Live
1
O'zbek

Andrey Miklyaev: «O‘yin shaxsan menga yoqdi»

Futbol
15 sentabr, 16:34
«Olimpik Mobiuz» sport direktori Andrey Miklyaev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Andrey Miklyaev: «O‘yin shaxsan menga yoqdi»
Фото: Олимпик-МобиУз
15.09.2026 AP Oʻzbekiston Kubogi Andijon Andijon (5) 2 : 2 (4) Olimpik Mobiuz Olimpik Mobiuz

O‘zbekiston Kubogi 1/8 final doirasidagi «Andijon» – «Olimpik Mobiuz» uchrashuvidan keyin mehmonlar sport direktori Andrey Miklyaev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

— Nima deyish mumkin? Menimcha, bugungi o‘yin barchaga, jumladan, muxlislarga ham yoqdi.

- Albatta, o‘zingiz tushunasiz, kubok bahslari doimo yuqori shiddat va keskinlik ostida o‘tadi. Biz uchun «Andijon» o‘ziga xos prinsipial raqib edi. Biz ham futbol o‘ynay olishimizni ko‘rsatishni xohladik. Menimcha, bugun buni uddaladik.

Umuman olganda, o‘yin shaxsan menga yoqdi. Hatto 0:2 hisobida ortda borayotganimizda ham o‘yinga qaytishning uddasidan chiqdik. Eng muhimi, chuqur himoyaga yopilib olmadik. Biz bugun g‘alaba qozonishimiz ham, mag‘lub bo‘lishimiz ham mumkin edi — men aynan o‘yinning o‘zi haqida gapiryapman. Penaltilar seriyasi esa... o‘zingiz bilasiz, penalti — lotereya.

Butun jahon chempionatini ham ko‘rdik, u yerda ham shunday holatlar bo‘lgan. Albatta, biroz alamli. Hozir yigitlar xafa, ayrimlari yig‘layapti. Ammo futbol shu — penaltilar seriyasi. «Andijon» jamoasini keyingi bosqichga chiqqanligi bilan tabriklayman va ularga kelgusi o‘yinlarda omad tilayman.

— Jamoani 120 daqiqa davomida qutqarib kelgan darvozabonni penaltilar seriyasi oldidan almashtirishga nima sabab bo‘ldi? Axir ruhiy tomondan ham birinchi darvozabon penaltilar seriyasiga tayyor edi. Ikkinchi darvozabon esa qiynalib qoldi va birorta penaltini qaytarishning uddasidan chiqa olmadi. Nega bunday qaror qabul qilindi? Birinchi darvozabon qolgani yaxshiroq emasmi edi?

— Nega darvozabonni almashtirdik? Mashg‘ulotlarda biz penaltilar seriyasiga ham tayyorgarlik ko‘ramiz. Ba’zida mashg‘ulot paytida penaltilar tepamiz. Ikkinchi darvozabonning ham penaltilar paytida o‘zini yaxshi ko‘rsatish imkoniyati bor, deb hisobladik.

Bizda darvozabonlar murabbiyi bor va aynan u ham shu masalada o‘z fikrini bildirdi. Umuman olganda, qaror shu tarzda qabul qilindi: u darvozada penaltilarni yaxshi taxmin qila oladi, deb o‘yladik. Ammo ko‘rib turganingizdek, bu safar taxminlarimiz o‘zini oqlamadi. U birorta penaltini qaytara olmadi. Bunday holatlar futbolda bo‘lib turadi.

— Yaponiyada bo‘lib o‘tayotgan Osiyo chempionatiga jamoangizdan bir nechta futbolchi chaqirilgan. Ularning bugun maydonda yo‘qligi qanchalik sezildi?

— Bilasiz, hozir Yaponiyada Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tmoqda. Jamoamizdan bir nechta futbolchi terma jamoaga chaqirilgan. To‘rt nafar futbolchimiz hozir terma jamoa tarkibida. Bosh murabbiyimiz ham u yerda.

Shu sababli bugungi matbuot anjumanida jamoa nomidan men ishtirok etyapman. Bundan tashqari, yordamchi murabbiyimizda qizil kartochka bor.

Shu fursatdan foydalanib, Osiyo o‘yinlarida ishtirok etayotgan milliy terma jamoamizga ham omad tilaymiz. Bugun, agar bilsangiz, ular Filippin terma jamoasini 5:1 hisobida mag‘lub etishdi. Kelgusi o‘yinlarda ham ularga omad tilaymiz. Biz esa bu yerda o‘z vazifalarimizni bajarishda davom etamiz.

— Lekin «Olimpik Mobiuz» Pro ligada o‘rtamiyonalar qatorida. Jamoaga nima yetishmayapti? Axir bugungi o‘yindagidek futbol ko‘rsatish mumkin ekan-ku?

— Yaxshi savol. Pro ligada biz, umuman olganda, jamoa shakllantirish bilan shug‘ullanyapmiz. O‘tgan mavsumdan keyin jamoamizni sakkiz nafar futbolchi tark etdi. Qolaversa, ularning barchasi Superliga jamoalariga o‘tib ketishdi. Masalan, Farg‘ona klubi ikki nafar futbolchimizni oldi. «Qizilqum»ga ham, «Nasaf»ga ham futbolchilarimiz o‘tishdi.

Albatta, futbolchilar yuqori bosqichga ko‘tarilayotgan bo‘lsa, biz ularni rag‘batlantirishimiz va qo‘yib yuborishimiz kerak. Ularning o‘rniga esa boshqa futbolchilar keldi. Albatta, yangi futbolchilarni jamoaga moslashtirish va yaxlit jamoani shakllantirish uchun ma’lum vaqt kerak.

Shu tariqa asta-sekin jamoani shakllantiryapmiz. Biz yosh futbolchilarni tarbiyalash uchun ishlayapmiz. Ular kelajakda Superligada o‘ynay oladigan darajaga yetishishini xohlaymiz. Chunki o‘zingiz tushunasiz, barcha futbolchilar Superligada o‘ynashni istaydi.

Biz ham aynan shu maqsadda ishlayapmiz. Agar bizning futbolchilarimizni Superliga klublari olayotgan bo‘lsa, demak, biz ularni yaxshi tarbiyalaganmiz. Demak, ularga talab bor. Shuning uchun futbolchilarimizning jamoadan ketishi biz uchun bir tomondan yo‘qotish bo‘lsa-da, boshqa tomondan bu ularning o‘sishi uchun yaxshi imkoniyat.

Hatto so‘nggi transfer oynasida ham bir nafar hujumchimiz jamoani tark etdi. Hozir u Samarqandda o‘ynayapti. G‘afur Haydarov. Albatta, uning ketishi biz uchun yo‘qotish. Lekin u Superligaga o‘tdi. Bu uning o‘zi uchun ham yaxshi. Demak, uni Superliga klubi tanladi. Bu esa biz uni to‘g‘ri tarbiyalaganimizni anglatadi.
Endi u yerda o‘ynasin, yanada rivojlansin. Biz esa o‘z ishimizni davom ettiramiz. Yosh futbolchilarni tarbiyalaymiz va boshqa yigitlarni ham yuqori darajaga olib chiqishga harakat qilamiz.

— Tarkibda andijonlik bir qator futbolchilar ham bor edi. Ularning o‘yinini qanday baholaysiz?

— Ha, ularni asosiy tarkib futbolchilari, deb aytish mumkin. Ular asosiy tarkibda maydonga tushib, o‘yinlarda ishtirok etishyapti.
Umuman, biz Shukurdan ham, Panjidan ham mamnunmiz. Bilasizmi, bizdagi futbolchilarning deyarli barchasi bir yoshdagi yigitlar. 2005 va 2006-yillarda tug‘ilganlar. Yosh jihatidan hammasi deyarli teng.
Shukur va Panji esa hozir jamoada yetakchilik qilayotgan futbolchilardan hisoblanadi.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Andijon Andijon
  • Olimpik Mobiuz Olimpik Mobiuz
  • Oʻzbekiston Kubogi Oʻzbekiston Kubogi
Bugungi yangiliklar