O‘zbekiston Professional futbol ligasi «Eyr Fors»ning O‘zbekiston klublariga hamda «Neftchi»ning Iroq jamoalariga qarshi o‘tkazgan uchrashuvlari natijalarini taqdim etdi.
«EYR FORS» O‘ZBEKISTON KLUBLARIGA QARSHI 7 MARTA O‘YNAGAN
Iroqning «Eyr Fors» klubi shu vaqtga qadar Osiyo musobaqalarida O‘zbekistonning uchta jamoasi — «Navbahor», «Paxtakor» va OKMKga qarshi jami 7 ta uchrashuv o‘tkazgan.
Iroqliklar O‘zbekiston klublariga qarshi ilk bor 1996 yilda maydonga tushgan. O‘shanda «Eyr Fors» «Navbahor»ni (5:2) hisobida mag‘lub etgan, ikkinchi bahsda esa namanganliklar (4:1) hisobida ustun kelgan.
2019 yilda «Eyr Fors» «Paxtakor»ga (1:2) hisobida imkoniyatni boy bergan. 2021 yilda jamoalar yana ikki bor to‘qnash keldi. Dastlabki bahs (0:0) hisobida yakunlangan bo‘lsa, ikkinchi uchrashuvda «Paxtakor» (1:0) hisobida g‘alaba qozongan.
2023 yilda esa Iroq klubi OKMK bilan ikki marta bahs olib bordi va har ikki uchrashuvda g‘alaba qozondi — (3:2) va (2:1).
Shu tariqa, «Eyr Fors» O‘zbekiston klublariga qarshi 7 ta uchrashuvda 3 g‘alaba, 1 durang va 3 mag‘lubiyat qayd etgan.
«NEFTCHI»NING IROQ KLUBLARIGA QARSHI NATIJALARI
Farg‘onaning «Neftchi» klubi esa shu vaqtga qadar Iroqning uchta jamoasi — «Az Zavra», «An Najaf» va «Arbil»ga qarshi jami 5 marta maydonga tushgan.
1996 yilda «Neftchi» «Az Zavra» bilan ikki marta to‘qnash kelib, (0:1) va (1:2) hisoblarida mag‘lub bo‘lgan.
2007 yilda farg‘onaliklar «An Najaf»ga qarshi dastlabki uchrashuvda (1:1) hisobida durang o‘ynagan. Keyingi bahsda esa «Neftchi» raqibini (1:0) hisobida mag‘lub etgan.
2012 yilda «Neftchi» «Arbil» mehmoni bo‘lib, (0:4) hisobida imkoniyatni boy bergan.
Umumiy hisobda «Neftchi» Iroq klublariga qarshi 5 ta uchrashuvda 1 g‘alaba, 1 durang va 3 mag‘lubiyat qayd etgan.

Foto: O‘zPFL

Foto: O‘zPFL
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi