«Real» va «Barselona» «Manchester Siti» hujumchisi Erling Holandning 2027 yilda transferini amalga oshirish imkoniyatini o‘rganmoqda. Bu haqda TEAMtalk xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, har ikki klub norvegiyalik futbolchi kelasi yili faoliyatini o‘zgartirish variantini ko‘rib chiqishi mumkin, deb hisoblamoqda. Holand 2025 yil boshida «Manchester Siti» bilan to‘qqiz yillik yangi shartnoma imzolagan.
Avvalroq klub manbalari shartnomada futbolchining oldingi kelishuvlarida mavjud bo‘lgan tovon puli bandlari chiqarib tashlanganini bildirgandi. Biroq «Real» va «Barselona»ga yaqin manbalar Holand shartnomasida uning «Etihad»ni tark etishiga imkon beruvchi ayrim bandlar bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Shuningdek, Holand va «Manchester Siti» rahbariyati o‘rtasida norvegiyalik futbolchi o‘ziga yangi chaqiriq kerak, degan qarorga kelgan taqdirda vaziyatni muhokama qilish bo‘yicha kelishuv mavjudligi aytilmoqda. Hozircha hujumchi klubni tark etish istagini bildirmagan va «Manchester Siti»ga sodiq qolmoqda.