Jahon futbolida o‘z nomini tarixga yozib qoldirgan hakamlar ko‘p emas. Slavko Vinchich esa ana shunday nomlardan biri. Sloveniyalik tajribali hakam Yevropa Ligasi va Chempionlar Ligasi finallaridan keyin 2026 yilgi jahon chempionati finali — Ispaniya va Argentina o‘rtasidagi tarixiy uchrashuvni ham boshqardi. Qolaversa, u aynan shu o‘yindan so‘ng 26 yillik hakamlik faoliyatiga nuqta qo‘ydi.
Ammo Vinchichning jahon chempionati finalidan keyingi suhbati biz uchun yana bir jihati bilan alohida ahamiyatga ega. U odatdagidek yirik xorijiy OAVlardan biriga emas, o‘zbek jurnalistiga — Tribuna.uz’ga eksklyuziv intervyu berdi.
Suhbat davomida u mundial finaliga tayinlangan lahzalari, ko‘z yoshlari, Messi ishtirokidagi eng katta o‘yindagi bosim, hakamlikdagi eng muhim tamoyillar, VAR, futbolchilar bilan muloqot va 26 yillik faoliyati haqida ochiq gapirdi.
Eng muhimi, suhbatda O‘zbekiston futboli va hakamligiga ham alohida o‘rin berildi. Vinchich Ravshan Ermatovni «jahon hakamligining haqiqiy afsonasi» deb atadi, Ilg‘iz Tantashevning saviyasiga yuqori baho berdi va O‘zbekistonda hakamlik an’analari kuchli ekanini ta’kidladi.
Jahon chempionati finalini boshqargan hakam, 2026 yilgi mundialning bosh qahramonlaridan biri va 26 yillik faoliyatini eng yuqori nuqtada yakunlagan Slavko Vinchich bilan Tribuna.uz’ning eksklyuziv suhbatini taqdim etamiz.
- Slavko, siz 46 yoshingizda, FIFA jahon chempionati finalini boshqarganingizdan atigi bir hafta o‘tib, hakamlik faoliyatingizni yakunladingiz. Bu qarorni qachon qabul qilgan edingiz — finaldan oldinmi yoki keyin?
- Men bu qarorni finaldan oldin qabul qilganman. Aslida finalni boshqarishimni bilganimdan ancha oldin bu qarorni qabul qilib bo‘lgan edim. Jahon chempionati mening faoliyatimdagi so‘nggi turnir bo‘lishini allaqachon belgilab qo‘ygan edim. Shuncha yil yuqori darajada faoliyat yuritganimdan so‘ng faoliyatimni yakunlash uchun aynan shu payt to‘g‘ri ekanini his qildim.
Albatta, faoliyatim bunday yakun topishini tasavvur ham qila olmasdim. Karyeramni jahon chempionati finali bilan yakunlash — hatto xayolimga ham kelmagan darajadagi voqea edi. Final mening qarorimni o‘zgartirmadi, shunchaki faoliyatimning yakunini mukammal qildi.
- Ispaniya — Argentina finali, shubhasiz, hakamlik faoliyatingizdagi eng muhim uchrashuv bo‘lgan. Bu o‘yinga tayyorgarlik jarayonida oddiy uchrashuvlarga qaraganda nimalarga ko‘proq e’tibor qaratdingiz? Hakam ham jahon chempionati finali oldidan futbolchi kabi hayajon va bosimni his qiladimi?
- Eng muhimi, tayyorgarlik jarayonini imkon qadar odatdagidek saqlab qolish edi. Albatta, har ikki jamoani juda chuqur tahlil qilasiz: ularning taktikasi, alohida futbolchilari, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatlar, futbolchilarning xulq-atvori va uchrashuv davomida sizga yordam berishi mumkin bo‘lgan barcha jihatlarni o‘rganasiz. Ammo meni shu darajaga olib kelgan odatiy tartibni birdaniga o‘zgartirishni istamadim.
Hissiy jihatdan esa vaziyat boshqacha. Bu jahon chempionati finali ekanini va yuzlab million odam sizni kuzatayotganini bilasiz. Shuning uchun albatta, hayajon ham, asabiylik ham bo‘ladi. Hech narsa his qilmasangiz, menimcha, buning o‘zi g‘alati bo‘lardi. Lekin o‘yin boshlanishi bilan hamma narsa o‘zgaradi. Birinchi hakam hushtagi yangraganidan keyin jahon chempionati finali haqida o‘ylay olmaysiz. Siz faqat navbatdagi vaziyat, navbatdagi qaror va keyingi lahza haqida o‘ylashingiz kerak.
