«Osasuna» klubi bosh murabbiy Luis Migel Ramis bilan hamkorlikni to‘xtatganini e’lon qildi.
Klub rasmiy sayti xabar berishicha, ispaniyalik mutaxassis bilan birgalikda uning murabbiylar shtabi ham jamoani tark etgan.
Ma’lumot uchun, Ramis o‘tgan yozda Pamplona jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangandi. Uning qo‘l ostida jamoa sakkizta uchrashuv o‘tkazib, ikkita g‘alaba qozondi, ikki marta durang o‘ynadi va to‘rtta bahsda mag‘lubiyatga uchradi. Hozirda «Osasuna» 8 ochko bilan La Liga turnir jadvalida 16-o‘rinda bormoqda.
Luis Migel Ramis murabbiylik faoliyati davomida «Burgos», «Espanyol», «Tenerife», «Albasete», «Almeriya», «Real Kastilya» hamda «Real» klubining 19 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar jamoasini boshqargan.
«Osasuna» murabbiylar shtabiga minnatdorchilik bildirib, ularning kelgusidagi faoliyatiga omad tilaydi. Yangi bosh murabbiy tez orada e’lon qilinishini ma’lum qilgan.