib qo‘ydik va qarshi hujumga chiqish imkoniyatlariga ega bo‘ldik.

Biroq to‘pni hujumning uchinchi hududiga yetkazishda, son jihatidan ustunlik yuzaga kelgan vaziyatlarda undan foydalanishda muammolarga duch keldik. Hujumni yakuniga yetkazib, darvoza tomon zarba bera olmadik. Bu — kamchiligimiz. Ustida ishlashimiz kerak, menimcha, buni tuzatish mumkin.

Futbolchilarda mahorat bor. Ammo bugun qaror qabul qilishda, ehtimol, biroz shoshildik. O‘yin sur’ati yuqori bo‘lganda, yurak urishi tezlashganda, to‘g‘ri qaror qabul qilish qiyinlashadi. Shunday vaziyatlarda ham xotirjamlikni saqlashimiz zarur.

Yigitlar rejamizga amal qilishdi. Men maydonda aynan biz kutgan o‘yin ssenariysini ko‘rdim. Faqat yuzaga kelgan vaziyatlardan foydalana olmadik. Siz to‘g‘ri ta’kidladingiz: yaqqol golli vaziyatlar ko‘p bo‘lmadi, ammo ularni yuz foizlik imkoniyatlarga aylantirishimiz mumkin edi.

- Milliy jamoadan qaytgan futbolchilarning kayfiyati va holati qanday? Hakimov o‘tgan o‘yinda biroz maydonga tushdi. To‘lqinbekov esa terma jamoadagi uchrashuvlarda o‘ynadi. Muhammadodil esa terma jamoada atigi 5–10 daqiqa harakat qildi. Men jismoniy holatni emas, ko‘proq ruhiy va psixologik tomonni nazarda tutyapman. Bu borada fikringiz qanday?

- Aksincha, menimcha, ularda o‘ziga bo‘lgan ishonch bor. Ayniqsa, To‘lqinbekov Superligada o‘ynashga allaqachon moslashib bo‘lgan. Psixologik jihatdan ham bu ular uchun odatiy jarayonga aylangan, deb o‘ylayman.
Terma jamoaga chaqiruv olganidan keyin ular yanada katta ishonch va motivatsiya bilan qaytishi kerak. Menimcha, bugun yaxshi o‘yin ko‘rsatishdi. To‘lqinbekovni, ayniqsa, yaxshi bilaman. Ular bugungi tengma-teng kechgan o‘yinda jamoamizga yordam berishdi. Umid qilamanki, terma jamoaga chaqirilish ularning ruhiy jihatdan yanada o‘sishiga xizmat qiladi.

- Krivokapich adashmasam, iyul oyidan beri endi maydonga tushdi. Moliyaviy muammolar fonida uni yana maydonga qaytishga qanday ko‘ndirdingiz? Botti esa so‘nggi paytlarda qaydnomada ham ko‘rinmay qoldi. Avval bir-ikki uchrashuvda maydonga tushgandi.

- Bugun Krivokapich uzoq tanaffusdan keyin maydonga tushdi. Futbolchilar bilan jarohatlaridan keyin tiklanish bo‘yicha ishlayapmiz. Ularni optimal jismoniy holatga keltirishga harakat qilyapmiz. Toni o‘yindan oldin biroz kasal bo‘lib qoldi. Shu sababli u qaydnomaga kiritilmadi.

- «So‘g‘diyona» — sizning sobiq jamoangiz. Bu uchrashuv siz uchun alohida prinsipial ahamiyatga egami?

- Murabbiylik ishimning bir qismi — har bir raqibga qarshi jiddiy tayyorgarlik ko‘rish. Bu safar ham shunday bo‘ladi. Albatta, «So‘g‘diyona»da uzoq vaqt ishlaganman va u yerda yaxshi davrlarim o‘tgan. Ammo bu o‘yinga faqat g‘alaba qozonish niyati bilan tayyorlanaman. O‘tmishdagi hissiyotlarga berilish kerak emas. Agar hissiyotlar birinchi o‘ringa chiqsa, noto‘g‘ri qarorlar qabul qilish mumkin.
Shuning uchun professional bo‘lishimiz, jiddiy tayyorgarlik ko‘rishimiz va men yaxshi biladigan futbolchilarning xususiyatlaridan foydalanishimiz kerak. Xudo xohlasa, bu o‘yinda yaxshi natijaga erishamiz, deb ishonaman.

- «Bunyodkor» hozir uy uchrashuvlarini turli stadionlarda o‘tkazmoqda. Bunga maydon holati bilan bog‘liq muammolar sabab bo‘lmoqda. Jamoa «Jar» stadionida ham o‘ynadi. Elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolar ham borligi aytilgandi. Hozir stadion va maydon holatida o‘zgarishlar bormi? Qachon o‘z maydoningizga qaytishingiz mumkin?

- Umid qilamizki, maydon yaqin vaqt ichida tiklanadi va o‘z stadionimizda o‘ynay olamiz. Albatta, o‘z maydonimizda harakat qilish biz uchun osonroq bo‘ladi. Menimcha, yaqin 15 kun ichida maydon to‘liq tiklanishi mumkin. Maydon holati yaxshilanayotgani haqida ma’lumot bor. Ammo bu masala bizga bog‘liq emas. Bu uchrashuvni «Jar» stadionida o‘tkazishga harakat qildik, lekin buning imkoni bo‘lmadi. U yerda o‘ynashning iloji yo‘q. Menimcha, hozir «Jar»dagi gazon ham olib tashlangan.

Keyingi uchrashuvni qayerda o‘tkazishimizni hozircha bilmayman. Vaziyatdan chiqish yo‘lini topishimiz, kurashishda davom etishimiz kerak», - deya Boshkovichning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Paxtakor Toshkent Paxtakor Toshkent
  • Bunyodkor Bunyodkor
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar