Amaldagi chempion – «Neftchi» Toshkentda «Lokomotiv»ga qarshi oʻtgan qiyin uchrashuvda 1:0 hisobida juda muhim gʻalabani qoʻlga kiritdi. Uchrashuvdan keyin fargʻonaliklar ustozi Islom Ismoilov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Oson oʻyin boʻlmasligi oldindan aniq edi. Sababi, «Lokomotiv» chempionatda sifatli va ishonchli oʻynayapti. Barcha yetakchi jamoalarga munosib qarshilik koʻrsatgan. Oxirgi oʻyinlarida tahlil qilganimizda Namanganda ochko oldi, uyida «Dinamo»ni magʻlub etdi. Shularni hisobga olgan holda bu uchrashuvga bor kuchimiz bilan, xuddi finalga qaragandek qarashga majbur boʻldik. Boisi, safarda oʻtkazishimiz kerak boʻlgan eng qiyin uchrashuvlardan biri edi. Futbolchilarga rahmat, koʻrsatmalarni toʻliq bajarishdi. Oʻylaymanki, ishonchli gʻalaba qozondik. Uzoq yoʻl bosib kelib, bizni qoʻllab-quvvatlagan muxlislarimizga minnatdorlik bildiraman. Ajoyib gʻalaba bilan butun fargʻonaliklarni tabriklayman.
- 30-daqiqadan keyin katta tashabbus «Neftchi» tomonida edi. Keyin maydonga zaxiradan uch nafar futbolchi tushdi. Shundan soʻng «Lokomotiv» qoʻshdi va imkoniyatlar yaratdi. Muammo nimada edi?
- Bunaqa uchrashuvlarda aslida zaxiradan qoʻshilib ketish ham qiyin. Zaxira – bu 50x50 lotereya. Siz chiqarayotgan futbolchi jamoaga gʻalaba keltiradi yoki jamoa oʻyiniga taʼsir oʻtkazadi. Maqsadimiz oʻyinni kuchaytirish, hujum chizigʻida uch nafar futbolchimizda charchoq alomatlari bor edi. Umuman, zich taqvim, uchta frontda kurash olib boryapmiz. OChL Elitdagi oʻyin ham juda katta kuch oldi. Shu bois uchrashuv davomida ham ertaroq almashtirishlarga majbur boʻlyapmizki, ularning holatidan kelib chiqib. 30-daqiqagacha ikkala jamoada ham imkoniyatlar boʻldi. Lekin biz birinchi boʻlimda koʻplab vaziyatlarga ega boʻldik. Oʻyin oxirida zaxiradan keyin oʻyinni oʻzgarib ketishiga sabab, bu ruhiyat bilan ham bogʻliq. Jamoa hisobni saqlab qolish uchun oʻynashga oʻtdi. Ammo biz hech qachon bunaqa koʻrsatma bermaymiz. Doimiy ravishda hisob qanaqa boʻlishidan qatʼiy nazar pressing qilish va hujumlar uyushtirish boʻyicha koʻrsatmalar beramiz. Bunaqa uchrashuvlarda ruhiyat birinchi oʻringa chiqadi. «Lokomotiv» 65-daqiqadan boshlab yoshlarni tushirdi. Qanotlarini yangilaganidan keyin ularning hujumlari ham oʻtkirlashishni boshladi. Balki jamoa pastroqda oʻynashni lozim topdi. Ammo murabbiy sifatida bunchalik chuqur himoyada oʻynashni hech qachon oʻrgatmayman yoki koʻrsatma bermayman. Oʻyindagi yuqori bosimdan kelib chiqib, balki jamoa shunaqa harakatlangan boʻlishi mumkin. Lekin mavsumning oxiri, har bir ochkoning qadri baland. Har bir xato qimmatga tushishi mumkin. Bunaqa vaziyatlarda mavsum boshida erkinroq oʻynashimiz mumkin edi. Ammo mavsum yakunlanayotgani va chempionlikka yaqinlashib borayotganimiz sari bosim oshib boryapti. Bir xil holatlarda jamoa pozitsion himoyalanishga ham majbur boʻlyapti.
- Abdugʻaniyev milliy jamoaga chaqirildi. Oʻyinni stadiondan Fabio Kannavaro ham kuzatib bordi. Futbolchi esa bir-ikki qoʻpol xatolarga yoʻl qoʻydi. Bu ruhiy bosim bilan bogʻliqmi?
- Superligani kuzatayotgan boʻlsangiz, yuqori oʻrinlardagi jamoalarning hech birida 18 yoshli bola oʻynayotgani yoʻq. Masalan, kuchli uchlikdan oladigan boʻlsak, kimda bor? Bizdan keyin «Paxtakor» va «Navbahor» turibdi. Shu jamoalarda, menimcha, maydonga tushayotgan 18 yoshli futbolchi yoʻq. Bosim yoʻq joyda istalgan oʻyinchi oʻynashi mumkin. Lekin yosh va shunaqa bosim boʻlishiga qaramasdan oʻynashga harakat qilyapti va xato boʻlishi tabiiy holat. Chunki bugungi uchrashuvning qadri baland edi. Katta bosim ostida edi. Qolaversa, milliy jamoadan taklif oldi. Hali yosh, uni ruhiyatiga taʼsir qiladi. Albatta, milliy jamoaning bosh murabbiyi toʻgʻridan-toʻgʻri oʻyinni stadionda kuzatganidan keyin futbolchidagi hayajon ikki barobar kuchayib ketdi. Nurmuhammad Abdugʻaniyevni eng kuchli tomonlaridan biri hayajonlanmaslik edi. Ammo bugun hatto unda ham shu narsa kuzatildi. Buni oʻyin harorati va bosim yuqoriligidan deb bilaman.