- Sizni finalni boshqarish uchun tayinlashgan lahzani ko‘rdik. Pyerluidji Kollina sizni tanlanganingizni e’lon qilganida, juda ta’sirlandingiz va hatto ko‘z yoshlaringizni tiya olmadingiz. Rostini ayting, finalni boshqarish uchun aynan siz tanlanishingizni kutganmidingiz?
- Buni kutgan edim, deb aytmagan bo‘lardim. Ammo, albatta, umid qilganman. Bu insonga xos hissiyot. Turnirning so‘nggi bosqichlarigacha yetib kelganingizda va yaxshi ishlaganingizni bilganingizda, tabiiy ravishda biroz orzu qilishga o‘zingizga imkon berasiz. Lekin realistik nuqtai nazardan qaraganda, imkoniyatimni ko‘pi bilan 20 foiz deb o‘ylagandim.
Shuningdek, jahon chempionati finaliga hakam tayinlanishi faqat uning mahoratiga bog‘liq emasligini juda yaxshi tushunardim. Bunday qaror qabul qilinishidan oldin ko‘plab omillar hisobga olinadi: turnir davomidagi natijalar, tajriba, umumiy vaziyat va hakamlik rahbariyati e’tibor qaratishi kerak bo‘lgan turli jihatlar.
Juda ko‘plab kuchli hakamlar bor va ulardan faqat biri tanlanishi mumkin. Mening holatimda esa barcha yulduzlar bir nuqtada tutashgandek bo‘ldi. Hamma narsa aynan kerakli paytda bir joyga jamlandi. Shuning uchun hakamlik rahbariyatiga, ayniqsa janob Kollina va janob Busakkaga menga hamda jamoamga bildirgan ishonchlari uchun cheksiz minnatdorman.
Pyerluidji tayinlovni e’lon qilganida, bu nihoyatda hissiyotli lahza bo‘ldi. O‘sha paytda xayolimdan juda ko‘p narsalar o‘tdi: oilam, jamoam, Sloveniya, ko‘p yillik mehnatim, qiyin davrlar, qurbonliklar va faoliyatim davomida menga yordam bergan barcha insonlar.
Shuning uchun ham hissiyotlarimni tiya olmadim. Bu faqat bitta uchrashuvga tayinlanganim bilan bog‘liq emas edi. Bu — butun bosib o‘tgan yo‘lim bilan bog‘liq edi va menga futbolning eng katta sahnasida bu yo‘lni yakunlash imkoniyati berilganini anglash edi.
- Tabiiyki, finalda sizga juda katta bosim bo‘lgan: bu jahon chempionati finali edi, butun dunyo nigohini sizga qaratgan, qolaversa, Argentina safida Lionel Messi maydonga tushgan. Hissiyotlarni chetga surib, maydondagi vaziyatlarni nazorat qilishga qanday qilib to‘liq e’tibor qarata oldingiz?
- Albatta, bosim juda katta edi. Gap sport taqdim eta oladigan eng katta o‘yin haqida ketyapti. Yuzlab million odam uchrashuvni tomosha qiladi, nihoyatda ko‘p muxlislar esa unga hissiy jihatdan bog‘langan bo‘ladi. Terma jamoalar o‘ynayotganda esa yana bir qo‘shimcha jihat paydo bo‘ladi — milliy g‘urur, butun bir mamlakatning umidlari va futboldan ancha kengroq bo‘lgan hissiyotlar.
Men uchun esa buning yana bir shaxsiy tomoni bor edi. Bu hakamlik faoliyatimdagi so‘nggi uchrashuv bo‘lishini bilardim. Finaldagi harakatlarim va ko‘rsatgan ishim ko‘p jihatdan butun faoliyatim haqidagi so‘nggi taassurotga aylanishini anglardim. 26 yil davomida erishgan barcha yutuqlarim qandaydir ma’noda ana shu 90 daqiqa ichida bir nuqtaga jamlanishi kerak edi. Bu esa o‘z-o‘zidan alohida mas’uliyat yuklaydi.
