Iyul oyi O'zbekiston Superligasi muxlislari uchun haqiqiy futbol bayramiga aylanishi kutilmoqda. Turnir jadvalining yuqori qismidagi jamoalar o'zaro to'qnash kelishi, tarixiy derbilar, prinsipial raqobatlar va chempionlik poygasiga bevosita ta'sir ko'rsatadigan uchrashuvlar futbol ishqibozlarini kutmoqda. Biz iyul oyida futbol muxlislari o'tkazib yubormasligi kerak bo'lgan 5 ta eng qiziqarli uchrashuvga alohida to'xtalib o'tamiz.
Neftchi — Buxoro (12-tur, 16 iyul).
Turning markaziy uchrashuvlaridan biri Farg'onada bo'lib o'tadi. Musobaqa peshqadami "Neftchi" 28 ochko bilan birinchi o'rinda borayotgan bo'lsa, "Buxoro" 20 ochko bilan kuchli uchtalikdan joy olgan. Demak, bu bahs chempionlik poygasiga bevosita ta'sir qilishi mumkin.
Jamoalar yaqindagina O'zbekiston kubogi doirasida Buxoroda to'qnash kelishgan va o'sha uchrashuv golsiz durang bilan yakunlangan. O'tgan mavsum Farg'onada kechgan bahs esa mezbonlarning minimal 1:0 hisobidagi g'alabasi bilan tugagandi.
O'shanda uchrashuv taqdirini 89-daqiqada Yovan Jokich urgangan gol hal qilgan. Bu safar ham muxlislarni keskin va murosasiz kurash kutmoqda.
Xo'sh, "Neftchi" peshqadamligni mustahkamlaydimi yoki "Buxoro" Farg'onadan qimmatli uch ochko bilan qaytadimi?
Paxtakor — Lokomotiv (12-tur, 17 iyul).
Toshkent derbisi doimo o'ziga xos muhitda o'tadi. Bu safar ham bundan mustasno emas. 2-o'rindagi "Paxtakor" 6-pog'onadagi "Lokomotiv"ni qabul qiladi.
Bu jamoalar o'rtasidagi bahslar 2014–2019-yillar oralig'ida chempionlik uchun hal qiluvchi o'yinlarga aylangandi. "Lokomotiv" safarda "Paxtakor"ni oxirgi marta 2018 yilda 3:1 hisobida mag'lub etgan va aynan o'sha g'alaba "temiryo'lchilar"ning chempionlik yo'lidagi eng muhim qadamlaridan biri bo'lgan.
Jamoalarning "Paxtakor" stadionidagi so'nggi uchrashuvida esa mezbonlar 3:1 hisobida zafar quchgan. Doniyor Abdumannopov dubl qayd etgan, yana bir golni Dragan Cheran urg'an bo'lsa, mehmonlarning yagona javob goliga Sardor Abdunabiev mualliflik qilgan.
Tarix yana takrorlanadimi yoki "Lokomotiv" ko'p yillardan buyon kutilayotgan safardagi g'alabasini qo'lga kirita oladimi?
Buxoro — Bunyodkor (13-tur, 21 iyul).
13-turning markaziy bahslaridan biri Buxoroda bo'lib o'tadi. Turnir jadvalida 3-o'rinni egallab turgan "Buxoro" 5-pog'onadagi "Bunyodkor"ni qabul qiladi. Mazkur uchrashuv yuqori pog'onalar uchun kurashda katta ahamiyat kasb etadi.
Statistika esa bu gal mezbonlar foydasiga emas. "Buxoro" o'z maydonida 2017 yildan buyon "Bunyodkor"ni mag'lub eta olmayapti. O'tgan mavsumdagi uchrashuvda ham "qaldirg'ochlar" 2:0 hisobida ustun kelgan. O'shanda Bobur Yo'ldoshev va Frane Ikichning gollari mehmonlarga g'alaba keltirgandi.
Xo'sh, "Buxoro" nihoyat omadsiz seriyasiga yakun yasaydimi yoki "Bunyodkor" yana noqulay raqib ekanini isbotlaydimi?
Bunyodkor — Paxtakor (14-tur, 26 iyul).
26 iyul kuni qariyb yigirma yillik tarixga ega Toshkent derbisi yana futbol ishqibozlari e'tiborini o'ziga qaratadi. Har ikki jamoa turnir jadvalining yuqori qismida borayotgani uchrashuv ahamiyatini yanada oshirmoqda.
Qizig'i shundaki, "Bunyodkor" Superligada o'z maydonida o'tgan so'nggi 5 ta derbining uchtasida "Paxtakor"ni mag'lub etgan. O'tgan mavsum "Bunyodkor" stadionida o'tgan bahs esa 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlangan. O'shanda Temurxo'ja Abduxoliqov va Igor Sergeyev gol muallifiga aylangandi.
Bu gal derbida kimning qo'li baland keladi? "Bunyodkor" o'z maydonidagi ustunligini davom ettiradimi yoki "Paxtakor" prinsipial raqibidan revansh oladimi?
Neftchi — Navbahor (14-tur, 28 iyul).
Iyul oyining eng kutilayotgan uchrashuvi shubhasiz Farg'onada bo'lib o'tadi. "Neftchi" o'z maydonida azalij raqibi "Navbahor"ni qabul qiladi.
Qolaversa, o'zbek futbolining yosh va istiqbolli murabbiylari Timur Kapadze hamda Islom Ismoilov o'rtasidagi taktik duel ham bahsga alohida joziba bag'ishlaydi.
Jamoalarning Farg'onadagi so'nggi uchrashuvlari doimo keskin o'tgan. O'tgan mavsumdagi bahs esa uzoq vaqt muxlislar xotirasida qoladigan kambeklardan biriga aylangan.
O'shanda "Neftchi" 1:2 hisobida ortda borayotganiga qaramay, Zoran Marushichning 2 ta goli evaziga 3:2 hisobida g'alabani olib ketgan edi.
Bu safar ham Farg'onada yana unutilmas spektakl bo'ladimi? Yoki "Navbahor" o'tgan yildagi alamli mag'lubiyat uchun javob qaytaradimi?
Manba: O'zPFL matbuot xizmati.