Live
8
O'zbek

Islom Ahmedov: «Rahbariyat qanday qarorga kelishidan qat’i nazar, uni qabul qilamiz»

Futbol
20 sentabr, 14:29
«Andijon» bosh murabbiyi «Nasaf»dan uchralgan yirik mag‘lubiyatdan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
Islom Ahmedov: «Rahbariyat qanday qarorga kelishidan qat’i nazar, uni qabul qilamiz»
Foto: FC Andijon

Superliganing 22-turida «Andijon» «Bobur arena»da «Nasaf»ga 1:4 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.

O‘yindan keyingi matbuot anjumanida mezbonlar bosh murabbiyi Islom Ahmedov qatnashdi va mag‘lubiyat sabablari haqida gapirdi.

- Bugun juda alamli mag‘lubiyat bo‘ldi. Buning uchun muxlislarimizdan uzr so‘rayman. «Nasaf» — shakllangan jamoa va ularning tezkor qarshi hujumlardan foydalanishini bilardik. Shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rgandik, o‘z sxemamizni biroz o‘zgartirgandik. Birinchi bo‘lim boshida ish berdi. Ko‘proq o‘z o‘yinimizdan kechgan holda natija uchun o‘ynashga harakat qildik. Ikkinchi bo‘limda gollar o‘tkazib yuborganimizdan keyin yana o‘z sxemamizga qaytishga qaror qildik. Yakunda qarshi hujumlardan to‘p o‘tkazib yubordik.

O‘z maydoningizlarda 5 himoyachi bilan o‘ynashga nima sabab bo‘ldi?

— Bu himoyaviy emas. Ha, himoyada 5 nafar bo‘ladi, ammo hujumga o‘z-o‘zidan almashib ketadigan sxema edi. O‘rtada o‘yinchi ko‘payardi va oldingi chiziqda 3-2-5 sxemasiga o‘tardik. Asosan qarshi hujumni o‘tkazib yubormaslik uchun qilingan uslub edi. Bugungi kungacha har bir o‘tkazayotgan o‘yinim murabbiylik faoliyatimda tajriba bo‘lyapti. Lekin bitta narsa: bilamizki, bu yer tajriba to‘playdigan joy emas. Bu yerga tajribali murabbiylar kerak. Andijon xalqimiz, muxlislarimiz ham bunday natijalarga loyiq emas. Shuning uchun rahbariyat qanday qaror qabul qilishidan qat’i nazar, uni qabul qilamiz. Aytganimdek, har bir kunimiz biz uchun tajriba bo‘lyapti.

Oxirgi paytlarda tarkibda bir qator rotatsiyalar bo‘lyapti. Barqaror tarkib yo‘q. Bunga nima sabab?

— Jamoani qabul qilib olganimizdan keyin sog‘lom muhit va sog‘lom raqobatni yo‘lga qo‘ygandik. Boshida turli rotatsiyalar qo‘llashimiz yaxshi ish berayotgandi. Natijada shu narsa ustida ishlab kelayotgandik. O‘yinga, raqibga qarab turib har bir uchrashuvda o‘ziga yarasha o‘zgarishlar qilib turgandik. Bu o‘z foydasini berayotgandi, ammo ba’zida ziyonga ham ishlashini o‘rgandik.

«Andijon» jamoasida hech qanday moliyaviy muammolari yo‘q. Agar bu borada muammo bo‘lganda ham tushunsa bo‘lardi. Lekin nima yetishmayapti?

— Moliyaviy holat bilan bog‘liq emas. O‘yinchilarimiz o‘ynashmayapti, deya olmaymiz. O‘zining darajasida borini berib o‘ynashyapti. Futbolchilarga hech qanaqa e’tiroz yo‘q. Kamchiliklarni ko‘rib chiqamiz. Balki ularni tayyorlash va o‘ynatishda biz, murabbiylar, adashayotgandirmiz.

FIFA kunlari boshlanadi. Bu tanaffusdan jamoa qanday foydalanishni rejalashtirgan?

— Bir necha kunga dam beramiz. Yigitlarimiz oilasi bilan bo‘lib, futboldan biroz chalg‘ishadi. 25-sentabrda o‘z qarorgohimizda to‘planib, tayyorgarlikni davom ettiramiz», - deya Islom G‘ulomovichning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Andijon Andijon
  • Nasaf Qarshi Nasaf Qarshi
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar