Chempionatimizda tajribali, koʻpni koʻrgan himoyachilar bisyor va ulardan biri shubhasiz Islom Toʻxtaxoʻjayev. Ayni paytda "Andijon" sharafini himoya qilayotgan oʻyinchi faoliyati davomida barcha yutuqlarga erishdi. Oʻziga yarasha hurmat-e'tibori bor va doim boshqalarga namuna boʻlib kelgan.
Toʻxtaxoʻjayev bilan futbol mavzusida miriqib suhbat qilish mumkin, chunki u koʻpni koʻrgan va faoliyatida qiziqarli holatlarga guvoh boʻlgan, qiyin yoʻlni bosib oʻtgan.
Quyida ushbu oʻyinchi bilan uyushtirilgan suhbat ham shunga mos ravishda qiziqarli kechgan.
- Dastlab futbolga kirib kelishingiz haqida gapirib bersangiz.
- Bunga oilaviy muhit sabab boʻlgan. Dadam, akam, qarindoshlarimiz, akam ham oʻzi futbol oʻynagan. Aynan akamni ortidan futbolga borib, keyinchalik futbolchi boʻlib ketganman.
- Akangiz ham professional futbolchi boʻlganmi?
- Ha, birinchi ligada oʻynagan, "Toʻqimachi" degan jamoa boʻlardi, oʻsha yerda toʻp tepgan.
- Isf-familiyasi?
- Ilhom Toʻxtaxoʻjayev.
- Hozir nima ish bilan band?
- Tadbirkor.
- Bilamizki, siz katta futbolga "Neftchi" orqali kirib kelgansiz. Ushbu jamoadan qanday qilib kelib qolganingiz?
- Hammada har xil boʻladi. "Neftchi"ni futbol maktabida oʻqiganmiz. Yuriy Sarkisyan paytda bu narsa yoʻlga qoʻyilgandi. Oʻsha yerda taʼlim olganmiz. 10-11-sinf boʻlgan paytda esa "Neftchi"ga koʻrikka borilardi. Yoʻqsa olib qolishardi. Men ham 11-sinfda borganman. Shuhrat Maqsudov, Rustam Doʻrmonov olib qolishgan. Sergey Lebedev, Asad Doʻrmonov bilan ishlaganmiz va katta futbolga qadam qoʻyganmiz.
- Oʻz vaqtida "Neftchi"ning asosiy tarkibida oʻynamasdan turib sizni milliy jamoaga jalb qilishgan va oʻsha yerda debyut oʻyinishingizni oʻtkazgansiz, toʻgʻrimi?
- Xudoni bergan taqdiri, shunday boʻlish nasib qilgan ekan. Mirjalol Qosimov, Ahmadjon Ubaydullaev sababchi boʻlib taklif qilishgan. Yoshlar terma jamoasida Osiyo chempionatida oʻynaganmiz va jahon chempionatiga chiqqanmiz. Osiyo chempionatidagi oʻyinlarimizni Mirjalol aka Qosimov koʻrgan va taklif qilgan. Milliy jamoamiz yigʻiniga chaqirgan va oʻzimni koʻrsatishga muvaffaq boʻlib, debyut oʻyinimni oʻtkazganman. Toʻgʻri, bunday holat kamdan-kam boʻlsa kerak. Chunki "Neftchi" klubida oʻyin oʻynash tugul, hatto asosiy tarkibida bir marta ham mashgʻulot qilmagandim. Esimda, oʻshanda qishki payt edi va milliy jamoaga chaqirgan.
- Adashmasam, milliy jamoamizdagi debyutingiz 2009 yil, yanvar oyida BAAga qarshi oʻtgan…
- Ha. 2008 yili birinchi marta tayyorgarlik uchun yigʻingan borganman. Dekabrda shugʻullanganmiz, yanvar oyida safarda BAAga qarshi debyutimni oʻtkazganman.
