OFK Elit Osiyo Chempionlar ligasi 2-turidan o‘rin olgan «An Nasr» — «Neftchi» bahsi oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida mehmonlar bosh murabbiyi Islom Ismoilov bo‘lajak o‘yin va raqibning imkoniyatlari haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
— Assalomu alaykum! Raqibimiz — Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biri bo‘lgan «An Nasr». Ularning tarkibida jahon futbolida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, yuqori saviyali va katta tajribaga ega futbolchilar to‘p tepishadi.
Albatta, bu — biz uchun juda muhim uchrashuvlardan biri. Biz Ar-Riyodga shunchaki maydonga tushib, o‘yin o‘tkazish uchun emas, balki munosib natijaga erishish maqsadida keldik. Raqibning kuchini yaxshi bilamiz, shu bilan birga, o‘z imkoniyatlarimizga ham ishonamiz.
Bo‘lajak bahsda bor kuchimiz, mahoratimiz va jamoaviy birdamligimizni ishga solamiz. Maydonda oxirigacha kurashib, chiroyli futbol namoyish etish va Farg‘ona hamda butun O‘zbekiston xalqini xursand qilish uchun harakat qilamiz.
— «An Nasr» jamoasining tarkibi haqida qanday fikrdasiz?
— Juda kuchli futbolchilardan tarkib topgan jamoa. Ularning individual mahorati va xalqaro tajribasi yuqori ekanini yaxshi bilamiz. Biroq biz ham o‘z imkoniyatlarimizga ishonamiz. Raqibning kuchli tomonlarini hisobga olgan holda, o‘z o‘yinimizni namoyish etishga intilamiz. Asosiy maqsadimiz — maydonda munosib kurash olib borish, chiroyli futbol ko‘rsatish va ijobiy natijaga erishish.
— Krishtianu Ronaldu o‘yinini cheklash uchun alohida taktika ishlab chiqilganmi?
— Krishtianu Ronaldu — jahon futbolining eng yorqin yulduzlaridan biri. Uning mahorati, tajribasi va gol urish qobiliyatini alohida ta’kidlash mumkin. Unga hurmat bilan qaraymiz va uning imkoniyatlarini yaxshi tushunamiz. Ammo biz faqat Ronalduga qarshi emas, balki butun «An Nasr» jamoasiga qarshi o‘ynaymiz. Shu sababli asosiy e’tiborimiz raqibning umumiy o‘yiniga, jamoaviy harakatlariga va maydondagi vaziyatlarga qaratiladi. Biz uchun eng muhimi — intizomli harakat qilish, belgilagan rejalarimizga amal qilish va jamoa sifatida o‘z imkoniyatlarimizni namoyish etish.
Eslatib o‘tamiz, «An Nasr» — «Neftchi» o‘yini 12 oktabr kuni Ar-Riyod shahridagi «Al Avval Park» stadionida bo‘lib o‘tadi.
Islom Ismoilov: «Munosib natijaga erishish uchun keldik. «An Nasr» faqat Ronaldu emas»
Futbol
11 oktabr, 23:11
43
«Neftchi» bosh murabbiyi Elit OChL 2-turi doirasidagi o‘yin oldidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Foto: PFC Neftchi
12.10.2026, 14:15
Osiyo Chempionlar Ligasi
Al Nassr
-
:
-
Neftchi Fargona
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi