Bugun
28
O'zbek

Bahodir Nasimov: «Faoliyatimni tugatgach, asta-sekin murabbiylik yo‘lidan boraman»

Eksklyuziv
9 iyul, 08:21
Tribuna.uz muxbiri 39 yoshli forvard bilan suhbatlashdi.
Bahodir Nasimov: «Faoliyatimni tugatgach, asta-sekin murabbiylik yo‘lidan boraman»
Фото: Динамо ПФК

O‘zbekiston chempionatida to‘p tepayotgan tajribali va shu bilan birga «faxriy» o‘yinchiga aylanish arafasida Bahodir Nasimov 39 yoshida ham o‘zi uchun qadrdon – «Dinamo»da faoliyat olib boryapti. Yaqinda u O‘zbekiston milliy jamoamizning o‘yinlarini stadionda tomosha qilib qaytdi. Hozir esa «Dinamo» safida Issiqko‘ldagi yig‘inda qatnashyapti.

- «Dinamo» bilan Issiqko‘ldagi yig‘inda qatnashasiz. Tayyorlik qanday olib borilyapti?

- To‘g‘ri aytasiz, biz Issiqko‘ldagi yig‘indamiz. Tayyorlik yaxshi olib borilyapti. Ertalab va kechki payt ikki mahaldan shug‘ullanayapmiz. Ko‘proq jismoniy tayyorgarlik ustida ishlayapmiz.

- Nima deb o‘ylaysiz, bu mavsum faoliyatingizdagi so‘nggisimi?

- Balki, so‘nggi ham bo‘lishi mumkin. Ko‘ramiz.

- Jamoaning maqsadi jiddiy edi, biroq 11 turdan keyin klub o‘ziga yarashmagan o‘rinda. Bunga moliyaviy muammo sababmi yoki boshqa sababi ham bormi?

- To‘g‘ri ta’kidladingiz, jamoaning maqsadi jiddiy edi. O‘tgan yili bir qator futbolchilarimiz ketdi. Futbol shunaqa-da, bir-ikki yil bir-birini tushunib harakat qilsa, o‘yin ketaveradi. 12-13 ta yangi o‘yinchi olsangiz, ularning bir-birini tushunib o‘ynagunicha vaqt kerak bo‘ladi. Menimcha, shu holat jamoa natijasiga ham ta’sir qildi, deb o‘ylayman. Xudo xohlasa, mavsumning ikkinchi yarmida o‘z o‘yinimizni topib, yaxshi natijalar ko‘rsatamiz, degan umiddaman. Natijalarda moliyaviy holatni sabab qilib ko‘rsatmayman. Chunki hech qaysi futbolchini klublarda pulib qolib ketmagan. Baribir hamma pulini oladi, deb o‘ylayman. Yaxshi o‘ynab, natijalarni ham yaxshilasak, barcha taraflama vaziyat ijobiy bo‘ladi, degan umiddaman.

- Butsalarni mixga ilgandan keyin o‘zingizni murabbiy rolida sinab ko‘rmoqchimisiz?

- Ko‘ramiz. Bu borada ham niyatim bor. Faoliyatimni tugatgach, asta-sekin murabbiylik yo‘lidan boramiz.

- Yaqinda AQShdan qaytdingiz. Milliy jamoamiz o‘yinlarini bevosita stadiondan kuzatdingiz. Nimalarni ayta olasiz?

- Milliy jamoamiz o‘yinlarini ko‘rdik. Jumladan Niderlandiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini ham kuzatdik. Yaxshi o‘ynadi. Jahon chempionatini Kolumbiyaga qarshi o‘yin bilan boshladi. Debyut bahsida ham yaxshi harakat qilishdi. Portugaliya va Kongoga qarshi o‘yinlarni ham tomosha qildim. Futbol shunaqa o‘yinki, 3-4 kishi bilan natija qilish qiyin-da. Baribir saviya bor-da. Rostini aytganda, ular to‘p bilan gaplashadi, ekan-da! To‘pni nazorat qilishyapti, xuddi to‘p ularga quloq solyapti. Bu yoqqa kel desa bu yoqqa boradi. Yigitlarimiz ham yomon o‘ynashmadi. Aytganimdek, saviya ham bor. Bizda 3-4 ta futbolchi yaxshi, kuchli klublarda o‘ynasa, raqiblarda 13-14 nafar o‘yinchilar top klublarda to‘p tepishadi. Shunga qaramay, futbolchilarimiz mehnat qilishdi. Aytganimdek, Kolumbiyaga qarshi yaxshi o‘ynashdi. Portugaliyaga qarshi uchrashuvda bilmadim, balki yigitlar o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishdimi? Kongoga qarshi bir taym zo‘r o‘ynadilar. Keyin 60-daqiqadan keyin jismoniy kuchi yetmay qoldimi, bilmadimu, o‘yinni “tashlab” qo‘yishdi. Keyin raqib gollar urdi.

- Mundildagi debyut ishtirok uchun milliy jamoamiz ko‘prog‘iga loyiqmidi?

- Milliy jamoamiz ko‘prog‘iga loyiq edi, deb o‘ylayman. Kolumbiyaga qarshi bahsni stadionda tomosha qildik, yigitlar yaxshi harakat qilishgandi. O‘z xatolarimiz evaziga yutqazdik. O‘shanda durang bo‘ladi, deb o‘ylagandim. Kongoga qarshi aytib o‘tganimdek, 60 daqiqa zo‘r harakat qilishdi. Hammamiz yutadi, deb o‘ylagandik. 90 daqiqa shunday o‘ynashganida Kongo termasini yutardik. 60-daqiqadan keyin ko‘p futbolchilarimiz charchab qolishdi. Kongo esa aksincha o‘sha daqiqadan so‘ng yaxshi o‘ynashni boshladi.

- Jamoadoshingiz Jahongir O‘rozovga Yevropa klublaridan chorlovlar bo‘lyapti. Unga qanday maslahat berasiz?

- To‘g‘ri, Jahongir O‘rozovga ko‘p klublar qiziqish bildirishmoqda. O‘zig‘a qaysi klub qulay, qaysi jamoada o‘ynab keta oladi, har qanday holatda ham biz uni qaysi jamoaga o‘tsa ham xursand bo‘lamiz. Hammaga birdaniga bo‘lmaydi. 1-o‘rindagi emas, 7 yoki 8-pog‘onadagi klubga o‘tib, asta-sekin o‘ynab ketsa zo‘r bo‘lib ketadi. Eng asosiysi, o‘ynashi kerak. Unga ko‘p klublar qiziqyapti. Lekin u yerga borib o‘yin amaliyotisiz qolib ketsa ham bo‘lmaydi. Variantlardan o‘zi uchun eng yaxshisini tanlaydi. Agenti bor, maslahat bersa kerak. Qaysi klubda bo‘lmasin o‘zini ko‘rsatib, yaxshi darajaga chiqishiga umidimiz katta.

- Kim mundialda chempion bo‘ladi, deb o‘ylaysiz?

- O‘ylaymanki, ikkita jamoani ayta olaman. Yo Fransiya yo Argentina. Ulardan biri chempion bo‘ladi, deb o‘ylayman.

- Yozgi yig‘indan keyin «Dinamo» klubi qanchalik o‘zgaradi?

- «Nagruka» yaxshi bo‘lyapti. O‘z o‘yinimizni topib olamiz, deb umid qilaman. 4-5 ta yangi futbolchilar ham kelayapti. Yaxshi natijalarga erishishga harakat qilamiz. Rostini aytganda, o‘tgan yili ozgina omad yetishmadi. Aks holda kuchli uchlikka kirsak ham bo‘lardi. Bu yil esa unchalik yaxshi bo‘lmayapti. Lekin hammasi oldinda. Jamoa o‘z o‘yinini topib, ijobiy natijalarga erishishga intilamiz.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Dinamo Samarqand Dinamo Samarqand
Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

15+ izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar