O‘zbekiston Kubogi 1\8 final doirasida «Andijon» Proliga a’zosi – «Olimpik Mobiuz» jamoasini qabul qildi. Asosiy vaqt 2:2 hisobida yakunlandi. Ekstra taymlarda ham hisob o‘zgarmadi. Penaltilar seriyasida esa maydon egalari 5:4 hisobida g‘alaba qozondi va chorak finalga chiqdi.
Penaltilar seriyasida raqibning oxirgi zarbasini qaytargan darvozabon Eldor Adhamov tabiiyki, uchrashuv qahramoniga aylandi. Uchrashuvdan keyin darvozabon bir qator savollarga javob qaytardi.
- O‘yin haqidagi taassurotlaringiz qanday bo‘ldi?
- Qiyin bo‘lishini bilardik. Chunki bunday jamoalarga qarshi avvalo «nastroy» qilishning o‘zi qiyin. Boz ustiga «Olimpik Mobiuz» yoshlardan tashkil topgan, yaxshi loyiha. Terma jamoalarga nomzodlarni yetkazib beradi. U yerdagi barchasi iqtidorli yigitlar. Qarshi hujum xavfli bo‘lishini bilib turgandik. Ammo birinchi bo‘limda umuman muammo bo‘lgani yo‘q. Ikkita gol urganimizdan keyin menimcha g‘alaba qozondik, deb o‘ylab biroz bo‘shashdik. Erta xotirjamlikka berilganimiz evaziga ikkita gol o‘tkazib yubordik. Ammo o‘zimizni tez qo‘lga olib, yana hujum qilishni boshladik. So‘nggi daqiqagacha raqibni xavf ostida ushlab turdik. Ammo omadimiz kelmadi. G‘alaba baribir penaltilar seriyasiga yozilgan ekan, yuzimiz yorug‘ bo‘ldi.
- Yakunda o‘yin qahramoniga aylandingiz. Penaltilar seriyasidagi oxirgi zarbada qutqardingiz. O‘sha holatni qanday izohlagan bo‘lardingiz?
- O‘shanda raqib futbolchisining ko‘ziga qarayotganimda biroz hayajonlanayotganini bildim va burchakka tepa olmaydi, deb o‘yladim. Bunaqa holatda ko‘pchilik tavakkal qilishga qo‘rqadi. Qayerga tepishini o‘yladim. Hatto, oxirgi lahzada ham to‘p darvozaga kirib ketyapti deb o‘yladim. Xudoga shukr, reaksiya bo‘lib, oyog‘im bilan qaytardim.
- Penaltilar seriyasida aksariyat zarbalarning yo‘nalishini topgandingiz. Qolaversa, zarba berishdan oldin raqib futbolchilariga ham nimadir dedingiz...
- Bu mening shaxsiy sirim. Nimadirlar deyish ko‘p narsani hal qilmaydi. Hammasi Xudodan. Bu shunchaki, futbolchilarni chalg‘itish uchun ishlatiladigan oddiy narsa. Ko‘pincha futbolchilarni muvozanatini yo‘qotishga sabab bo‘lib, ish berib qoladi. Zarba tepayotgan oxirgi futbolchi hayajonlanib qoldi.
- Jamoa 2:0 hisobida oldinda edi, keyin hisob tenglashdi. Ekstra taymlar va penaltilar seriyasi. O‘yindan oldin bunday reja umuman bo‘lmagan bo‘lsa kerak...
- Yo‘q, hattoki, uyga qaytishga samolyotga bilet ham olib qo‘ygandim, chunki osonlik bilan yutamiz, deb o‘ylagandik. Hammasi kuyib ketdi. Lekin yana bir marta bizga dars bo‘ldi. Aslida raqibga yengil qaramagandik. Faqat 2:0 dan keyin biroz bo‘shashdik.
- «Andijon» chorak finalga chiqdi. Qaysi raqibni kutyapsiz?
- Kuchliroq raqib bo‘lsa ham yaxshiroq bo‘lardi. Chunki bugungidek raqiblarga qarshi «nastroy» qilish qiyinroq.
- 20 sentyabr kuni «Nasaf»ga qarshi o‘tadigan o‘yin oldidan nima degan bo‘lardingiz?
- Bir kun dam bo‘ladi. Bu umuman boshqacha o‘yin bo‘ladi. Mahoratli o‘yinchilarga ega. Bunday paytda xohlaysizmi-yo‘qmi, azart qattiq uyg‘onadi. Xudo xohlasa, g‘alaba qozonib muxlislarni xursand qilamiz.
Eldor Adhamov: «Keyingi bosqichda kuchliroq jamoa tushishini xohlardim»
Eksklyuziv
16 sentabr, 02:42
«Olimpik Mobiuz»ga qarshi bahsdan so‘ng Adhamov Tribuna.uz uchun eksklyuziv intervyu berdi.
Фото: Андижон ПФК
15.09.2026
AP
Oʻzbekiston Kubogi
Andijon
(5)
2
:
2
(4)
Olimpik Mobiuz