«Barselona» yozgi transfer kampaniyasini moliyalashtirish maqsadida 210 million yevro miqdorida bank krediti rasmiylashtirdi.
Bu haqda Marca nashri xabar berdi.
Manbaga ko'ra, mablag'ning asosiy qismi Madridning «Atletiko» klubi hujumchisi Xulian Alvares, Dortmundning «Borussiya»si vingeri Karim Adeyemi hamda «Al-Hilol» himoyachisi Joau Kanselu transferlariga yo'naltiriladi.
Shuningdek, kredit mablag'ining bir qismi futbolchilarning maoshi va boshqa operatsion xarajatlarni qoplash uchun ishlatiladi. Qayd etilishicha, ushbu kredit klubning kelajakdagi daromadlari hisobiga olingan.
Marca ma'lumotiga ko'ra, Adeyemi transferi yaqin kunlarda yakunlanishi kutilmoqda. Xulian Alvares bo'yicha muzokaralar esa Jahon chempionati tugaganidan keyin faollashadi. Joau Kanselu transferini rasmiylashtirish uchun esa avvalo soliq masalalarini hal qilish talab etiladi.