Qarshining «Nasaf» klubi safarda «Andijon» ustidan 4:1 hisobida ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi va o‘z hisobiga 3 ochkoni yozdirib qo‘ydi.
Bellashuvdan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O‘yindan oldin bizda xavotir bor edi. Yo‘qotishlar ko‘p edi. Safarda o‘ynab, uzoq yo‘l bosib keldik. Shunga qaramasdan yigitlar bu o‘yinda juda katta mehnat qilishdi. O‘yinda e’tiborli bo‘lishdi, hech qayerda diqqatni yo‘qotishmadi va himoyada yaxshi o‘ynashdi. G‘alabamizning asosiy sabablari shular bo‘ldi. Biz uchun kerakli g‘alaba edi, yigitlarga katta rahmat aytaman. Muxlislarimizni, barcha «Nasaf» a’zolarini g‘alaba bilan tabriklayman.
— Bungacha Umar Eshmurodov markaziy himoyada o‘ynardi. Bugun esa oldinroqqa chiqarildi. Bunga sabab nima edi?
- Sxemamizda o‘zgarishlar qilib turamiz. Ba’zi o‘yinlarda 3, yana ayrimlarida 4 himoyachi bo‘lib o‘ynaymiz. Bugungi uchrashuvda ham o‘rtada yo‘qotishlar borligi uchun, ikkala Rahmatovlarning jarohati borligi, Bahromovning yo‘qligi bois o‘rtani kuchaytirish uchun Umarni o‘rtaroqqa oldik. Bu borada Eshmurodovning tajribasi bor. Shu bois uni tayanch yarim himoyasiga qo‘ydik. Vazifani yaxshi bajarishdi. Tarkibimizdan kelib chiqqan holda shunday qaror qildik. Boshqacha, ya’ni, 3 ta himoyachi sxemasi bilan o‘ynashimiz ham mumkin edi. Uchrashuvdan oldin Sharof Muhiddinovning betob bo‘lib qolishi ham rejalarimizga ta’sir qildi. Umar yuklatilgan vazifani yaxshi bajardi.
— Zaxiradan maydonga tushgan yosh futbolchilardan ko‘nglingiz to‘ldimi?
— Bu yil ham yoshlarga e’tibor qaratyapmiz. O‘zlaring ham ko‘ryapsizlar, 5 nafari olimpiya jamoasida. Yana boshqalarni jalb qilyapmiz. Biz bilan bo‘lib tajribalarini oshirib borsa, ma’qul bo‘ladi.
— «Nasaf» jamoasi Andijonda oxirgi 4 o‘yindan beri g‘alaba qozona olmay kelayotgandi. Bugun yirik hisobda yutishlaringni kutganmidingiz?
- To‘g‘risi, g‘alabani o‘ylab chiqamiz-u, ammo bu hisobda yengishimizni o‘ylamagandik. Chunki boya aytganimdek, bizda xavotirlar bor edi. Uzoq masofada qiyin o‘yin o‘tkazib keldik, o‘yinchilarni yo‘qotdik. Qolaversa, doim «Andijon» jamoasi o‘z maydonida juda keskin o‘yin ko‘rsatishi, tajribali futbolchilari borligi bizni xavotirda ushlab turgandi. Shunga qaramasdan futbolchilarimiz juda tartibli va aqlli harakat qilishdi. Bu g‘alabaga munosib o‘ynashdi.
— Uchinchi to‘pni darvozabon Abduvohid Ne’matov penaltidan kiritdi. Bu sizning ko‘rsat...mangizdimi yoki darvozabon o‘zi xohladimi?
— Bizda Sharof penaltillarni amalga oshiradi. O‘zi bu yil biz juda kam penalti tepyapmiz. Lekin bilasizlar, Abduvohidning bu borada tajribasi bor. Oldin ham penaltillarni amalga oshirgan. Shu bois unga topshirdik va ajoyib bajardi», — deya Ro‘ziqul Sa’dullayevichning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.
Ro‘ziqul Berdiyev: «Bunday yirik hisobdagi g‘alabani kutmagandik»
Futbol
20 sentabr, 14:06
«Nasaf» bosh murabbiyi Andijondagi ishonchli g‘alabadan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Foto: FC Nasaf