Madridning «Real» klubi va Vinisius Junior yangi shartnoma borasidagi muzokaralarni Jahon chempionatidan so'ng boshlaydi. Bu haqda AS nashri xabar berdi.
Manbaga ko'ra, tomonlar ta'tildan qaytgach uchrashishga kelishib olgan va mavsumoldi yig'in boshlanishidan oldin shartnoma masalasini hal qilishni rejalashtirmoqda.
Qayd etilishicha, Vinisius ham, «Real» rahbariyati ham hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor. Braziliyalik futbolchi klub prezidenti hamda boshqa rahbarlarga jamoada qolish istagini bildirgan va yangi shartnoma imzolashga tayyor ekanini ma'lum qilgan.
Madrid klubi ham 25 yoshli futbolchi bilan bitimni uzaytirishni rejalashtirmoqda. So'nggi muzokaralardan keyin Vinisiusning kelajagi borasidagi xavotirlar deyarli yo'qolgani ta'kidlanmoqda.
AS ma'lumotiga ko'ra, tomonlar bir oydan kam vaqt ichida kelishuvga erishishi mumkin. «Real» Vinisius yangi mavsumni yangi shartnoma bilan boshlashiga umid qilmoqda.