Lekin bunday fikrlarni qarorlaringizga ta’sir qilishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. O‘yin boshlanishi bilan e’tiboringizni maydonda sodir bo‘layotgan voqealarga qaratishingiz kerak. Bu uchrashuvning naqadar muhim ekani, millionlab odamlar tomosha qilayotgani yoki maydondagi futbolchilarning ismlari haqida o‘ylash mumkin emas. Siz futbolchining ismiga emas, vaziyatga hakamlik qilishingiz kerak.
Tajriba bunday bosimni boshqarishga yordam beradi. Tayyorgarligingizga, jamoangizga va o‘zingizga ishonasiz. E’tiboringizni keyingi vaziyat, keyingi qaror va keyingi lahzaga qaratasiz. Xotirjam qolish va uchrashuvga munosib hakamlik qilishning yagona yo‘li shu.
- Faoliyatingiz davomida UYeFA Chempionlar ligasi finali, UYeFA Yevropa ligasi finali va endi FIFA jahon chempionati finalini boshqardingiz. Ushbu uch finalni taqqoslasangiz, qay biri siz uchun eng qiyini bo‘lgan va nima uchun?
- Men ularni aslida o‘zaro reyting qilmagan bo‘lardim. Chunki bu finallarning har biri o‘zgacha ahamiyatga va o‘zgacha salmoqqa ega. Yevropa ligasi finali mening Yevropa miqyosidagi ilk yirik finalim edi. Buni inson hech qachon unutmaydi. Bunday darajaga birinchi marta chiqqaningizda mas’uliyat va hissiyotlarning mutlaqo boshqacha turini boshdan kechirasiz. Bu faoliyatimdagi muhim bosqichlardan biri bo‘lgan.
Chempionlar ligasi finali va jahon chempionati finali esa ko‘p jihatdan futboldagi eng katta ikki o‘yin hisoblanadi. Chempionlar ligasi finali klub futbolidagi eng yuqori nuqta va har bir UYeFA hakami orzu qiladigan uchrashuvdir. Ushbu finalga hakam sifatida tanlanish — favqulodda katta yutuq.
Jahon chempionati finali esa xalqaro futboldagi eng yuqori darajadagi uchrashuvdir. Bu yerda yana bir qo‘shimcha jihat bor — terma jamoalar butun boshli mamlakatlarning sharafini himoya qiladi. Milliy g‘urur, ulkan hissiyotlar va millionlab odamlarning umidlari mavjud.
Dunyo miqyosidagi auditoriya, unga bo‘lgan e’tibor va tadbirning ko‘lamiga nazar tashlasangiz, jahon chempionati finali, shubhasiz, umuman sport olamidagi eng katta o‘yindir. Shuning uchun finallardan birini boshqasidan men uchun muhimroq deb aytmagan bo‘lardim. Ularning har biri faoliyatimning turli bosqichlariga to‘g‘ri kelgan, har biri o‘zining qiyinchiliklarini olib kelgan va ularning har biri xotiralarimda alohida va juda muhim o‘ringa ega bo‘lib qoladi.
- Hakamlikdagi eng qiyin jihat qoidani buzish holatini aniqlash emas, balki atigi bir necha soniya ichida to‘g‘ri qaror qabul qilishdir. Bunday ulkan bosim ostida to‘g‘ri qaror chiqarish qobiliyatini qanday shakllantirgansiz?
- Tajriba, ehtimol, eng muhim omil. Qaror qabul qilishni faqat kitob o‘qish orqali o‘rganib bo‘lmaydi. Bu qobiliyat yuzlab va yuzlab uchrashuvlar davomida, xatolar orqali shakllanadi. Ba’zida noto‘g‘ri qaror qabul qilgan vaziyatlaringiz sizga hamma narsa mukammal kechgan uchrashuvlardan ko‘ra ko‘proq saboq beradi.
Tayyorgarlik ham nihoyatda muhim. Hakamlikda oddiy bir tamoyil bor: to‘g‘ri pozisiya — to‘g‘ri ko‘rish — to‘g‘ri qaror. Agar siz to‘g‘ri pozisiyada bo‘lsangiz, vaziyatni imkon qadar yaxshi ko‘rish imkoniga ega bo‘lasiz. Bu esa to‘g‘ri qaror qabul qilish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotni beradi.
