«Nyukasl» «Frayburg» yarimhimoyachisi Yoxan Manzambi transferini yakunlash arafasida turibdi.
Bu haqda jurnalist Florian Plettenberg xabar berdi.
Manbaga ko'ra, Angliya va Germaniya klublari transferning barcha shartlari bo'yicha to'liq kelishuvga erishgan. Bitim qiymati 60 million yevroni tashkil etadi.
Ayni vaqtda «Nyukasl» rahbariyati futbolchining o'zi bilan shartnomaning so'nggi tafsilotlarini kelishmoqda. Shveysariyalik yarimhimoyachi uchun uzoq muddatli shartnoma tayyorlab qo'yilgan.
Qayd etilishicha, Manzambiga «Aston Villa» ham qiziqish bildirgan. Birmingem klubi Amadu Onananing xochsimon bog'lamlari uzilgach, yarimhimoya chizig'ini kuchaytirishni rejalashtirgandi. Biroq transfer poygasida «Nyukasl» ustun keldi.
2025/26 yilgi mavsumda Yoxan Manzambi barcha musobaqalarda 47 ta bahsda maydonga tushib, 7 ta gol urdi va 9 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.