«Barselona» yarimhimoyachisi Dani Olmo yozgi transferlar oynasida klubni tark etishi mumkinligi haqidagi xabarlarga izoh berdi.
Futbolchi Barça Universal nashriga bergan qisqa izohida kataloniyalik muxlislarni tinchlantirdi.
«Ketishim haqidagi mish-mishlarmi? Yo‘q. «Barselona» muxlislari xotirjam bo‘lishlari mumkin. Bu borada aytadigan boshqa gapim yo‘q», — dedi Olmo.
28 yoshli futbolchi 2024 yilda «RB Leypsig»dan o‘zining sobiq klubi «Barselona»ga qaytgandi. Kataloniyaliklar ushbu transfer uchun 61 million yevro to‘lagan.
O‘tgan mavsumda Olmo barcha musobaqalarda 49 ta bahsda maydonga tushib, 8 ta gol va 10 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.
Eslatib o‘tamiz, Dani Olmo «Barselona» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va bir necha yil Germaniyada o‘ynaganidan so‘ng Kataloniyaga qaytgan.
Ma’lumot uchun, futbolchining «Barselona» bilan amaldagi shartnomasi 2030 yilning iyun oyiga qadar amal qiladi. Transfermarkt portali uning qiymatini 60 million yevroga baholagan.