- Yil boshida shunaqa tarkib yigʻilganida «Neftchi» shubhasiz chempion boʻladi deyilgan edi. Ammo koʻrib turibmiz, hech qaysi jamoa darvozasini shunchaki ochib bermayapti. Mavsum siz kutgandek oʻtyaptimi yoki siz kutganingizdan ogʻir oʻtyaptimi?
- Bu fikrni kim aytganini bilmayman, bunga qoʻshilmagan boʻlardim. Toʻgʻri, tarkibimiz kuchli. Ammo «Paxtakor»ning tarkibi biznikidan kam emas. Milliy jamoaga «Paxtakor»dan qancha futbolchi chaqiryapti? 6 nafar! «Navbahor»dan 4 nafar. «Neftchi»dan esa bir nafar futbolchi chaqiryapti. Bu esa qolgan klublarning tarkibi ham kuchsiz degani emas. Bu yil chempionatda meni hayron qoldirayotgan jamoalar – «Lokomotiv» bilan «Surxon». Sababi, «Lokomotiv» qaytadan yigʻildi, koʻplab futbolchilarni taklif qildi. «Surxon» yoshlar bilan ajoyib futbol namoyish etyapti. «Neftchi» oson chempion boʻladi, degan gapga qoʻshilmayman. Tarkibimizda 6-7 nafar yetakchi oʻyinchilar jarohat olishdi. Mavsum davomida hali hech qaysi jamoa bunaqa koʻp yoʻqotishga uchragani yoʻq. «Paxtakor»ning birorta oʻyinchisi jarohat sabab 2-3 ta oʻyinni oʻtkazib yuborganini koʻrganim yoʻq. «Navbahor» barqaror ketyapti, barcha oʻyinchisi sogʻ-salomat. Bizda jarohatlar umuman koʻpayib ketdi. Endi ikkitasi tuzalgan paytda uchtasi jarohatga ketyapti. Bugungi uchrashuvda yoʻqotishlar tufayli Yovovich, Tsiger, Yoʻldoshev kabi futbolchilarimiz oʻynagani yoʻq. Ikkinchi davra boshlangandan beri hech qaysi uchrashuvda bitta tarkib bilan oʻynab, keyingisiga ham oʻsha tarkib bilan oʻynashning imkoni boʻlmayapti. Har oʻyin oʻzgarish qilishga majbur boʻlyapmiz. Oʻzbekiston chempionati doim qiyin oʻtgan. Legionerlar kelishadi va ular ham chempionatimizga yuqori baho berishadi. Masalan, Koffidan yaqinda soʻraganimizda, Oʻzbekiston chempionati bunchalik qiyinligini kutmagandim, dedi. Barcha yulduzlarni yigʻib olganimizda ham bu futbol. Mana, «Paxtakor» qimmat tarkibga ega va ikki karra OChL chempioniga qarshi safarda durang oʻynayapti. Iroqning «Air Force» klubiga «Neftchi» Fargʻonada 4-5 ta gol uradi, raqibi qiyin holatda deyishdi. Ammo bu yerga kelib, umuman boshqa futbol koʻrsatishdi. Shu bois hech qaysi oʻyin oson boʻlmaydi. Hatto, ikkinchi liga jamoasiga qarshi oʻynasak, u ham bizga jiddiy qarshilik koʻrsatishi mumkin. Oʻylaganimdek, chempionatda hamma uchrashuvlar qiyin oʻtyapti.
- Kubokda ham «Neftchi» «Lokomotiv» bilan oʻynaydi. Bugungi oʻyindan kelib chiqib, Kubokdagi boʻlajak uchrashuvni toʻliq 50x50 oʻyin desa boʻladimi?
- Hamma futbolchilarimiz sogʻ boʻlib turishsa, yaqqol favoritmiz. Bugungi oʻyinda zaxiramizda 2007-2008-yillarda tugʻilgan yoshlar oʻtiribdi. Kubokka keladigan boʻlsak, har bir oʻyinda yutish uchun harakat qilamiz. Jamoa uchchala frontda muvaffaqiyatli ishtirok etmoqchi. Kubokda ham gʻolib boʻlish uchun harakat qilamiz. Chunki jamoa bunda uzoq yillardan beri muvaffaqiyat qozonmagan. Shu bilan birga, Oʻzbekiston chempionatida ham yutish uchun bor kuchimiz bilan kurashamiz. Kubokda uyda «Lokomotiv»ga qarshi oson oʻyin boʻlmaydi. Bu oʻyin bilan keyingi uchrashuvni solishtirib boʻlmaydi. Umuman, boshqa muhit boʻladi. Futbol shunisi bilan qiziq, hech narsa oldindan rejalashtirilmaydi. Bitta oʻyin ikkinchisiga oʻxshamaydi. Albatta, ushbu uchrashuvga ham jiddiy eʼtibor qaratamiz. Xudo xohlasa, uyda gʻalaba qozonish uchun bor kuchimiz bilan harakat qilamiz», - deya Ismoilovning soʻzlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.