- Oʻshanda yosh yigitcha edingiz. Oʻzingiz aytganingizdek, "Neftchi"ni asosiy tarkibida toʻp tepish tugul, hatto mashgʻulotida ham qatnashmagandiz. Shunday ekan, birdaniga milliy jamoamiz safida paydo boʻlish siz uchun qanday tuyulgan?
- Oʻynab ketishimga eng asosiysi muhit sabab boʻlgan. Birinchi boshlaganimda Timur Kapadze, Aziz Haydarov, Odil Ahmedov kabi futbolchilar katta yordam berishgan. Yosh bola boʻlganman, hali bunday katta oʻyinlarni koʻrmagandim. Mashgʻulotlarda ham murabbiylar rosa tushuntirishlar berishardi. Shuhrat Maqsudov va boshqalar qoʻllashgan. Mirjalol Qosimov boshchiligidagi murabbiylar shtabi maslahatlar berib, qoʻllab-quvvatlashgan va oʻynab ketganman.
- Milliy jamoamizda oʻynab qaytganingizdan keyin "Neftchi"da sizga munosabat darhol oʻzgarganmi?
- Asosiy tarkibga oʻtganman. Munosabat oʻzgarganini bilmayman. Ungacha ham klub bazasida yashardik. Katta futbolchilar bilan ham tanish edik. Milliy jamoada oʻynab qaytgach, klubni asosiy tarkibda oʻynab ketish ham qiyinchilik tugʻdirmagan. Darajasi juda yuqori edi.
- Bu yildan boshlab faoliyatingizni "Andijon"da davom ettiryapsiz. Ushbu klubga kelganingizda birinchi his qilgan narsangiz nima boʻldi?
- Menga Andijon yaqin, oʻzim ham vodiylikman. Jamoa juda ahil. Hammamiz bir oila boʻlib harakat qilyapmiz. Samvel Babayan bilan boshladik, toʻgʻrisi, rosa koʻp mehnat qildik. Afsuslanishni hojati yoʻq. Natija Xudodan, lekin sababini qilishga harakat qildik. Babayan boshchiligida mehnat qilgan birorta oʻyinchiga e'tiroz yoʻq. Shunaqa yozilgan ekan. Bilaman, oʻzim ham, murabbiylar ham, futbolchilar ham qoʻlidan kelgan hamma mehnat qildi. Mana, hozirda ham mehnatlarni davom ettiryapmiz, Xudoyim ham natijasini beryapti.
- Darhaqiqat, murabbiylar oʻzgardi. Babayan ham koʻp ish qildi, ammo natija oʻxshamadi. Oʻrniga Islom Ahmedov kelgach, vaziyat ijobiy tomonga oʻzgardi. Ayting-chi, natijani oʻzgarishi yana nima bilan bogʻliq?
- Toʻgʻrisi, bilmadim. Oldin ham mehnat qilganmiz. Balki, qandaydir muhit oʻzgargani yigitlarga ta'sir qilgandir. Shunday boʻlish yozilgan ekan. Omadimiz kelyapti. Oldin omad ham kelmayotgandi. Mehnatimizi davom ettiramiz.
- "Andijon"ni ustun tomonlaridan yana biri uning ashaddiy muxlislari hisoblanadi. "Bobur arena"da toʻp tepish qanday ekan?
- Birinchi oʻrinda futbol muxlislar uchun. "Andijon" jamoasiga oʻtishimni sabablaridan biri ham ishqibozlar. Har qanday oʻyinchi mana shunday zoʻr atmosferada oʻynashni xohlaydi. Hamma vaqt "Bobur arena"da muhit ajoyib boʻlib kelgan va bundan keyin ham shunday boʻladi. "Andijon" muxlislariga yoqimli gʻalabalar taqdim etish niyatidamiz.
- Jamoada siz uchun eng quvnoq va jiddiy oʻyinchi kim?
