Live
1
O'zbek

«Real» jarohatlar sabab tibbiy shtabni qayta shakllantirmoqda

Futbol
9 iyul, 09:56
Mbappe bilan bog'liq xato tashxisdan so'ng Madrid klubida jiddiy o'zgarishlar boshlandi.
«Real» jarohatlar sabab tibbiy shtabni qayta shakllantirmoqda
Foto: Getty Images

Madridning «Real» klubi 2025/26 yilgi mavsum yakunlari bo'yicha tibbiy departamentni to'liq qayta tashkil etishga kirishdi.

Bu haqda The Athletic xabar berdi.

Manbaga ko'ra, bunga mavsum davomida futbolchilarning ko'plab jarohat olgani hamda Kilian Mbappe bilan bog'liq xato tashxis sabab bo'lgan. O'tgan yilning dekabr oyida klub shifokorlari fransiyalik hujumchining jarohatini tekshirishda noto'g'ri tizzani skaner qilgan va buning oqibatida noto'g'ri tashxis qo'yilgan. Keyinchalik Mbappening o'zi bu voqeani rad etgan.

Qayd etilishicha, yanvar oyida lavozimidan chetlatilgan tibbiy xizmatning sobiq rahbari Felipe Segura klubni tark etmoqda. Tibbiy shtabning yana bir a'zosi Manolo Arroyo esa avvalroq iste'foga chiqqan.

Tibbiy bo'limdagi islohotlarga Seguradan keyin lavozimga tayinlangan Niko Mixich boshchilik qilmoqda. Shuningdek, «Monako» tibbiy departamenti rahbari Aleksandr Kryoz ham klub safiga qo'shilishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, 10 iyuldan ish boshlaydigan bosh murabbiy Joze Mourinyu shtabiga yangi jismoniy tayyorgarlik bo'yicha murabbiy Antoniu Diash qo'shiladi. Klubning uzoq yillik xodimi Antonio Pintus esa o'z lavozimida qoladi.

Ma'lumot uchun, o'tgan mavsum «Real»ning 25 nafar maydon futbolchisidan faqat uch nafari — Fran Garsiya, Braim Dias va Vinisius Junior birorta ham jarohat olmadi.

Klub prezidenti Florentino Peres may oyida shunday degandi: «Hammasi Klublar o'rtasidagi Jahon chempionatidan boshlandi. Biz normal mavsumoldi tayyorgarligini o'tkaza olmadik. Natijada murabbiy almashgan davrda 28 ta, undan keyin yana 28 ta jarohat qayd etildi».

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Real Madrid Real Madrid
Bugungi yangiliklar