Yana bir muhim jihat — faoliyatingiz davomida futbolchilar bilan shakllantiradigan ishonch. Siz bu ishonchni uchrashuvlarga yondashuvingiz, futbolchilarga bo‘lgan hurmatingiz va umuman futbolni yaxshi tushunishingiz orqali qozonasiz. Eng muhimi esa — izchillik va qat’iyat orqali bu ishonchni mustahkamlaysiz.
Futbolchilar hakam o‘z harakatlariga qanchalik ishonch bilan yondashayotganini his qiladi. Ular sizga ishonsa, hatto qaroringiz to‘g‘ri ekaniga to‘liq ishonch hosil qilmagan taqdirda ham uni qabul qilishga ko‘proq moyil bo‘ladi. Agar ba’zida xato qilsangiz ham futbolchilarning sizga bo‘lgan ishonchi vaziyatni boshqarish va uchrashuv nazoratini saqlab qolishingizga yordam beradi.
Biroq, albatta, barcha narsaning asosi — to‘g‘ri qaror qabul qilish. Ishonch va shaxsiy avtoritet qiyin vaziyatdan chiqib ketishga yordam berishi mumkin, lekin ular hech qachon sifatli hakamlikning o‘rnini bosa olmaydi.
Va nihoyat, o‘zingizga ham ishonishingiz kerak. Eng yuqori darajadagi futbolda ba’zan ikkilanish qiyin qarorning o‘zidan ham ko‘proq zarar keltirishi mumkin. Qo‘lingizdagi ma’lumotni tahlil qilasiz, qaror qabul qilasiz va oldinga harakatlanasiz.
- VAR zamonaviy hakamlikni sezilarli darajada o‘zgartirdi. Sizningcha, VAR asosan hakamlarga yordam berdimi yoki ba’zi holatlarda ularning maydondagi avtoritetini pasaytirdimi? Ideal hakamlik nuqtai nazaridan qaraganda, VAR aslida qay darajada aralashishi kerak?
- Umuman olganda, VAR futbolga ham, hakamlarga ham yordam berdi. U o‘yin taqdiriga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan vaziyatdagi aniq xatoni tuzatish imkonini beradi. Bu juda muhim. Lekin VAR hech qachon hakamning o‘rniga o‘yinga hakamlik qilmasligi kerak.
Maydondagi hakam o‘yinni nazorat qilish va qarorlar qabul qilish uchun asosiy mas’ul bo‘lib qolishi shart. Menimcha, VAR uchun ideal aralashuv — hakam aniq xato qilgan yoki jiddiy vaziyatni ko‘rmay qolgan holatdir.
Aksariyat vaziyatlarda VAR hakamning aniq va yaqqol xato qilganini juda tez aniqlay olishi kerak. Shunday holatda aralashuv ham tushunarli bo‘ladi va nima uchun bu zarur bo‘lganini hamma anglaydi.
Muammo esa videotasvirni ko‘rib chiqish juda uzoqqa cho‘zilganda boshlanadi. Bir necha daqiqa davomida vaziyatni turli rakurslardan ko‘rib, qarorni o‘zgartirish uchun sabab izlaymiz. Ana shu nuqtada nafaqat futbolchilar, balki o‘yinni kuzatayotgan tomoshabinlarning ham bu jarayonga bo‘lgan ishonchi so‘nishi mumkin.
Albatta, ayrim vaziyatlar haqiqatan ham murakkab bo‘ladi va ularni tahlil qilish uchun ko‘proq vaqt talab etiladi. Ammo, umumiy holatda, agar xatoni topish uchun juda uzoq vaqt izlanishimizga to‘g‘ri kelsa, o‘zimizga savol berishimiz kerak: bu xato haqiqatan ham aniq va yaqqolmi?
Eng yaxshi VAR — faqat haqiqatan zarur bo‘lgan paytda aralashadigan, qolgan holatlarda esa hakam va o‘yinga tabiiy ravishda davom etish imkonini beradigan VARdir.
- Siz futbolchilar bilan muloqot qilish uslubingiz bilan ham mashhursiz. Qachon futbolchiga nisbatan qat’iy munosabatda bo‘lish kerakligini, qachon esa uni tinchlantirib, boshqacha yondashuv asosida muloqot qilish ma’qulligini qanday belgilaysiz?
