8 iyuldan chempionatimizda yozgi transfer oynasi ochildi. Endilikda klublarimiz bu borada turli yangiliklar, o'zgarishlar ro'y berishi, futbolchilarning keldi-ketdisi kuzatilishi tabiiy.
«Qo'qon-1912» klubi ham selektsiya ishlarini olib bormoqda. Yaqinda darvozabon Rahimjon Davronov bilan shartnoma imzolandi va u rasmiy ravishda jamoaning yangi a'zosiga aylandi. Bilasiz, Davronov joriy mavsumni «Andijon» safida boshladi. 11 turdan keyin esa klub bilan xayrlashdi va yozgi transfer oynasida qo'konliklar tarkibiga ko'chib o'tdi. Quyida ushbu mavzuda Rahimjon bilan suhbatni o'qishingiz mumkin.
- Rahimjon, avvalo «Qo'qon-1912» jamoasiga o'tishingizga asosiy
sababchi kim bo'ldi va bu taklifni qabul qilishingizga nima turtki bo'ldi?
- Assalomu alaykum. Mening oldimda 1-2 ta variantlar bo'ldi. Yaqinlarim bilan maslahat qildim. Yakunda «Qo'qon-1912» taklifiga rozilik bildirdim. O'zimga ham ushbu variant yoqdi.
- Darvozabon yarim jamoa degan gap bor. Bu ibora siz uchun nimani anglatadi?
- To'g'risini aytsam, darvozabon bo'lish qiyin. Lekin o'ziga yarasha gashti bor. Darvozabonni xato qilishga haqqi yo'q. Shuning uchun ham darvozabonni yarim jamoa deyishadi.
- Mavsumni «Andijon»da boshlagandingiz. U yerda o'tgan yarim yillik faoliyatingiz siz uchun qanday o'tdi?
- Juda yaxshi deb aytib bo'lmaydi. Ammo o'ziga yarasha yaxshi xotiralar qoldi.
- Qo'konliklar dastlabki 11 turda bir muncha qiyinchiliklarga duch kelishdi va bu natijalarda ham aks etdi. Jamoaga qanday yordam bermoqchisiz?
- Avvalo, hammaga Xudodan. Qo'limdan kelganicha jamoaga yordam beraman.
- O'z oldingizga qanday aniq maqsadlar qo'ydingiz?
- Xudo xohlasa, maqsadlar juda ko'p. Asta-sekin barchasiga erishamiz, nasib qilsa.
- Siz uchun hozirda yurtimizdagi birinchi raqamli posbon kim?
- Hozirgi kunda O'tkir Yusupov.
- Odatda, 35-raqamda o'ynaysiz-a? Bu raqam siz uchun nimani anglatadi va Qo'qonda ham shu raqamni tanladingizmi?
- Yoshlik vaqtimizda «Mash'al» akademiyasida yurgan paytlarda Sanjar Quvvatov 35-raqamda o'ynardi. Shunga havas qilib olganman.