- Yutqazganda hamma jiddiy edi, yutganda quvnoq (kuladi). Quvnoq futbolchilar koʻp. Xumoyunmirzo Iminov boʻlsa kerak. Jiddiyi – Abdulvohid Gʻulomov.
- Jamoada sizni har jihatdan hayron qoldirgan futbolchi?
- Oldin bilganimdan kelib chiqib koʻrganim Doniyor Abdumannopov. Unda iqtidor juda yuqori. Oʻz ustida ishlashda davom etsa milliy jamoa darajasidagi oʻyinchi boʻladi. Uning potensiali yuqori. Murabbiylar aytganini qilib mehnat qilishda davom etaversin.
- Oʻtgan yili klub oʻzining yangi bazasiga ega boʻldi. Oʻsha yerda istiqomat qilyapsizlar, fikringiz qanday?
- Baza juda ajoyib. Futbol uchun kerakli boʻlgan hamma narsa bor. Superligani hamma klublarida mana shunday bazalar boʻlsa yurtimiz futboli uchun katta foyda boʻlardi.
- Klubga kelganingizdan keyin "Andijon" haqidagi fikringiz qanchalik oʻzgardi?
- Oldin hamma bilardiki, jamoa bir-ikki mavsum Superligada oʻynab keyin yana proligaga tushib ketardi. Jon saqlash uchun kurashardi. Bu yerga kelib sharoitlarni koʻrgan har bir odam jamoani niyati, maqsadi jiddiyligini darhol tushunadi. Kelajakni oʻylab katta qadam qoʻygani koʻrinib turibdi. Bu odamni xursand qiladi. Bunaqa sharoitda shugʻullanish yoshlar uchun ham katta motivatsiya va ajoyib.
- Faoliyatingizda menimcha hamma yutuqlarga erishgansiz. Yana nimagadir erishish uchun sizga tinchlik bermayotgan maqsad bormi?
- Bunaqa maqsad boʻlmasa futbolni tugatardim. Har doim gʻalaba qozonish uchun mehnat qilamiz. Sportchi, futbolchi nimadir yutish uchun kurashadi. Hali ham ishtiyoq borligi uchun futbol oʻynayapman. Ishtiyoq boʻlmaganida faoliyatimni tugatgan boʻlardim.
- Yoshliqdagi va hozirgi Islom Toʻxtaxoʻjayevni qanday farqi bor?
- Yoshliqda ishtiyoq juda ham yuqori boʻladi. Hozirga kelib tajriba boʻldi va koʻp narsani koʻrdik. Koʻngil hali ham yosh (kuladi).
- Futbol insonni koʻproq kuchaytiradimi yoki charchatadimi?
- Yoqtirsa charchatmaydi. Yoqtirgan ishi bilan shugʻullanish odam uchun baxt. Albatta, oʻyinlar orasi yaqin boʻlsa charchaydi. Lekin yoqtirgan ishi bilan shugʻullansa bu toliqishlar ham unchalik bilinmaydi.
- Siz uchun faoliyatingizdagi xavfli hujumchi kim?
- Koʻp boʻlgan, bittasini alohida koʻrsatish qiyin. Menimcha, BAA termasida Ahmad Xalil degan hujumchi boʻlardi. U gol urib ketardi, shu boʻlsa kerak. Koʻp marta oʻynaganmiz va kerakli paytlarda yutib ketishgan.
- Eng ogʻir oʻyin qaysi boʻlgan?
- Olimpiada yoʻlida BAAga qarshi Toshkentda 2:0 ga yutayotib yakunda 2:3 hisobida yutqazgan oʻyin. Chunki biz deyarli Londonda edik. 15-20 daqiqada hammasi oʻzgarib ketgan. Esdan chiqarish qiyin. Peshonada bor ekan, koʻrganmiz. Oʻsha paytda jamoamiz juda yaxshi edi. Vadim Abramov yaxshi futbol oʻynatardi.
- Oʻshanda nima boʻlgan?
- Futbol boʻlgan. 2:0 ga yutayotganimizda qaysidir oʻyinchimiz jarohat olib chiqib ketgan. Toʻgʻrisi, yoshliq qilganmiz, boʻshashib qolganmiz. Arablarni oʻzlariga oʻxshab vaqt choʻzishimiz kerak edi. Gʻalaba qozonayotganimizda yoshliq qilib, xursand boʻlib ketganmiz. Raqibni ham omadi kelib, tepgan narsa darvozaga kirib ketgan. Eng alamli oʻyin, shu.
- Oʻzbekiston chempionatida hozirda eng kuchli hujumchi kim?
- Bu yil Temurxoʻja Abduholiqov boʻlsa kerak. Shu yoshida ham jamoasini 70-80 foiz gollarini uryapti.
- Siz uchun eng qiyin raqib?
- Hamma raqib.
- Yoki noqulay raqib?
- Oldin oʻynaganimizda "Mash'al" bilan "Metallurg" noqulay raqib boʻlardi.
- Futbolda texnologiyalar rivojlanib boryapti. VAR – siz uchun doʻstmi yoki dushman?
- VAR boʻlgani baribir qanaqadir emotsiyalarni sekinlashtirib yoki yoʻq qilib qoʻyadi. Gol urgach, xursand boʻlishni ham bilmay turasiz. Bir tomondan kerak, bir tomonda kerak emas, deyish ham mumkin. Tabiiylik yoʻqolib qolayotganga oʻxshaydi. Ammo haqiqatni qaror toptirish uchun VAR kerak.
- Himoyachi boʻlmaganingizda oʻzingizni qaysi chiziqda tasavvur qilgan boʻlardingiz?
- Markaziy yarimhimoyachi boʻlib oʻsganman. Hamma joyda – hujumda ham, yarimhimoyada ham, himoyada ham va hatto darvozada ham. Darvozada 15-20 daqiqacha turgandim. Bularni barchasi yoshliqda emas, chempionatda yuz bergan.
- Faoliyatingizni uchta soʻz bilan qanday ta'riflagan boʻlardingiz?
- Yoshligimda oʻzim orzu qilganimdan koʻprogʻiga erishdim. Xudoga shukr qilaman.
- Hali ham nimanidir isbotlashim kerak, degan oʻy-xayol sizni qiynamaydimi?
- Birinchi navbatda oʻzim uchun isbotlashga harakat qilaman. Odam oʻzini chegarasini biladi. Doim oʻz darajamda turishga harakat qilaman. Birinchi tanqidchim ham avvalo oʻzim. Hech qachon oʻyinimdan koʻnglim toʻlmagan. Natija Xudodan, sababini qilish va borini berish kerak.
- Faoliyatingizni yakunlash haqida oʻylamayapsizmi?
- Faoliyatni istalgan paytda tugatib qoʻyish mumkin. Chunki ertaga nima boʻlishini bilib boʻlmaydi. Yaxshi niyat qilamiz. Iloji boricha kuchim yetganicha harakat qilib, uzoqroq davom ettirishga intilaman. Kuchim yetmasa oʻzimni majburlash niyatim yoʻq. Bundan keyin ham niyatim futbol ichida qolish. Futbolsiz yashash qiyin boʻlsa kerak. Futbol ichidagi doʻstlarim ham faoliyatini tugatgach, oʻzlarini boshqa sohalarda sinab koʻrishdi, ammo, baribir yana futbolga qaytishdi. Odam oʻzi bilgan bilan ish bilan shugʻullangani yaxshi.
- Faoliyatingizni tugatgach, murabbiy boʻlasizmi?
- Toʻgʻrisi, murabbiylikka oʻqidim. Lekin murabbiylarni holatini koʻrib odamni murabbiy boʻligisi ham kelmay qoladi (kuladi). Katta stress! Hozircha murabbiy boʻlish unchalik niyatim yoʻq.