«Lokomotiv» bosh murabbiyi Mirko Yelichich O‘zbekiston kubogi nimchorak final bosqichi doirasida «Bunyodkor»ga qarshi bo‘lib o‘tgan bahs borasida o‘z fikrini bildirib o‘tdi.
— Juda jangovar o‘yinni ko‘rdik. «Bunyodkor» yosh futbolchilari va yangi murabbiyi evaziga bu o‘yinga yaxshi kayfiyatda kelishini bilardik. Klubning akademiyasi juda yaxshi, 21–22 yoshli tayyor futbolchilar chiqmoqda. Ular bilan yaxshi futbol o‘ynasa bo‘ladi. «Bunyodkor» uchun afsusdaman, bunday yigitlarni, bu klubni saqlab qolish kerak. Ularga omad tilayman va chiroyli o‘yin uchun rahmat aytaman. O‘zimizga keladigan bo‘lsak, barchasi o‘rtacha bo‘ldi. Yaxshi tomonlar ham, yomonlari ham bor. O‘z golimizni urib olganimiz uchun katta bosimga duch keldik.
— Bittagina gol urilgan bo‘lsa-da, ikkala jamoada ko‘plab imkoniyatlar yuzaga keldi.
— Ochiq o‘yin bo‘ldi. Jamoalar shunday o‘yin ko‘rsatishga tayyor. Tezlik ko‘rsatishyapti, taslim bo‘lishmayapti. Qiziqarli o‘yinlar ko‘paymoqda.
— «Bunyodkor»ga qarshi o‘tgan safargi o‘yin ham deyarli shunday bo‘lgandi: «Lokomotiv»da ko‘p vaziyat bo‘lmagan, lekin realizatsiya yaxshi bo‘lgan. Bugun esa «Bunyodkor»da ham, sizning jamoangizda ham yetarlicha vaziyatlar bo‘ldi. «Lokomotiv» 6–7 ta gol urishi ham mumkin edi.
— Futbol shunaqa. Ba’zida to‘rtta vaziyatdan to‘rttasini ursa bo‘ladi, ba’zida 12 tasidan bittasini. Balki bunda hujumchining mahoratini ayblash mumkin. Lekin kecha «Al Ahli»ga qarshi o‘yinda katta pul olayotgan hujumchining gol ura olmayotganini ham ko‘rishimiz mumkin. Muhimi, biz vaziyatlar yaratyapmiz, bu yaxshi. Vaziyatlar yaratmaslik esa juda yomon. Bu esa o‘yin uslubiga bog‘liq. Biz esa bundan mamnunmiz.
— O‘tgan safargi matbuot anjumanida Jasur Yaxshiboyev haqida savol bergandim. U so‘nggi 6 o‘yinda 4 ta gol urdi. Uning terma jamoaga qaytishi borasida biror yangilik bormi?
— Bu borada biror nima bilmayman. Ular qanday uslubdagi jamoa yig‘ishlari haqida xabarim yo‘q. Milliy jamoaning ayrim murabbiylari o‘yinlarimizga kelishdi. Ular vingerni ko‘rishdimi yoki boshqa futbolchimi, to‘g‘risi, ma’lumot berishmadi. Balki bu safar talablar va vazifalar boshqachadir. Albatta, buning uchun uning sifati yetarli. Faqatgina tezroq u o‘z iqtidori va sifatini ochib bera olishi kerak. Bu boshqa masala. Futbolchilar klubida boshqacha, milliyda boshqacha o‘yin uslubida o‘ynashadi. Ayni damda uning o‘yinlaridan mamnunmiz.
— Oradan 5 kun o‘tib, «Neftchi»ga qarshi o‘yin. Bu borada nima deya olasiz?
— «Paxtakor» bilan birgalikda «Neftchi» Superligada yuqori vazifa qo‘ygan. Albatta, ular ham bu o‘yinga yaxshigina tayyorlanishadi va bizga bosim qilishadi. Biz esa ochiq o‘yin ko‘rsatishni istaymiz. Biz o‘z oldimizga qo‘ygan vazifamizni bajarish uchun oxirigacha kurashamiz. Ko‘ramiz. Lekin aniq qiziq o‘yin bo‘ladi.
— «Neftchi»ga qarshi ilk o‘yinni ko‘rgandim. O‘shanda jamoa kuchni to‘liq taqsimlay olmagan. 70 daqiqa katta hajmli hujumlar uyushtirgan, keyin esa kuch qolmadi va «Neftchi»ning hujumlari ko‘paydi. «Lokomotiv» taymingni his qila olmadi va yo‘qotilgan kuch sababli ikkita gol o‘tkazib yubordi.
— O‘shanda mavsumning boshi edi. Jamoa barcha bir-birini tushunib olishi uchun 4–5 ta o‘yin kerak edi. Mavsum oldidan ikki oylik yig‘in ham bor, lekin u rasmiy o‘yinlarning o‘rnini bosa olmaydi. O‘shanda biz barchasini to‘g‘ri taqsimlay olmayotgandik. Tarkib yangidan yig‘ilgan, futbolchilar bir-birini tushunishi qiyin bo‘layotgandi. Nafaqat jismonan, balki taktik jihatdan ham toblanish uchun yangi jamoaga vaqt kerak bo‘ladi. Hamma bir-birini tushunsa, jismonan kamroq kuch ketadi, to‘p kam yo‘qotiladi va o‘yin ko‘proq nazorat ostida bo‘ladi.