- Har bir futbolchi va har bir vaziyat o‘ziga xos. Hatto bir o‘yinning o‘zida ham vaziyat va uchrashuvdagi umumiy kayfiyatga qarab yondashuvingizni doimiy ravishda o‘zgartirib turishingizga to‘g‘ri keladi. Ba’zida oddiygina tabassum yoki bir-ikki og‘iz xotirjam gap sariq kartochkadan ko‘ra vaziyatni ancha yaxshiroq hal qilishi mumkin. Boshqa paytlarda esa futbolchilarga ma’lum bir chegaradan oshib bo‘lmasligini ko‘rsatish uchun tezkor reaksiya, jiddiy nigoh yoki qat’iy ogohlantirish zarur bo‘ladi.
Hakam futbolni qanday o‘qisa, odamlarni ham shunday tushuna olishi kerak. Qachon ko‘proq muloqot qilish, qachon esa qat’iyroq reaksiya bildirish zarurligini his qilishingiz kerak. Eng muhimi — har bir vaziyatda to‘g‘ri yondashuvni va to‘g‘ri vaqtni tanlay bilish.
Men doimo amal qilgan tamoyillardan biri shu edi: yaxshi muomalada bo‘l, ammo qat’iyatli bo‘l.
Futbolchilarni hurmat qiling, ular bilan muloqot qiling va o‘yindagi hissiyotlarni tushunishga harakat qiling. Ammo qaror qabul qilish yoki o‘yinni nazorat ostida ushlab turish kerak bo‘lganda, qat’iyatli bo‘lishdan qo‘rqmaslik lozim. Odatda, futbolchilar hakamning qarorlari adolatli, izchil va hurmat asosida qabul qilinayotganini his qilsalar, uning qat’iy qarorlarini ham qabul qilishadi.
- Faoliyatingiz davomida sizga eng katta ta’sir ko‘rsatgan yoki hakam sifatida rivojlanishingizga eng ko‘p hissa qo‘shgan inson kim bo‘lgan? Masalan, Pyerluidji Kollina bilan suhbatlaringiz va muloqotlaringizdan nimalarni o‘rgangansiz?
- Faqat bir insonning nomini aytish adolatdan bo‘lmaydi, chunki faoliyatimning turli bosqichlarida menga ko‘plab insonlar yordam bergan. Sloveniyadagi faoliyatim haqida gapiradigan bo‘lsam, avvalo, hakamlikni boshlashimga undagan va birinchi ustozim bo‘lgan amakimni tilga olishim kerak. Shuningdek, mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan keyin Sloveniya hakamligi rivojida muhim o‘rin tutgan va UYeFA Hakamlar qo‘mitasi a’zosi bo‘lgan Vlado Shaynni ham alohida qayd etgan bo‘lardim. U mening hakam sifatida shakllanishimda, shuningdek, umuman Sloveniya hakamligining rivojida muhim rol o‘ynagan.
Eng yuqori darajadagi faoliyatimda esa Pyerluidji Kollina mening rivojlanishimga, shubhasiz, juda katta ta’sir ko‘rsatgan. 2010 yilda xalqaro toifadagi hakamga aylanganimda, u UYeFA Hakamlar qo‘mitasi raisi edi. Shu ma’noda, xalqaro darajadagi hakam sifatida ko‘p jihatdan uning rahbarligi ostida shakllandim.
U hakamlikning har bir jihatida mutlaq professionallikni talab qilardi. Bu tayyorgarlik, xulq-atvor va albatta, jismoniy holatni ham qamrab olardi. U bir narsani juda aniq tushuntirardi: agar eng yuqori darajada hakamlik qilishni istasangiz, har bir yo‘nalishda eng yuqori standartlarga javob berishga tayyor bo‘lishingiz kerak.
Undan olgan eng muhim saboqlarimdan biri shu bo‘ldi: iste’dodning o‘zi hech qachon yetarli emas. Bunday darajada tayyorgarlik deyarli o‘ta yuqori darajadagi talabchanlikni talab qiladi.
Shuningdek, Roberto Rozetti va UYeFA Hakamlar qo‘mitasining hozirgi boshqa a’zolarini ham albatta tilga olishim kerak. Yillar davomida ulardan juda ko‘p narsa o‘rgandim. Ularning ko‘rsatmalari, seminarlari va ko‘plab suhbatlarimiz orqali ular menga nafaqat hakam sifatida, balki inson sifatida ham rivojlanishimga yordam berishdi. Ular hakamlikni qalbimga yanada yaqinlashtirib, futbolga bo‘lgan ishtiyoqimni yanada kuchaytirishdi.
Men tilga olgan barcha insonlar eng yuqori darajada juda muhim bo‘lgan jasorat, shaxsiy xarakter va izchillikni rivojlantirishimga yordam berishdi. Ularning tajribasi va maslahatlari menda o‘z kuchingizga ishonish, biroq doimo yangi narsalarni o‘rganish va o‘z ustiңizda ishlashga ochiq bo‘lish kerak, degan ishonchni yanada mustahkamladi.
Men uchun eng qadrli jihat shu bo‘ldiki, ular menga ishonishdi. Shunchalik katta bilim va tajribaga ega insonlar sizga ana shunday ishonch bildirsa, bu sizga kuch beradi va yanada rivojlanish uchun katta motivatsiya bo‘ladi. Shuning uchun ortimga nazar tashlar ekanman, faoliyatimni ko‘plab insonlar ta’sirida shakllangan uzoq yo‘l sifatida ko‘raman. Ularning barchasidan minnatdorman. Chunki har biri mening bugungi hakam va inson sifatida shakllanishimga o‘zining muhim hissasini qo‘shgan.

- Siz 2022 yilgi jahon chempionatida ham ishlagan edingiz, 2026 yilda esa turnir finaligacha yetib bordingiz. To‘rt yil ichida jahon chempionatida hakamlik qilishda nimalar o‘zgardi? Bu davr mobaynida o‘zingizda qanday o‘zgarishlarni his qildingiz?
- Futbol tobora tezlashib bormoqda va hakamlarga qo‘yilayotgan talablar ham muttasil ortib bormoqda. Texnologiya hakamlik jarayoniga yanada chuqurroq integratsiya qilindi, tahlil va tayyorgarlik darajasi esa nihoyatda mufassal tus oldi. Shu bilan birga, har bir qarorga nisbatan jamoatchilikning e’tibori ham ancha kuchaydi. Ammo shaxsan men uchun 2022 va 2026 yillar o‘rtasidagi eng katta farq — tajriba bo‘ldi.
2026 yilga kelib, men ancha xotirjam edim. Muhitni yaxshi bilardim, bosimni qanday qabul qilishni tushunardim va o‘zimga ko‘proq ishonardim. Bunday tajribani pulga sotib olib bo‘lmaydi. Menimcha, bu to‘rt yil davomida butunlay boshqa hakamga aylanib qolmadim. Shunchaki, avval qanday hakam bo‘lgan bo‘lsam, o‘sha hakamning yanada yetukroq versiyasiga aylandim.
- O‘zbekistonlik hakam Ilgiz Tantashev ham bu yilgi jahon chempionatida ishladi. U turnirda uchta uchrashuvni boshqarganidan xabaringiz bormi? Umuman, O‘zbekiston hakamlari haqida qanday fikrdasiz?
- Albatta, bundan xabarim bor. Men Ilgiz bilan ko‘p yillardan beri turli xalqaro turnirlar va hakamlik seminarlari orqali tanishman. Biz do‘st hammiz. U juda yuqori saviyadagi hakam va menimcha, AQSHda o‘tkazilgan jahon chempionatidagi hakamligi buni yana bir bor namoyish etdi. Jahon chempionatida uchta uchrashuvni boshqarish — katta yutuq. Bu, shuningdek, FIFA unga qanchalik yuqori darajada ishonch bildirishini ham ko‘rsatadi.
O‘zbekistonning hakamlik borasida juda yaxshi an’analari bor. Mamlakatingiz eng yuqori xalqaro darajada faoliyat yuritgan hakamlarni yetishtirib chiqargan. Bu esa tasodifan yuz bermaydi.
Ilgiz uchun ham, O‘zbekiston hakamligi uchun ham juda xursandman. U o‘z rivojlanishida davom etishiga va kelajakda yana ko‘plab muhim uchrashuvlarga tayinlanishiga umid qilaman.
- Hamyurtimiz Ravshan Ermatov jahon chempionatlarida rekord darajadagi 11 ta uchrashuvni boshqargani bilan mashhur. Siz ham u bilan bir davrda xalqaro maydonda faoliyat yuritgansiz. Ermatovni hakam sifatida qanday ta’riflagan bo‘lardingiz?
