«Liverpul» «Portu» vingeri Villiаm Gomesga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda A Bola nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mersisaydliklar 20 yoshli futbolchini Muhammad Salohning o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan nomzodlardan biri sifatida ko‘rmoqda. Bredli Barkolyaning jamoaga kelib qo‘shilganiga qaramay, «Liverpul» hujum chizig‘ini yanada kuchaytirish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Klub rahbariyati Gomesning o‘yinlarini kuzatib bormoqda va uni kelajakdagi transfer maqsadlaridan biri sifatida baholamoqda.
Yaqinda braziliyalik futbolchi «Portu» bilan shartnomasini 2031 yilgacha uzaytirdi. Yangi kelishuvdan so‘ng uning shartnomasida belgilangan tovon puli 80 million yevrodan 100 million yevroga oshirildi. Shunga qaramay, «qizillar» futbolchiga bo‘lgan qiziqishini saqlab qolmoqda.
Ushbu mavsumda Villiаm Gomes barcha musobaqalar doirasida 10 ta uchrashuvda maydonga tushib, 2 ta gol urdi va 2 ta assist amalga oshirdi.
Ma’lumot o‘rnida, Transfermarkt portali 20 yoshli futbolchining transfer narxini 30 million yevroga baholamoqda. Uning «Portu» bilan amaldagi shartnomasi 2031 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.