Yozgi transfer oynasi so‘nggi kunida «Metallurg» klubi tajribali himoyachi Najmiddin Normurodovni o‘z safiga qo‘shib oldi. Bunga qadar u «Bunyodkor» safida jamoa sardori va yetakchi futbolchisi sifatida o‘ynab kelayotgandi. Normurodovning bekobodliklar safini to‘ldirishi kutilmaganda amalga oshirildi deyish mumkin.
Tribuna.uz nashri Najmiddin bilan suhbatlashdi. Unda «qaldirg‘ochlar»ni tark etishi, nima sababdan bekobodliklar bilan shartnoma imzolagani borasida futbolchining fikrlarini oldi.
«Bunyodkor»ni tark etishi haqida
- To‘g‘risi, «Bunyodkor»ni tark etish niyatim yo‘q edi. Klub direktori, sport direktori va bosh murabbiy jamoada pul bo‘lishiga ishontirgandi. Hukumat tomonidan beriladigan puldan bizning maoshlarimiz qoplash berishlarini aytgandi. Kamida 5 oylik maoshlarimiz to‘lanishi aytilgandi. Biroq klub hisob raqamiga pul kelib tushish jarayoni cho‘zilib ketdi. Qarasam, jamoadag ketmasam bo‘lmasdi. Chunki aynan futbol orqali oilamizni ta’minlaymiz. Boshqa joydan keladigan daromadimiz yo‘q. Aynan shu jihatlar sabab jamoani tark etdim.
Jamoadagi moliyaviy holat haqida
- Moliyaviy holat haqiqatdan ham bor og‘ir edi. Maosh va mukofot pullari berilmagandi. Nafaqat biz futbolchilar, klub tizimida mehnat qilayotgan barcha ishchi-xodimlar ham maoshsiz ishlab kelayotgandi. Men ketishimga qadar shunaqa vaziyat edi. Hozir bergan yoki bermaganidan bexabarman. Bundan tashqari, bazada ham muammolar bo‘lib, issiq suv yo‘qligini ayta olaman. Yoz kunlari bu normal holat bo‘lishi mumkin. Ammo kun sovugan vaqtda issiq suv bo‘lmasligi yaxshi emas. Ayrim kunlar elektr chiroqlar o‘chib qoldi. Yozning chillasi kunlari xonada elektr chiroqlar bo‘lmasligi qanday oqibatlarga olib kelishini tasavvur qiling. Moliyaviy holat shu darajaga yetdiki, «Qizilqum» bilan mehmondagi bellashuvga borish uchun pul topilmadi.
«Metallurg»ga o‘tishi haqida
- Menda Superliganing 5 yoki 6 ta jamoasidan taklif bor edi. Faqat o‘zim tanlov qilishim qolgandi. Ammo «Bunyodkor»da vaziyat o‘zgarishi va pullar berilishi haqida va’dalarga ishonib, barcha oldimda turgan takliflarni rad etib keldim. Chunki «qaldirg‘ochlar»da qariyb 2,5 yil davomida o‘ynadim. Jamoani shunchaki tashlab keta olmasdim. Shunga barcha takliflarni rad etib, jamoada qolishimni aytdim. Ammo vaziyat shu darajaga yetdiki, transfer oynasining so‘nggi kunida ketishga qaror qildim. Chunki pullarni berilishiga ishonch qolmadi. «Metallurg» jiddiy taklif bilan aloqaga chiqdi va buni qabul qilishga qaror qildim. Keyinchalik Superligadan menga taklif bilan chiqqan jamoalarim qarorimdan xafa bo‘lishdi. Men ularga qolishimni aytgandim. Lekin vaziyat aslida qanday ekanligini ular bilmasdi.
«Bunyodkor»ning Superligada qolish imkoniyati haqida
- Qiyin bo‘ladi, lekin ligada qolish vazifani uddasidan chiqsa bo‘ladi. Har holda jamoa ancha yoshlar bilan o‘ynamoqda. Murabbiy ham o‘zgardi. Baribir, u birdaniga vaziyatni o‘zgartirib yubora olmaydi. Ishonamanki, jamoa mavsum yakuniga qadar Superligada qolishning uddasidan chiqadi.
«Metallurg»ning elitaga qaytish ehtimoli haqida
- To‘g‘ridan to‘g‘ri Superliga yo‘llanmasiga ega bo‘lish imkoniyati bizning qo‘limizda emas. Chunki «Orol» turnir jadvalida peshqadam. Biz nafaqat ularning ochko yo‘qotishini kutishimiz, shu bilan birgalikda qoqilmasdan harakat qilishmiz kerak. O‘ylaymanki, «Metallurg» bilan elitaga qayta olamiz. Buning uchun qolgan bahslarda muvaffaqiyatli odimlashimiz kerak. Jamoada davralar oralig‘ida ko‘p o‘zgarishlar bo‘ldi, natijada g‘alabali seriyamizni davom ettiryapmiz.
«Bunyodkor»dagi faoliyati haqida
- Bu jamoada faqat va faqat xotiralar bilan tark etdim. To‘g‘ri, bu mavsumda moliyaviy holat yomonlashib, o‘zim istamagan holda tark etdim. Lekin klubda o‘tkazgan 2,5 yillik faoliyatim ko‘ngildagidek kechdi. Futbolchi sifatida yanada o‘sdim, ko‘pchilik yanada tanishiga sababchi bo‘ldi. Jamoa sardori sifatida ko‘p o‘yinlarda ishtirok etdim. Xullas, hammasi yaxshi bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytsam, «Bunyodkor»dagi faoliyatim men uchun foydali bo‘ldi.
Sobiq jamoalarining bugungi kundagi holati haqida
- Hozirgi kunda sobiq jamoalarim – «Mash’al» va «Bunyodkor»ning turnir jadvalidagi holatini ko‘rish yoqimsiz. Muborak klubi meni katta futbolga qaytargan. 2019 yilda faoliyatni yakunlagan joyida menga imkoniyat bergan. Yana futbol o‘ynadim va shu klubdagi harakalarim sabab «Bunyodkor»ga transfer qilindim. Toshkent klubida yanada o‘sishga erishdim. Qisqasi, bu jamoalar o‘zlari uchun munosib bo‘lmagan o‘rinda bormoqda. Bu jamoalar vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirishiga ishonaman.