- Ravshan — jahon hakamligining haqiqiy afsonasi va jahon chempionatlari tarixida o‘zidan katta iz qoldirgan hakamlardan biri. Jahon chempionatlarida 11 ta uchrashuvni boshqarish — favqulodda katta yutuq. Uchta jahon chempionati davomida shuncha ko‘p uchrashuvga tayinlanish FIFA uning hakamligiga qayta-qayta ishonch bildirganini anglatadi.
Afsuski, biz bir davrda xalqaro maydonda faoliyat yuritgan bo‘lsak-da, shaxsan uchrashish imkoniyatiga ega bo‘lmaganmiz. Umid qilamanki, kelajakda bunday imkoniyat bo‘ladi.
- Jahon chempionati finali hakamlik faoliyatingizdagi so‘nggi uchrashuv bo‘ldi. Agar faoliyatingizning ilk kunida kimdir sizga: «Bir kun kelib, jahon chempionati finalini boshqarasiz va aynan shu uchrashuvdan keyin hakamlik faoliyatingizni yakunlaysiz», degan bo‘lsa, unga ishonarmidingiz?
- Aslo ishonmasdim. 21 yoshimda hakamlikni boshlaganimda, hatto Sloveniya chempionatining oliy divizionigacha yetib borish ham men uchun juda olis maqsaddek tuyulardi. Keyinchalik xalqaro toifadagi hakam bo‘lish, undan so‘ng esa ehtimol Chempionlar ligasi, Yevropa chempionati yoki jahon chempionatida ishlash haqida orzu qila boshlaysiz. Biroq Chempionlar ligasi finali va jahon chempionati finali haqida gap ketganda, bu deyarli imkonsizdek tuyulardi.
Agar 26 yil oldin kimdir faoliyatimdagi so‘nggi uchrashuv aynan shunday bo‘lishini tasvirlab berganida, ehtimol, kulgan bo‘lardim. Shu bois ham buning uchun juda minnatdorman. Men bosib o‘tgan yo‘limni erishish mumkin bo‘lgan eng yuqori nuqtada yakunlash imkoniyatiga ega bo‘ldim.
- Hakamlik faoliyatingizni yakunlaganingizdan keyin nimalar bilan shug‘ullanyapsiz? Kelajak uchun qanday rejalaringiz bor? Futboldan butunlay ketdingizmi yoki hali ham bu sohada qolishni istaysizmi?
- Hozircha oilam va biznesim uchun biroz ko‘proq vaqt ajratish imkoniyatidan zavqlanyapman. Ko‘p yillardan beri o‘z kompaniyamni boshqarib kelaman. Biz sanoat korxonalari uchun quvurlar tayyorlash va o‘rnatishga ixtisoslashganmiz hamda Yevropa bo‘ylab turli loyihalarda ishlaymiz.
Jahon chempionati sababli qariyb ikki oy davomida ishdan uzoqda bo‘lganim uchun ancha ko‘p ishlar to‘planib qolgan edi. Shu bois hozir ularni tartibga solish va kompaniyaning kundalik faoliyatiga yanada ko‘proq e’tibor qaratish bilan bandman. Endi kompaniyaning kelgusi rivojiga ham ko‘proq vaqt ajratish imkoniyati bor.
Ammo futbol hayotimning shunchalik katta qismiga aylanganki, undan shunchaki bir zumda voz kechib bo‘lmaydi, deb o‘ylayman. Agar hakamlikdagi tajribamdan, ta’lim berish, boshqaruv yoki hakamlarning texnik jihatdan rivojlanishiga oid bilimlarimdan foydalanishim mumkin bo‘lgan qiziqarli taklif paydo bo‘lsa, albatta, uni ko‘rib chiqaman.
Albatta, buning uchun loyiha menga mos bo‘lishi va unga haqiqatan ham o‘z hissamni qo‘sha olishimga ishonchim komil bo‘lishi kerak.

- Aslida, hakamlikka qanday kirib kelgansiz? Hakamlikdan tashqari professional faoliyatingiz nima bilan bog‘liq?
- Sport har doim hayotimning bir qismi bo‘lgan. Futbol ham o‘ynaganman, garchi birinchi sevgim basketbol bo‘lgan. 18 yoshimga qadar basketbol bilan shug‘ullanganman.
O‘qishimga e’tibor qaratish uchun sportdagi mashg‘ulotlarimni kamaytirishimga to‘g‘ri kelganida, hayotimda nimadir yetishmayotgandek his qildim. Amakim yordamchi hakam edi va menga hakamlikni sinab ko‘rishni taklif qildi. Shunday qilib, hakamlikni boshladim. O‘sha paytda bu qaror meni qayerlarga olib borishi haqida hech qanday tasavvurga ega emasdim.
Kasbiy faoliyatimga kelsak, telekommunikatsiya sohasida tahsil olganman va telekommunikatsiya muhandisligi bo‘yicha diplomga ega bo‘lganman. O‘z biznesimni tashkil etishdan oldin elektr energiyasi ishlab chiqaradigan davlat energetika kompaniyasida ishlaganman. Kompaniya asosan gidroelektr stansiyalari orqali elektr energiyasi ishlab chiqarardi.
2007 yilda o‘z kompaniyamni tashkil etishga qaror qildim. Men biznesda o‘zim uchun kattaroq vazifalarni sinab ko‘rishni, shu bilan birga, vaqtimni hakamlik faoliyatimga moslashtirishda ko‘proq erkinlikka ega bo‘lishni istardim.
Hakamlik faoliyatim rivojlangani sari xalqaro uchrashuvlar, seminarlar va mashg‘ulotlarni an’anaviy to‘liq ish kuni bilan birga olib borish tobora qiyinlashib borardi. Bugungi kunda kompaniyam sanoat quvurlarini tayyorlash va o‘rnatishga ixtisoslashgan bo‘lib, Yevropa bo‘ylab turli loyihalarda ishlaymiz.
Kompaniya boshqarish tajribasi hakamlik faoliyatimda ham menga yordam berdi. Chunki bu ikki sohada o‘xshash jihatlar bor: siz mas’uliyatni o‘z zimmangizga olasiz, odamlar bilan ishlaysiz, ba’zida juda tez va murakkab qarorlar qabul qilishingizga to‘g‘ri keladi va oxir-oqibatda qabul qilgan qarorlaringiz uchun javob berishingiz kerak.
- Oilangiz haqida biroz gapirib bersangiz. Farzandlaringizdan birortasi sizning izingizdan borib, hakamlik faoliyatini tanlashga qiziqqanmi?
- Turmush o‘rtog‘im Sandra bilan birga yashaymiz, ikki nafar farzandimiz bor. O‘g‘lim Sasha 25 yoshda, qizim Una esa 19 yoshda. 13 avgust kuni birinchi marta bobo bo‘ldik — nabira qizimiz Mina dunyoga keldi. Bu oilamizga mutlaqo yangi va o‘ziga xos baxt olib keldi.
Faoliyatim davomida oilam men uchun doimo nihoyatda muhim bo‘lib kelgan. Ayniqsa, hakamlik juda ko‘p vaqt, safar va tayyorgarlikni talab qilgan yillarda ularning qo‘llab-quvvatlashi beqiyos ahamiyatga ega edi.
Odatda odamlar hakamning Chempionlar ligasi o‘yinlari, Yevropa chempionatlari yoki jahon chempionatlariga safar qilayotganini ko‘rishadi. Ammo oila ham bu yo‘lda qanchalik ko‘p narsalardan voz kechishga majbur bo‘lishini ko‘rishmaydi.
Uydan uzoqda o‘tkazilgan ko‘plab dam olish kunlari, xalqaro safarlar, mashg‘ulotlar, seminarlar va tayyorgarliklar bo‘ladi. Sandraning tushunishi va qo‘llab-quvvatlashi, shuningdek, farzandlarimning yordami bo‘lmaganida, erishgan natijalarimga yetishish men uchun ancha qiyin bo‘lardi.
Farzandlarim o‘z yo‘llarini tanlashdi. Ularning hech biri hakam bo‘lishni istamadi va men ularni hech qachon bunga majburlamaganman. Men uchun eng muhimi — ular o‘zlariga yoqadigan ishni tanlashlari va o‘z orzulari hamda maqsadlari ortidan borishlari.
Ortimga nazar tashlar ekanman, hakamlik faoliyatim faqat mening yo‘lim bo‘lmaganini ayta olaman. Oilam ham bu yo‘lni men bilan birga bosib o‘tdi. Ularning qo‘llab-quvvatlashisiz esa men bugun erishgan natijalarimga hech qachon yetisha olmagan bo‘lardim.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi