«Lokomotiv» o‘z maydonida «Neftchi»ni qabul qildi. O‘yin ikkala jamoa uchun qiyin kechdi. Yakunda esa toshkentliklar uyida 0:1 hisobida yengildi.
«Lokomotiv» bosh murabbiyi Mirko Yelichich esa matbuot anjumanida ishtirok etdi.
— Juda qiziqarli o‘yin bo‘ldi. Ikkala jamoa ham oxirigacha kurashishga, mehnat qilishga tayyor ekanini ko‘rsatdi. Ikki jamoa ham futbol o‘ynashga harakat qildi. Ikki tomonda ham vaziyatlar bo‘ldi. Odatda bunday o‘yinlarni kichik xatolar hal qiladi va bugungi bahsda ham shunday bo‘ldi. Himoyada yo‘l qo‘yilgan kichik bir xato o‘yin natijasini hal qildi.
Bunday o‘yinlarni tomosha qilish juda yoqimli, ayniqsa, o‘zbek futboli uchun. Ba’zida bu yerdagi o‘yinlar zerikarli o‘tib qoladi. Shuning uchun bunday muhitda, vaziyatlarga boy, ikki jamoa ham himoyada o‘tirib qolishni istamaydigan o‘yin bo‘lishi hamma uchun yoqimli.
- Futbolda so‘nggi paytlardagi o‘zgarish nimada? Yoshlar maydonga tushyapti, masalan, 16 yoshli futbolchini himoya markaziga qo‘yishyapti va u o‘zini yaxshi ko‘rsatyapti. O‘zingiz ham ko‘rdingiz, «Paxtakor» 20 yoshli futbolchini asosiy tarkibda maydonga tushiryapti va u hech qo‘rqmasdan oldinga chiqyapti. Ilgari yoshlarga deyarli imkoniyat berilmasdi.
— Agar ularda qiziqish bo‘lsa va oxirigacha harakat qilishsa, futbolda ko‘p narsani o‘rganish mumkin. Ilgari internet bo‘lmagani, televideniyeda o‘yinlar kam ko‘rsatilgani sababli bunday imkoniyatlar yo‘q edi.
Men barcha yoshlar kerakli darajada shug‘ullanyapti, deb aytmagan bo‘lardim. Avvalo, futbolga bo‘lgan muhabbat bilan bog‘liq. Ular hozir dunyodagi ko‘plab futbolchilarning qanday o‘ynayotganini ko‘ra oladi. Albatta, ulardan o‘rganishadi. Bu hozir butun dunyodagi umumiy holat.
Hozir jahon chempioni bo‘lgan Ispaniya terma jamoasi tarkibida 19 yoshli futbolchi o‘ynayapti. Bu aqlbovar qilmas holat. Bunday turnirda nafaqat o‘ynash, balki o‘zingizni asosiy futbolchi sifatida ko‘rsatishingiz ham mumkin.
Akademiyalarga hozir ko‘proq e’tibor qaratila boshlandi. Albatta, mamlakatda moliyaviy ahvol biroz qiyinlashganda, akademiyalarga e’tibor ham ortadi. Shu sababli keyinchalik yoshlar ham o‘z o‘rniga ega bo‘ladi.
O‘zbekistonda juda ko‘p iqtidorli yigitlar bor. Ular bu imkoniyatdan sharoitlar va murabbiylar orqali qanday foydalanishadi — bu boshqa masala. Yoshlarning kelajakda qanday rivojlanishini ko‘ramiz.
Men ko‘plab yosh futbolchilarni kuzataman. Faqat biz shug‘ullanadigan futbolchilarni emas, ba’zida U-14, U-16 o‘yinlariga ham borib ko‘raman. Juda ko‘p yaxshi iqtidorlar bor.
— Shuhrat Muhammadievning almashtirilishiga sabab nima — taktik qarormi yoki unda jarohat bor edimi?
— Yo‘q, bu taktik qaror edi. Maydon markazida bizga kuch yetishmayotgan edi. Masalan, Shuhrat qanotda harakat qilishi kerak edi, ammo uning ishlari biroz o‘xshamadi.
Dastlabki 25–30 daqiqada yaxshi o‘ynadik, keyin esa markazni boy bera boshladik. Shunda biz markazni kuchaytirishga qaror qildik. Markazni biroz kuchaytirib, bitta himoyachini olib tashladik.
— Dastlabki 30 daqiqa teng kurashlar ostida o‘tdi. «Lokomotiv»da golli vaziyat bo‘ldi. Raqibda esa deyarli vaziyatlar yo‘q edi. Keyin 30-daqiqadan boshlab «Neftchi» ustunlikni qo‘lga oldi va 70-daqiqagacha sizlarni ancha qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Kuchli bosimga qaramay, to‘rt himoyachili sxemaga o‘tdingiz. Aynan Yo‘ldoshevni o‘ng qanotga o‘tkazdingiz va jamoa nimadir qilishga urindi. Shushnyarning xatosi haqida nima deya olasiz? Aytaylik, u joylashib olishga ulgurmagani sababli gol yuzaga keldimi?
— Ha, bu kichik xato bo‘ldi. U bir oydan beri o‘ynamayapti. Shuning uchun, o‘tgan o‘yinda 20 daqiqa maydonga tushganini hisobga olmaganda, bu uning birinchi o‘yini edi.
Albatta, bunday paytda sezgirlik hissi biroz yo‘qoladi. Balki unga to‘pga bunchalik erta tashlanish kerak emas edi. Yana bir bor aytaman, bu kichik vaziyat edi va o‘yin taqdirini hal qildi.
Birinchi bo‘limning so‘nggi 15 daqiqasida biz o‘z rejamizni amalga oshira olmadik, o‘yinni qanday boshlagan bo‘lsak, shunday davom ettira olmadik. Keyin pozitsion jihatdan ayrim hududlarni yo‘qota boshladik. Shunda buni o‘zgartirish kerakligini his qildik.
— Demak, bu taktik emas, individual xato bo‘ldi, shundaymi? Chunki siz to‘rt himoyachiga o‘tdingiz, keyin Abraev, Bahodirov maydonga tushdi. Hatto so‘nggi 15 daqiqada Iskandarovning ham to‘pni shunchaki tepib yuborganidan hayron qoldim. Jamoangiz hatto oxirida gol urishi ham mumkin edi.
— Ha. Umuman olganda, Jasur hujumda to‘pni yo‘qotdi. U yotib qolgan edi, biz ular to‘pni maydon tashqarisiga chiqarib yuborishadi, deb o‘yladik. Lekin raqib o‘yinni davom ettirdi.
Balki futbolchilarimiz shu vaziyatda biroz to‘xtab qolishdi va konsentratsiyani yo‘qotishdi. Aytishim mumkinki, biz orqa chiziqda to‘pni biroz ko‘proq ushlab turishimiz kerakligini tushundik.
Birga-bir vaziyatlar baribir bo‘ladi, chunki himoyachilar soni hujum qilayotgan futbolchilardan kamroq bo‘ladi. Odatda bunday vaziyatlarni biz osonroq hal qilardik, biroq bu safar o‘xshamadi.
Bu tezkor, bir lahzalik qaror. Shuning uchun uni aybdor deb ayta olmaymiz. Gol o‘tkazib yuborilsa, bu vaziyatning oxiridan boshlanmaydi. Bu maydonning yuqori qismidagi birinchi vaziyatdan boshlanadi. Jamoa gol o‘tkazib yuborganda, hamma aybdor bo‘ladi. Men hech qachon aybni bir kishining zimmasiga yuklashni yoqtirmayman.
— «Lokomotiv» mavsumning ikkinchi qismida «Paxtakor» va «Navbahor» bilan durang o‘ynadi va bugun, afsuski, «Neftchi»ga yutqazdi. Agar medallar uchun kurashayotgan shu uchlikni olsak, jamoangiz o‘yin sifati bo‘yicha ushbu kuchli uchlikka qanchalik yaqin, deb hisoblaysiz?
— Bu savolga javob berish qiyin. Ayni paytda klublarning sifati, ular qanday jamoa tuza olishi va biz nimani uddalay olishimiz o‘rtasida katta farq bor. Ularning futbolchilari sifati yaxshiroq, deb aytishingiz mumkin. Men o‘zim bunday demagan bo‘lardim. Buni qog‘ozda, maoshlar miqdorida ko‘rish mumkin.
Bizdagi futbolchilarning ular bilan qanchalik raqobatlashishga tayyorligiga kelsak, ha, oradagi farq unchalik katta emas. Baribir biroz farq bor.
Bu bizning Superligaga qaytganimizdan keyingi birinchi yil. Tarkib yangidan yig‘ildi. Bu futbolchilarning ko‘pchiligi o‘tgan yili jarohatlar yoki quyi ligada o‘ynagani sababli maydonga tushmagan.
Shunday ekan, bunday jamoalar bilan raqobatlasha olayotganimiz biz uchun quvonarli. Hozir biz keyingi yil qanday qilib yanada yaxshiroq bo‘lishimiz mumkinligini izlayapmiz. Biz o‘z darajamizga qaytishni xohlaymiz», - deya Yelichichning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.