Live
1
O'zbek

«Braga»ga o'tish tavakkalchilik emas» — Sayfiddin Sodiqov bilan eksklyuziv intervyu

Eksklyuziv
9 iyul, 09:42
Tribuna.uz Sodiqov bilan dastlabki eksklyuziv intervyuni uyushtirdi.
«Braga»ga o'tish tavakkalchilik emas» — Sayfiddin Sodiqov bilan eksklyuziv intervyu
Фото: Braga FC

Bugun Portugaliyaning «Braga» klubi ikki nafar hamyurtimiz – Sayfiddin Sodiqov va Sadriddin Hasanovning transferini rasmiy e'lon qildi.

Tribuna.uz esa o'tgan haftada birinchi bo'lib, ushbu futbolchilarimizni «Braga» a'zosiga aylanishganini va shartnomaga imzo chekishgani xususida ma'lum qilgandi. Nihoyat, bugun, bir necha soat oldin klub rasmiy e'lon qildi.

Tabiiyki, Tribuna.uz Sodiqov bilan dastlabki eksklyuziv intervyuni uyushtirdi.

- Sayfiddin faoliyatingizda yangi sahifa ochildi. «Braga»da sizlarni qanday qarshi olishdi?

- Albatta, yangi sahifa ochildi. Bu endi faoliyatimda katta qadam hisoblanadi. Bizni bu yerda barchasi juda yaxshi kutib olishdi. Qishda ham shu yerda bo'lgandik. O'shanda ikki haftalik yig'inda qatnashganimizda ham klub murabbiylari, futbolchilari qo'ldan kelganicha bizni qo'llab-quvvatlashgandi. Hozir ham barchasi yaxshi.

- 18 yoshda Yevropaga ketish - bu katta tavakkalchilik emasmi, nima deb o'ylaysiz?

- Menimcha, tavakkalchilik deb o'ylamayman. Chunki 18 yoshda ko'p futbolchilar Yevropada asosiy tarkiblarda o'ynashyapti. Shuning uchun tavakkalchilik, deb hisoblamayman. 18 yosh – endi kichkina yosh emas. Bu yoshda bemalol kattalar futbolida raqobat qilsa bo'ladi, deb o'ylayman.

- Umuman olganda, u yerda o'zingizni ko'rsatish uchun har tomonlama tayyormisiz?

- Bu yerda o'zimni maksimal darajada yaxshi taraflarimni ko'rsata olaman va bunga hozirdan tayyorman.

- «Braga» klubidagi sharoitlar, infratuzilma qanday ekan? Masalan, sizlarga qanday sharoitlar yaratildi?

- «Braga»dagi sharoitlarni barchasi top darajada. Futbol uchun hamma qulay sharoitlar yaratib berilgan. Bu yerda biz uchun klub shifokorlari alohida taomlar tayyorlab, yaxshi sharoitlar yaratib berishyapti.

- Asosiy jamoa bilan shug'ullanayapsizlarmi yoki yoshlar jamoasi bilanmi va mashg'ulotlari qanday o'tyapti?

- Hozircha asosiy jamoasi bilan emas, U-23 jamoasi bilan shug'ullanayapmiz. Bu yerdagi mashg'ulotlar ham top darajada.

- Bu qarorni qabul qilishda sizlarga qanday maslahatlar berishdi?

- Albatta, qaror qabul qilishdan oldin murabbiylarim va ko'pchilik maslahat berishdi. Oson bo'lmasligini va balki bunday katta imkoniyat boshqa bo'lmasligi mumkinligini, shu sababli o'zimni har tomonlama yaxshi ko'rsatib, ushbu imkoniyatdan foydalanib qolishim uchun barcha kerakli ko'rsatmalarni berishdi.

- Yangi jamoada qaysi raqamni tanladingiz?

- Hali raqam tanlamadim. Chunki mavsum boshlanishiga bir oycha vaqt bor. Raqamni chempionat boshlanishiga yaqin vaziyatga qarab tanlayman.

- Murabbiy bilan ilk suhbatingiz qanday o'tdi?

- Murabbiy bilan birinchi suhbatimiz yaxshi kayfiyatda o'tdi. Kelgan paytimizda murabbiyni o'zi bizni ajoyib kayfiyatda kutib oldi. Hali to'liq gaplasha olmadik, sababi, til borasida biroz muammo borligi uchun. Ammo biroz bo'lsa-da, suhbatlashdik.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Braga Braga
Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

5+ izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar