Live
1
O'zbek

Elit OChLning amaldagi va ketma-ket ikki karra g‘olibi — «Paxtakor»ning Elit OChL ilk turidagi raqibi haqida

Futbol
14 sentabr, 08:00
    10+
Jamoa muxlislar orasida «qirollik klubi» laqabi bilan mashhur.
Elit OChLning amaldagi va ketma-ket ikki karra g‘olibi — «Paxtakor»ning Elit OChL ilk turidagi raqibi haqida
Foto: UzPFL
14.09.2026, 14:15 Osiyo Chempionlar Ligasi Al-Ahli Jidda Al-Ahli Jidda - : - Paxtakor Toshkent Paxtakor Toshkent

Bugun, 14 sentabr kuni «Paxtakor» Elit Osiyo Chempionlar Ligasining yangi mavsumidagi yurishini boshlaydi.

Toshkentliklar dastlabki turni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida musobaqaning amaldagi chempioni «Al Ahli»ga qarshi o‘tkazadi. «Paxtakor»ning dastlabki raqibi haqida batafsil to‘xtalamiz.

«Al Ahli» Saudiya Arabistoni futbolining eng nomdor klublaridan biri hisoblanadi. Jamoa 1937 yilda tashkil topgan va 89 yillik tarixga ega.

Klub muxlislar orasida «Al Malaki» — «Qirollik klubi» hamda «Nadi Al Umma» — «Xalq klubi» laqablari bilan mashhur.

«Al Ahli» o‘z uy uchrashuvlarini Jidda shahridagi «Qirol Abdulloh Sport Siti» majmuasida joylashgan «Alinma» stadionida o‘tkazadi. Ushbu arena 62 mingdan ziyod muxlisni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi.

OSIYONING KETMA-KET IKKI KARRA CHEMPIONI

«Al Ahli» so‘nggi yillarda nafaqat Saudiya Arabistoni, balki butun Osiyoning yetakchi klublaridan biriga aylandi. Jamoa Elit Osiyo Chempionlar Ligasining amaldagi va ketma-ket ikki karra g‘olibi hisoblanadi.

Jiddaliklar 2024/2025 yilgi mavsum finalida Yaponiyaning «Kavasaki Frontale» klubini (2:0) hisobida mag‘lub etib, o‘z tarixida ilk bor Osiyo chempioniga aylangandi.

Oradan bir yil o‘tib, «Al Ahli» o‘z unvonini himoya qildi. Jamoa 2025/2026 yilgi mavsum finalida Yaponiyaning «Machida Zelviya» klubini qo‘shimcha bo‘limlarda (1:0) hisobida taslim etdi. G‘alaba goliga Firas Al Buraykan mualliflik qildi.

Shu tariqa, «Al Ahli» 2004 va 2005 yillarda «Al Ittihod» qayd etgan natijadan keyin Osiyoning asosiy klublar turnirida ketma-ket ikki marta chempion bo‘lgan ilk jamoaga aylandi.

JAMOANI MARINO PUSHICH BOSHQARMOQDA

«Al Ahli»ni ayni paytda 55 yoshli niderlandiyalik mutaxassis Marino Pushich boshqarmoqda.

U 2026 yil 6 avgust kuni klub bosh murabbiyi etib tayinlandi va 2028 yilga qadar mo‘ljallangan shartnoma imzoladi.

Pushich bunga qadar «Tvente», «Feyenoord», Donetskning «Shaxtyor» hamda BAAning «Al Jazira» klublarida faoliyat olib borgan. U «Shaxtyor» bilan Ukraina chempionligi va mamlakat kubogini qo‘lga kiritgan.

Shuningdek, «Feyenoord» murabbiylar shtabida ishlagan davrida Niderlandiya chempionligini nishonlagan.

YULDUZLI TARKIB

«Al Ahli» tarkib jihatidan Osiyodagi eng kuchli jamoalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Klubda Senegal milliy jamoasi darvozaboni Eduard Mendi, braziliyalik himoyachi Rojer Ibanez, Turkiya milliy jamoasi a’zosi Merih Demiral, braziliyalik Galeno hamda Angliya milliy jamoasida o‘ynagan Ayven Touni kabi taniqli futbolchilar faoliyat olib bormoqda.

Yozgi transfer oynasida jamoa tarkibida katta o‘zgarishlar yuz berdi. Riyod Mahrez va Frank Kessiye klubni tark etdi.

Ularning o‘rniga Portugaliya milliy jamoasi futbolchisi Fransishku Trinkau, Armaniston milliy jamoasi yetakchilaridan biri Eduard Spertsyan va ukrainalik yarimhimoyachi Artyom Bondarenko kabi futbolchilar bilan tarkib kuchaytirildi.

MAHALLIY FUTBOLCHILAR ORASIDA HAM MILLIY JAMOA A’ZOLARI KO‘P

«Al Ahli»ning mahalliy futbolchilari orasida Saudiya Arabistoni milliy jamoasi vakillari ham ko‘p.

Ali Majrashi, Ziyod Al Johani va Firas Al Buraykan 2026 yilgi jahon chempionati uchun Saudiya Arabistonining yakuniy tarkibidan joy olgan.

Bundan tashqari, Zakariya Havsavi va Solih Abu Ash Shamat ham mundial oldidan Saudiya Arabistoni milliy jamoasi yig‘iniga jalb qilingan futbolchilar hisoblanadi. Yozda «Al Hilol»dan kelib qo‘shilgan hujumchi Abdulloh Radif ham Saudiya Arabistoni milliy jamoasi safida o‘ynash tajribasiga ega.

O‘ZARO UCHRASHUVLARDA TENGLIK

«Paxtakor» va «Al Ahli» uchun bu Osiyo maydonidagi ilk uchrashuv emas.

Tomonlar shu vaqtga qadar 4 marta o‘zaro to‘qnash kelgan. Ushbu bahslarning 2 tasida «Paxtakor» g‘alaba qozongan bo‘lsa, yana 2 uchrashuv Jidda klubi foydasiga hal bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Elit Osiyo Chempionlar Ligasi 1-turidan o‘rin olgan «Al Ahli» — «Paxtakor» uchrashuvi bugun Jidda shahridagi «Alinma» stadionida bo‘lib o‘tadi.

Bahs Toshkent vaqti bilan soat 23:15 da boshlanadi.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Al-Ahli Jidda Al-Ahli Jidda
  • Paxtakor Toshkent Paxtakor Toshkent
  • Osiyo Chempionlar Ligasi Osiyo Chempionlar Ligasi
Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

10+ izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar